Turkiya: Istanbulda noroziliklar davom etmoqda

Istanbulda politsiya tinch namoyishchilarga qarshi suv va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanganidan so‘ng boshlangan to‘qnashuvlar ikkinchi kundirki tinmayapti.

Hukumatga qarshi namoyishlarga aylanib ketgan noroziliklar tez sur‘atlarda Turkiyaning boshqa shaharlariga, xususan Anqara, Izmir va Bodrumga ham tarqalgan.

Tartibsizliklarda kamida 60 kishi hibsga olingan, yuzdan ortiq inson yaralangan. Yaradorlardan birining ahvoli og‘irligi aytilmoqda,- deb xabar beradi Istanbuldan BBC muxbiri.

Shanba kuni ertalab Twitterda to‘rt odamning o‘lgani haqidagi xabarlar tarqatilgan, biroq bu ma‘lumot rasman tasdiqlanmagan.

Juma kuni mahalliy park o‘rniga savdo markazi qurish loyihasiga qarshi tinch namoyishni politsiya kuch bilan tarqatishga urinishi to‘qnashuvlarni keltirib chiqargan edi.

Istanbul aholisi hukumatning shahardagi yashil hududni yo‘q qilayotganidan norozi bo‘lishgan.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘onning shaharni qayta ta‘mirlash loyihasi tanqidchilari Gezi bog‘i Istanbulda qolgan kam sonli ko‘kalamzor hududdan biri ekanini aytishgan.

Istanbul hokimi Qodir Topbas esa bog‘ning buzilishi savdo markazi qurilishiga aloqasi yo‘qligini, balki butun maydonni qayta ta‘mirlashning bir qismi ekanini ta‘kidlagan.

Istanbuldagi BBC muxbiri Luiz Grinvudga ko‘ra, hukumat namoyishlarni bostirishga Antaliya kabi chekkaroq hududlardan ko‘mak olib kelishiga to‘g‘ri kelgan.

Uning aytishicha, markaziy Taksim tumani va atrofi, hamda shaharning bir qancha ko‘priklarida harakat vaqtincha to‘xtatib turilibdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Istanbuldagi vaziyat borasida o‘z xavotirini izhor qildi.

O‘z o‘rnida Xalqaro Amnesty International inson huquqlari tashkiloti politsiyaning haddan tashqari kuch ishlatganini qoralab chiqdi.

Turkiya Ichki ishlar vaziri Muammar Guler xavfsizlik xodimlariga nisbatan yangrayotgan ayblovlarni tekshirishga va‘da bermoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Istanbul mahkamasi bog‘ni qayta ta‘mirlashga qarshi shikoyatlarni ko‘rib chiqishga qaror qilganidan so‘ng, Gezidagi qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Voqeani kuzatayotgan BBC muxbirining bildirishicha, faqat ekologik shiorlar ko‘tarilgan tinch namoyishdan siyosiy aktsiyaga aylangan harakat qatnashchilari 2002 yildan buyon qudratda bo‘lgan Rajab Erdo‘g‘on hukumatini yakkahokimlikni mustahkamlab borayotganlikda ayblashyapti.

Ayni paytda, Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on oxirgi yillardagi eng jiddiy aksilhukumat namoyishlarini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan.

Janob Erdo‘g‘on namoyishlarga sabab bo‘lgan Istambulning bahsli qayta qurish rejasi davom ettirilishini aytgan.