Turkiya: Istanbuldagi tungi to‘qnashuvlarda yaradorlar bor

Istanbulning qadimiy Beshiktosh tumanida norozi olomon va politsiya o‘rtasidagi tungi to‘qnashuv Turkiyada o‘tgan haftadan buyon davom etayotgan noroziliklarning eng qonlisi bo‘lgan.

Masjid, do‘kon va maydonga yaqin joylashgan universitet binosi vaqtinchalik yaradorlarga birinchi yordam ko‘rsatish maskanlariga aylantirilgan.

Yo‘llarni yopishdi

BBC muxbiriga ko‘ra, Beshiktosh futbol o‘yingohi oldidagi tungi namoyishlarda 10 mingga yaqin kishi qatnashgan.

Yo‘llarni to‘sib, barrikadalar qurgan odamlarga qarshi politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.

Istanbuldagi muxbirimiz Luiz Grinvudning xabar berishicha, ko‘pchilik namoyishchilar gazdan zaharlanib qayd qilishgan, yana bir qanchasida kuchli yo‘tal boshlangan.

Keyingi ikki kun ichida mamlakatning 67 shahrida 1700 kishi ushlangan, keyinchalik ularning ko‘pchiligi qo‘yib yuborilgani aytilgan.

Turkiya shifokorlar Assotsiatsiyasi ma‘lumotlariga binoan, 484 ta namoyishchi Istanbuldagi kasalxonaga yotqizilgan.

Politsiya namoyishlarning ikkinchi markaziga aylangan Bosh vazir idorasi atrofini norozi olomondan himoya qilish uchun o‘rab olgani xabar qilinmoqda.

Tartibsizliklar Anqara va boshqa o‘nlab shaharlarda ham kuzatilgan.

Yakshanba kuni tunda Oq Uy urushayotgan tomonlarni murosaga chaqirgan va Turkiya hukumatiga "tinch namoyishlar demokratiyaning bir qismi hisoblanishi"ni eslatgan.

AQSh oldinroq xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatganini qoralab chiqqan edi.

Noroziliklarga Istanbul shahridagi Gezi istirohat bog‘i o‘rnida savdo va dam olish majmuasi barpo etish rejasi sabab bo‘lgandi.

Faqat ekologik shiorlar ko‘tarilgan tinch namoyishdan siyosiy aktsiyaga aylangan harakat qatnashchilari 2002 yildan buyon qudratda bo‘lgan Rajab Erdo‘g‘on hukumatini yakkahokimlikni mustahkamlab borayotganlikda ayblashdi.

Dushanba kuni Turkiya Bosh vaziri o‘tgan jumadan buyon mamlakatni qamrab olgan aksilhukumat chiqishlarini g‘azab bilan qoralagan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on namoyishlar ekstremistlar tomonidan uyushtirilgani va muxolifat tarafidan dastaklanganini aytgan. Unga ko‘ra maqsad, turk fuqarolarini gij-gijlash bo‘lgan.