Bishkek-O‘sh shoh yo‘li yopilishiga sabab bo‘lgan Meder Usenov ozod etilgan

Image caption Qirg‘iz davlat xavfsizlik qo‘mitasiga ko‘ra, Meder Usenovga ikki band bo‘yicha ayblov ilgari surilgan

Advokati Iskander Joroboyevning jurnalistlarga ma‘lum qilishicha, mamlakat janubidagi Jalolobod viloyati ma‘muriyatini qonunga zid ravishda bosib olishda ayblanib xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan hibsga olingan Meder Usenov kafolat evaziga qo‘yib yuborilgan.

O‘zini Jalolobod viloyatining "Xalq gubernatori" deb e‘lon qilgan muxolifatchi Meder Usenov 2 iyun kuni o‘z uyi oldidan Qirg‘iziston Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan hibsga olingan va poytaxt Bishkekka olib ketilgan edi.

Bir kun oldin esa Meder Usenov rahbarligidagi olomon viloyat binosini o‘zboshimchalik bilan bosib olgan va muxolifatchi parlament a‘zolarini ozod etishni talab qilgan edilar.

Muxolifatdagi "Ata Jurt" fraktsiyasi yetakchilari Qamchibek Tashiyev, Sadir Japarov va Talant Mamitovlar o‘tgan yili 3 oktyabrida Bishkek shahrida o‘z tarafdorlarini hukumat binosini bosib olishga chaqirishgan va shundan keyin hibsga olingan edilar.

Yetakchi muxolifatchi siyosatchilar hokimiyatni kuch bilan bosib olishda ayblanganlar.

O‘zini "Xalq gubernatori" deb e‘lon qilgan Meder Usenovning hibsga olinishidan norozi bo‘lgan tarafdorlari 3 iyun kunidan Qirg‘iziston shimolini janub bilan bog‘laydigan Bishkek-O‘sh shoh yo‘lini to‘sib qo‘ydilar.

Yo‘lga chodirlar tikildi, ikki tomonda ham yuzlab avtomobillar yig‘ilib qoldi.

Yo‘lni to‘sganlar Meder Usenovni qo‘yib yuborish va "Ata Jurt" fraktsiyasi rahbarlarini ozod qilish masalasini tezlashtirishni talab qilganlar.

4 iyun kuni Bishkekda Meder Usenov ustidan mahkama o‘tkazilishi va unga nisbatan ehtiyot chorasi ko‘rilishi xabar qilingan edi.

Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga ko‘ra, unga hokimiyatni kuch bilan bosib olish va ushlab turish, konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o‘zgartirishga ommaviy chaqiriq bandlari bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.

Biroq Meder Usenov advokati uning mahkamaga keltirilmasdan, muvaqqat hibsxonadan kafolat evaziga qo‘yib yuborilganini xabar qilgan, uni ozod etishda besh farzandi borligi inobatga olingani aytilgan.

Bishkek-O‘sh shoh yo‘lini ikki kun davomida to‘sib qo‘ygan uning tarafdorlari Meder Usenovni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlaridan keyingina yo‘lni ochishlari haqida aytganlar.