Bishkek-O‘sh avtomobil yo‘lida mingdan ortiq mashina yig‘ilib qolgan

Image caption Norozi odamlar "Xalq gubernatori"Madir Usenov va "Ata Jurt" deputatlarini tezlikda chiqarishni talab qilishmoqda.

Qirg‘izistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, "Xalq gubernatori" Meder Usenovning ushlab ketilganidan norozi odamlar Bishkek-O‘sh shoh yo‘lini to‘sishda davom etishmoqda.

AKIpress xabar agentligining yozishicha, yo‘lning ikkala tomonida mingdan ortiq mashina yig‘ilib qolib, haydovchilarning g‘azabini qo‘zg‘agan.

Shunga qaramasdan, yo‘lga yurtalarini o‘rnatib olgan odamlar "Ata Jurt" deputatlarini ozod qilish masalasini tezlashtirishni va Meder Usenovni qo‘yvorishni talab qilib turishibdi.

Namoyishchilar va haydovchilar orasida dahanaki tortishuvlar kuzatilgan. Namoyishchilar orasida tushuntirish ishlari olib borayotgan militsiya xodimlari masalani tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, Bishkek-O‘sh yo‘lida paydo bo‘lgan tiqilinchda bir mashina yonib ketgan, qurbonlar borligi aytilgan. Yong‘inga nima sabab bo‘lgani o‘rganilmoqda.

Ayni paytda, Prezident Almazbek Atamboyev "Qumtor" koni joylashgan Jeta O‘g‘uz tumanida "vaziyatning barqarorlashi munosabati bilan" kommendantlik soatini muddatidan oldin bekor qilgan. Favqulodda holat 10 iyungacha davom etishi kutilayotgan edi.

Qirg‘iziston rasmiylarining bildirishicha, Jalolobod shahrida vaziyat yaxshilangan. Barcha davlat tashkilotlari o‘z tartibida ishlayapti.

Hokimiyat vakillariga ko‘ra, jalolobodliklar yana boshlangan noroziliklardan xavotirdalar.

"Xalq gubernatori"nega o‘g‘irlandi?

2 iyun kuni o‘zini Qirg‘iziston janubidagi Jalolobod viloyatining "xalq gubernatori" deb e‘lon qilgan Meder Usenov o‘g‘irlab ketilgan edi.

Qirg‘iziston kuchishlatar tizimlari Meder Usenovning g‘oyib bo‘lishida o‘zlarining aloqalari borligini rad etganlar, bu Usenov atrofidagilarning shov-shuv tarqatish maqsadidagi amallari bo‘lishi mumkin, deb aytganlar.

Chindan ham bu xabar tarqalganidan keyin Jalolobod viloyati hokimligi binosiga odamlar to‘plana boshlagan.

Kechga yaqin Qirg‘iziston xavfsizlik qo‘mitasi xabar tarqatgan, unda Meder Usenovga qarshi hokimiyatni kuch bilan bosib olish bandi bo‘yicha jinoiy ish ochilgani ma‘lum qilingan.

Meder Usenovning Bishkek shahriga olib ketilgani xabar qilingan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi "Qumtor" oltin koni milliylashtirilishi talabi bilan Qirg‘iziston shimolidagi bir necha kundan buyon norozilik amaliyotlari bo‘lib o‘tgan Jeti O‘g‘uz tumanida vaziyat yaxshilanayotganini bildirgan.

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘zini "xalq gubernatori" deb e‘lon qilgan Meder Usenov masalasi 4 iyunda mahkamada ko‘riladi.