Ivan Shimonovich: O‘zbekistonda qiynoqlar ancha keng tarqalgan ko‘rinadi

Image caption "Qonunchilikda va ba‘zi siyosiy dasturlarda biroz o‘zgarishlar yuz berdi, lekin qiynoqlar muammo bo‘lib qolmoqda va ancha keng tarqalgan ko‘rinadi".

O‘zbekiston bu hafta juda nufuzli BMT mulozimiga mezbonlik qildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha bosh kotibi Ivan Shimonovich Toshkentga ikki kunlik safarini yakunladi. Toshkentga ko‘p yillardan beri bu kabi yuqori darajali inson haqlari faoli kiritilmagan. Ko‘plar oxirgi bunday safarni eslashganda, 10 yil avval BMTning maxsus ma‘ruzachisi Teo van Boven O‘zbekistonga qilgan ikki haftalik safarini va "qiynoqlar muntazam qo‘llaniladi" degan bayonotini eslaydilar. Xo‘sh, hozirgi vaziyat farqlimi? Nyu Yorkka qaytgan janob Shimonovichga biz ana shu savol bilan murojaat qildik.

Ivan Shimonovich: Qonunchilikda va ba‘zi siyosiy dasturlarda biroz o‘zgarishlar yuz berdi, lekin qiynoqlar muammo bo‘lib qolmoqda va ancha keng tarqalgan ko‘rinadi. Bu masalani O‘zbekiston tashqi ishlar, ichki ishlar va adliya vazirlari bilan ko‘tardik va mustaqil kuzatuv idorasini tuzish kerakligiga urg‘u berdik. Bu idora vakillari qamoqxonalar, militsiya xibsxonalari va o‘z ixtiyoriga qarshi odamlar ushlab turiladigan ruhiy shifoxonalarga bemalol kira olishlari uchun yo‘l ochib berilishi kerak bo‘ladi.

BBC: O‘zbekiston hukumati bu kabi idora tuziliga rozi bo‘layaptimi?

Ivan Shimonovich: Ular bu fikrni hisobga olishayapti. Xavotirga solayotgani shuki, bir oycha avval Xalqaro Qizil Hoch jamiyati O‘zbekistondan chiqib ketdi va unga turmalardagi kuzatuv ishlari uchun yetarlicha yo‘l ochib berilmaganini aytdi. Bu juda ham xavotirli vaziyat va aynan shu masala ko‘pgina uchrashuvlarimning diqqat markazida bo‘ldi.

BBC: Qiynoqlar ancha keng tarqalgan degan bayonotingizga qaytsak. Bu 10 yil avval Teo Van Boven "O‘zbekistonda qiynoqlar muntazam ravishda qo‘llaniladi" degan bayonotidan farq qiladi.

Ivan Shimonovich: Agar adashmasam, Teo Van Boven O‘zbekistonda qiynoqlar "muntazam va keng tarqalgan" deb aytgandi. Men uchun ikki kunlik safar davomida qiynoqlar qanchalar muntazam qo‘llanilishi va qanchalar keng tarqalganini chamalash qiyin. Lekin, qiynoqlar mavjudligi ayon. Bularning sirasiga majburiy iqrornomalar olish va qiynoqlarni jazo usuli sifatida qo‘llash holatlari ham kiradi. Bularning ikkisi ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan tajriba. Agar O‘zbekiston qiynoqlarga qarshi konventsiyaga ilova qilingan ixtiyoriy protokolni tasdiqlasa olam guliston bo‘lar edi. Bu protokol mustaqil kuzatuv idorasi tuzilishi borasidagi shart-sharoitlarni ishlab chiqargan. Lekin, men shuni sezdimki O‘zbekiston bu protokolni tasdiqlashni istamayapti. Lekin, ayni damda bu kabi idoraning tuzilishiga ham qarshi chiqmayapti. Agar bu idora tuzilsa, vaziyat ancha yaxshilangan bo‘lardi.

BBC: Lekin, O‘zbekistonda rasmiy inson huquqlari idoralari bor. Yana bir kuzatuv idorasining faoliyati faqat qog‘ozda bo‘ladi deb o‘ylamaysizmi?

Ivan Shimonovich: Bir tarafdan, ha, shunday. Lekin, ayni damda ba‘zi ijobiy taraflarini ham inkor qilmaslik kerak. O‘zbekistonda parlament ombudsmeni bor, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bor. Biroq, bu idoralar mustaqil hisoblanmaydi. Shuning uchun ham, yangi kuzatuv idorasi davlat ta‘siridan mustaqil bo‘lishi kerak degan talab ilgari surilayapti. Ular hukumat kuchlari tomonidan toptalayotgan inson huquqlari hollarini mustaqil tarzda kuzatishlariga imkon berilishi kerak bo‘ladi.

BBC: O‘zbekiston yaqinda Andijon mavzusi butkul yopiq dedi, lekin siz bu mavzuni ko‘tardingiz. Sizga ham bu mavzu yopiqligi aytildimi?

Ivan Shimonovich: Ha, bir necha bor aytildi. Lekin, Andijon mavzusini muhokama qilish muhimligiga ikkita sabab bor. Biz Andijon voqeasining ildizidagi muammolar to‘laligicha va shaffof tarzda tergov qilingan deb o‘ylamaymiz. Undan tashqari, oddiy fuqarolarga qarshi hukumat qo‘shinlari tomonidan keragidan ortiq kuch ishlatilgani borasida to‘la ma‘lumotga ega bo‘lishimiz kerak. Bu nafaqat adolatga erishish yoki jazosizlikka qarshi kurash uchun kerak, balki bu kelajakda terror yoki boshqa xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurash qanday olib borilishini bilish uchun kerak. Albatta, terror tahdidlari bor, lekin bu tahdidlarni bartaraf etish jarayonida siz inson huquqlarini va qonunni hurmat qilishingiz shart. Bu nafaqat ahloqiy masala. Bu tahdidlarga qarshi kurashni ham samaraliroq qiladi. Chunki agar inson huquqlarini va din erkinligini hurmat qilsangiz va aholining keng dastagiga ega bo‘lsangiz, ektremist kuchlarga o‘z saflariga odamlarni yollash qiyinroq bo‘ladi.