Suv toshqinlari bois Ovro‘poning qator mamlakatida favqulodda holat

Bir necha kun mobaynida kamida ikki oylik yog‘ingarchilik kuzatilgani sabab Chexiya, Olmoniya va Avstriyada aholini yashash joylarida ko‘chirishga to‘g‘ri kelgan.

Chexiyada kamida yetti inson, Avstriyada ikki kishi tabiiy ofatlar qurboni bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Olmoniya kantsleri Angela Merkel toshqinlardan zarar ko‘rganlarga 100 million Yevro ko‘mak va‘da qilgan.

Mamlakatda armiyadan toshqin himoyasida yordam berish so‘ralgan.

Olmoniyadagi Bavariya, Saksoniya, Baden-Vyurtemberg yerlarini suv bosgan.

Bavariyadagi Passau shahrida odamlar eng kuchli toshqin deb 1954 yildagi toshqinni eslashadi, o‘shanda suv sathi 12 metrdan oshgan.

Olmoniya rasmiylariga ko‘ra, bu hududlardagi toshqin oxirgi 500 yildagi eng yomoni bo‘lgan.

Leyptsig shahrida istiqomat qiladigan yetti ming kishi maxsus joylarga ko‘chirilganlar.

Chexiya rasmiylariga ko‘ra, Vltava daryosida qurilgan to‘g‘onlarni ochishga to‘g‘ri kelgan, shuning uchun poytaxt Pragada suv sathi yanada ko‘tariladi.

Chexiyada uch ming kishi yashab turgan joylaridan ko‘chirilganlar.

Avstriyadagi Zaltsburg yerlarida favqulodda holat e‘lon qilingan.

Slovakiya va Mojariston rasmiylari Dunay daryosining qirg‘oqlarini mustahkamlashga kirishganlar.

Dunay oqib o‘tadigan mamlakatlar rahbariyati yaqin orada daryo o‘zanlaridan toshib chiqishi mumkinligidan ogohlantirilganlar.

Ovro‘po Ittifoqi suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan mamlakatlarga yordam berishga tayyorligini bildirgan.