Turkiya bosh vazir o‘rinbosari yaralangan norozi namoyishchilardan kechirim so‘radi

Image caption Bosh vazir o‘rinbosari Bulent Arinch ohangi yarashuv ohangida bo‘lgan.

Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari Bulent Arinch Istanbuldagi Gezi istirohat bog‘ining buzilishiga qarshi namoyishda jarohatlanganlardan uzr so‘radi.

Gezi parki qayta qurilishiga qarshi tashkil etilgan norozilik amaliyoti qonuniy bo‘lgan, deb aytgan janob Arinch o‘sha namoyish tashkilotchilarini uchrashishga chaqirgan.

Matbuot anjumanida Bosh vazir o‘rinbosari Bulent Arinch norozilik namoyishlarini to‘xtatishga chaqirgan, to‘polonlarni "terrorchi unsurlar" boshqarayapti, deb aytgan.

"Boshida atrof-muhitni muhofaza qilib chiqqan odamlarga qarshi nomuvofiq kuch qo‘llangani noto‘g‘ri bo‘lgan. Va adolatsiz. Men u odamlardan kechirim so‘rayman", deb aytgan Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari.

"Ammo biz ko‘chalardagi jamoat mulkini vayron qilayotganlar va ko‘chalardagi insonlarning erkinligiga to‘siq qo‘yayotganlardan kechirim so‘rashimiz kerak deb o‘ylamayman", deya qo‘shimcha qilgan janob Arinch.

Aksar kuzatuvchilar bosh vazir o‘rinbosarining gap ohangi Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on ohangidan farq qilishiga e‘tibor qaratganlar, janob Arinch ohangi yarashuv ohangida bo‘lgan.

Biroq atrof-muhit himoyachilariga ko‘ra, Bulent Arinch Gezi parki kelajagi qanday bo‘ladi degan savolni ochiq qoldirgan.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on namoyishlar ishtirokchilari haqida keskin gapirgan, noroziliklar nodemokratik deb aytgan.

Janob Erdo‘g‘on norozilik chiqishlariga qaramasdan, Marokashga rasmiy safarini bekor qilmagan.

"Vaziyat tinchiyapti. Men ortga qaytganimda hamma muammo hal etilgan bo‘ladi", degan Marokashdagi safari payti Bosh vazir Erdo‘g‘on.

Jarohatlar

Dastavval Istanbul shahridagi istirohat bog‘i daraxtlari kesilishiga qarshi boshlangan norozilik namoyishlari aksilhukumat zo‘ravonliklarga aylangan.

Besh kun davomida Turkiyaning qator shaharlarida norozilik amaliyotlari kuzatildi.

Rasmiylarga ko‘ra, mamlakatning 67 shahridagi chiqishlarda qatnashgan 1700 dan ortiq odam hibsga olingan.

Turkiya Inson huquqlari birlashmasi xabar qilishicha, butun mamlakat bo‘ylab kechgan zo‘ravonliklarda 2800 dan ziyod kishi yaralangan.

Jarohatlanganlarning anchasining ahvoli og‘ir ekanini xabar qilgan nohukumat tashkiloti.

Bosh vazir o‘rinbosari Bulent Arinchning matbuot anjumanida aytishicha, 244 politsiyachi, 64 namoyishchi yaralangan.

Turkiyada tartibsizliklar boshlanganidan buyon ikki inson hayotdan ko‘z yumgani xabar qilingan.

Mamlakat janubidagi Antakya shahrida muxolifatdagi Respublikachilar partiyasining yoshlar qanoti a‘zosi "noma‘lum shaxslar tomonidan o‘qotar quroldan otilgani sababli jiddiy jarohatlangani" haqida ma‘lum qilganlar rasmiylar.

22 yoshli yigit shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Biroq, muxbirlarga ko‘ra, ushbu fojeaning norozilik namoyishlariga bog‘liq-bog‘liq emasligi to‘la aniq emas.

Dushanba kuni Turkiya Shifokorlari ittifoqi xabar qilishicha, yakshanba tunida to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan avtomobilning olomon ustiga haydalgani oqibatida 20 yoshli yigit nobud bo‘lgan.

Namoyishchilar hukumatni tobora avtoritar bo‘lib borayotganlikda, Turkiya jamiyatini islomlashtirayotganlikda ayblamoqdalar.

Hukumat va Bosh vazir Erdo‘g‘on iste‘fosi talab qilinayapti.

Muxbirlarga ko‘ra, islomiy ildizlarga ega bo‘lgan Adolat va Tiklanish partiyasi dunyoviy davlat bo‘lgan Turkiyada shaxsiy erkinliklarni bo‘g‘ishga intilayotgani haqidagi xavotirlar bildirilmoqda.

Hukumat tanqidchilariga ko‘ra, o‘tgan yili bolalarning islomiy madrasalarda saboq olishlariga izn berilgani va yaqinda spirtli iichimliklar savdosiga cheklovlar kiritilgani Adolat va Tiklanish partiyasining asl maqsadlaridan dalolat beradi.

Turkiyadagi yirik kasaba uyushmasi hisoblangan KESK 4 iyun kuni norozilikka qo‘shilishga ahd qilgani haqida e‘lon qilgan.

Kasaba uyushmasi ikki kunlik ish tashlash e‘lon qilgan.

Noroziliklar Turkiya siyosatiga qanday ta‘sir qilmoqda?

Xo‘sh, norozilik namoyishlari ko‘lami tobora kengayib borar ekan, ular Turkiya siyosatiga qanday ta‘sir qilmoqda?

BBC ushbu savol bilan Londondagi Chatam Xaus tadqiqot markazining Turkiya loyihasi rahbari Fadi Xakuraga murojaat qildi.

Fadi Xakura: Menimcha, hammasi qanday munosabat bildirilayotganida. Prezident Gul ko‘proq murosa-madoraga boradigan shaxs. Bosh vazir rajab Toyib Erdo‘g‘on esa bahs-tortishishni sevadigan, ochiq kurashadigan siyosatchi. Biroq ularning siyosati baribir bir xil. Namoyishchilar shunday holatda hukumatdan bag‘rikenglik istashmoqda va qanday yashashimizga, hayot tarzimizni belgilashimizga davlat aralashmasin deb talab qilishmoqda. Turkiyada iqtisodiy taraqqiyot timsoli sifatida baland binolar ko‘p qurilmoqda. Bu ko‘chalarni tirband qilib, ijtimoiy uy-joy ta‘minotini ta‘minlashga yordam berayotgani yo‘q.

BBC: Hozirgi namoyishlardan kim ko‘proq foyda ko‘rishi mumkin?

Fadi Xakura: Hozir buni aytish qiyin. Namoyishchilar Turkiyada o‘rnatilgan davlatdan qo‘rqish zanjirini chilparchin qilib, sindirishdi. Ammo shunisi ham borki, Bosh vazir Erdo‘g‘on hamon ko‘pchilik sevadigan rahbardir. Shu bois u bilan hisoblashish darkor. Turkiya 1950 yildan beri amaldagi demokratik davlatdir. Bosh vazir Erdo‘g‘on esa demokratik yo‘lda saylangan rahbar. Shu jihatdan olganda Turkiyani aslo Misr yoki Tunis kabi yakkahokim rahbarlar hukmronlik qilgan mamlakatlar bilan taqqoslab ham, o‘xshatib ham bo‘lmaydi. O‘rtada yer bilan osmoncha farq bor.