Muxtor Xudoyqulov jurnalistika, masalchilik va shoir Jo‘qining yaratilishi haqida

Image caption Muxtor Xudoyqulov o‘zbek masalchiligiga salmoqli hissa qo‘shgan.

Taniqli olim Muxtor Xudoyqulov 1936 yili Farg‘ona viloyatining Rishton tumani Jaloyir qishlog‘ida tug‘ilgan.

"Qishlog‘imiz rayon markazidan ancha uzoq, xilvatgina, so‘lim bir go‘sha edi. Oldidan katta Farg‘ona kanali o‘tgan. Shu kanalning qurilishini ham bilaman, juda kichkina bola edim. Es-es eslayman, qanday odamlar, suvlar qanday kelganini...Undan keyin urush yillari, Ikkinchi Jahon Urushi, deyiladi hozir bizda, akam bilan birga maktabga borib o‘qirdik. Hamma sinflarni bitta qilib o‘qitishardi. Yoshligimiz shunday o‘tgan. Shu Farg‘ona kanali bo‘ylarida mol-qo‘y boqib yurib, qo‘limizga qanaqa kitob tushsa, o‘qirdik-da. Qanaqa kitoblar o‘qimaganmiz, nimalarni orzu qilmaganmiz. Kitob bizning doimiy hamrohimiz, biz uchun bir mo‘‘jiza, bizni dunyo bilan bog‘lovchi bir vosita edi", deya eslaydi ustoz Xudoyqulovning o‘zi.

Muxtor Xudoyqulov 1954-1959 yillar Toshkent davlat universitetining jurnalistika bo‘limida tahsil olgan.

"1959 yil oliygohni bitirdik. Ungacha amaliyotga borib, o‘sha yerda yoshlar gazetalaridan birida ishlay boshladim. Keyin respublika markaziy gazetasi "Qizil O‘zbekiston" deyilardi o‘sha paytda, keyin "Sovet O‘zbekistoni" bo‘ldi, shunda faoliyat olib bordim. Undan keyin "Mushtum" jurnalida bir necha yillar mehnat qildim", deydi u.

Muxtor Xudoyqulov jurnalistik faoliyat bilan bir qatorda adabiy ijod bilan shug‘ullanadi.

"Yoshlikdan qiziqardim adabiyotga. Turli she‘rlar yozib yurardim. Undan keyin masalga qiziqdim, masallar yozdim va qator masal kitoblari chiqardim", deydi u.

Muxtor Xudoyqulov - 100dan ortiq she‘riy va nasriy masallar, hajviy she‘rlar muallifi. Yozuvchi o‘zining "Ming bir masal" nomli kitobi bugungi kunda chop etilib o‘quvchilar qo‘liga yetib borayotgani haqida aytadi.

"Zavqiyning "Ahli rasta hajvi" degan asari sizga ma‘lum bo‘lsa kerak. O‘zining davridagi kamchiliklarini, o‘sha paytdagi boy-boyonlarni hajv qilib o‘tgan. Men "Hajv ahli qalam" deb, 70ga yaqin shoirga she‘riy hazil yozgandim", deydi shoir va olim Muxtor Xudoyqulov.

Bundan tashqari, uning "Qoya va harsangtosh" (1962), "Daryo va po‘kak" (1968), "Zirapcha" (1973), "Qirq masal" (1985), "O‘ylab topilmagan hikoyalar" (1994), "Gabrovo latifalari va hangomalari" (1999), "Otam haqida haqida hikoyalar", "Kirakashlikning kiroyi hangomalari", "Rivoyatlar va hikoyatlar", "Tongdagi chiroq" kabi qator kitoblari chop etilgan.

Muxtor Xudoyqulov buyuk Xitoy faylasufi Konfutsiyning she‘riy tarzdagi hikmatlarini ham o‘zbek tiliga o‘girib, "Hikmatlar" deb nomlangan risolaga jamlagan.

Filologiya fanlari doktori, professor Muxtor Xudoyqulov qariyb yarim asr o‘zi ta‘lim olgan O‘zMU jurnalistika fakultetida matbuot nazariyasidan saboq bergan.

Uning "Jurnalistika va pulitsistika" deb nomlangan kitobi hali ham matbuot nazariyasi bo‘yicha asosiy qo‘llanma sifatida foydalaniladi.

Muxtor Xudoyqulov bilan suhbat

BBC: Bu galgi BBC mehmoni taniqli olim, shoir va yozuvchi, hurmatli domla Muxtor Xudoyqulov bo‘ladilar. Assalomu alaykum domla, BBC dasturiga xush kelibsiz.

Muxtor Xudoyqulov: Vaalaykum assalom, rahmat.

BBC: Domla, avvalo, o‘zingiz haqida gapirib bersangiz, jurnalistika, ijod sohasini tanlashingizga nima sabab bo‘lgan?

Muxtor Xudoyqulov: Men o‘sha uzoq Farg‘ona viloyatining Jaloyir degan bir xilvat qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishlog‘imiz ilgarigi rayon markazidan ancha uzoqda edi. Maktabda o‘qidik. O‘qishdan keyin, mol-qo‘ylarimizni Farg‘ona kanali bo‘ylarida o‘tlatib yurib, kitob o‘qirdik, kitob o‘qirdik, faqat kitob. Bizga kitob dunyoni bilish vositasi edi. Undan keyin gazeta-jurnallar ham o‘sha urushdan keyingi yillarda, Ikkinchi Jahon urushidan keyingi yillarda yangilik vositasi edi. Shuning uchun, gazetani yaxshi ko‘rdik, o‘qidik va dastlabki gazetalarga maqolalar yoza boshladik. Bizning mavzularimiz ham juda qiziq edi. Qishlog‘imizga mashinada kino olib kelib, qo‘yib ketishardi. Shuni ham xabar qilib yozib, chiqaverardik. Keyin-keyin dalaga chiqib paxta terganlar haqida yozdik. Maktabimizning yutuqlari, kamchiliklari haqida yozdik va hokazo. Mana shu matbuot, qog‘oz dunyoga intilayotgan bizdek yosh bolalarga yangilik, dunyoni bilish, dunyoga intilish vositasi bo‘lganligi uchun shu kasbni tanlagan bo‘lsam kerak.

BBC: Xo‘janddan xat yo‘llagan O‘ktam Rizayev Jurnalistika fakulьteti talabasi ekan, uning maktubini o‘qib bersam: "Avvalambor assalomu alaykum,man o‘zim jurnalistikada o‘qiyman, shu soha borasida savollarim bor! Haqqoniy jurnalist bo‘lish uchun qanday kitoblar tavsiya qilgan bo‘lar edingiz? Bilaman, jurnalistika qiyin kasb, boshida manga qarshi chiqqanlar ham bo‘ldi, kasb qiyinchiliklaridan to‘yib, uni tark etmoqchi bo‘lganmisiz? O‘z yutuqlaringiz siri nimada deb o‘ylaysiz!" Marhamat, domla.

Muxtor Xudoyqulov: Men juda xursand bo‘ldim, Xo‘jandda ham Jurnalistika fakulьteti ochilgan ekan. U kishiga men muvaffaqiyat tilayman, u yerdagi hamkasblarga, domlalarga. Jurnalistika ham boshqa kasblar kabi kasb, lekin uning o‘ziga xos jihatlari bor. Jurnalistika ikki narsani talab qiladi. Birinchisi, layoqat. Hayotda ko‘rganlarni, dunyoni so‘z bilan tasvirlash layoqati... Keyin texnika vositalari - yozib olish uskunalari, fotoapparatlar qo‘shiladi bunga. Lekin, baribir, so‘z birinchi o‘rinda turadi. Ikkinchidan, bu ijtimoiy kasb, jamiyatga, xalqqa xizmat qiladi. Shuning uchun, uning o‘ziga xos funktsiyalari, printsiplari, tamoyillari, qonuniyatlari bor. Masalan, men "Jurnalistika va publitsistika" degan kitobimda matbuotning nazariyasi, qonuniyatlari, haqqoniylik tamoyilini ham ko‘rsatib o‘tganman. Matbuot, avvalo, haqqoniy bo‘lishi kerak. Nima uchun? Chunki, matbuotni insonlar dunyoni bilib turish uchun ixtiro qilishgan. Dunyo to‘g‘risida ma‘lumot olish uchun yaratishgan. Shuning uchun, uning haqqoniy bo‘lishi, albatta, shart. Kibernitika bo‘yicha Viner degan olim: "To‘g‘ri informatsiya, to‘g‘ri hayot", deydi. To‘g‘ri ma‘lumot olsangiz, hayotingiz to‘g‘ri ketadi. Bitta yolg‘on informatsiya aralashib ketib qolsa, qanchalik murakkablik kelib chiqadi... Endi qanday kitoblar, deydigan bo‘lsak, mana rus tilida kitoblar bor. Tojikistonda matbuot, jurnalistika sohasida qanday kitoblar yozilgan, bilmayman, lekin u kishi agar o‘zbekcha o‘qisa, "Jurnalistika va publitsistika" degan kitobimda matbuotning haqqoniyligi to‘g‘risida ham alohida ma‘lumotlar berib o‘tilgan.

BBC: Endi bugun o‘zbek jurnalistlari hayotni qanchalar haqqoniy aks ettirishayapti? Londondan xat yo‘llagan Shohrux ham: "Bugun o‘zbek jurnalistikasi duch kelayotgan eng dolzarb muammolar nima?" - deb so‘ragan.

Muxtor Xudoyqulov: "Hozirgi o‘zbek matbuotida nima yetishmayapti", deyilsa, ko‘proq reportyorlik, shu kunning voqealarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tez xabar qilib berish kamroq. Umumiy, tahliliy maqolalar ko‘p bo‘ladi. Intervyu juda ko‘payib ketdi, ko‘pincha, san‘atkorlarning hayoti, boshqalar to‘g‘risida savol-javoblar chiqadi. Eng muhim masalalar bo‘yicha, hayotda bo‘layotgan voqea-hodisalarni qanday bo‘lsa, shundayligicha bevosita ko‘rsatadigan materiallar kamroq bo‘lib ko‘rinyapti.

BBC: Qayerdan ekanlarini yozmagan Botir ismli muxlisimiz esa: "Assalomu alaykum, domla, yaxshimisiz? Siz oxirgi 50 yil ichidagi Jurnalistika fakulьtetidagi talaba yoshlarni qanday baholaysiz? Masalan, mustaqillikning ilk yillaridagi talabalar ancha kengroq fikrli va erkinroq emas edimi? Hozirgi yoshlarni taqqoslaganda nima degan bo‘lar edingiz?" - deya javobingiz uchun oldindan rahmat aytib qolibdilar.

Muxtor Xudoyqulov: Men bu kishiga ham muvaffaqiyat tilayman. Albatta, solishtirishlarda ma‘lum ma‘no bor, jon bor. Gap shundaki, mustaqillik yillaridagi jurnalistlarimizdan o‘sha davrning muammolariga javob berishlarini talab qilar edik. Shunday, davr talablariga javob berib, oldingi saflarda yurgan jurnalistlarimiz ko‘p bo‘lishgan. Hozirgi jurnalistlarimizga kelsak, texnikani chuqurroq bilishadi, internetni yaxshi o‘rganishayapti va boshqa tomonlari bor. Endi har bir davrning o‘ziga xos xususiyatlari bor.

BBC: Nomlarini yozmagan tinglovchimiz: Sizning qalamingizga mansub "Shoir Jo‘qi, she‘ringni o‘qi" degan satrlar shunchalik ommalashib ketganki, ko‘pchilik uni folklor, deb o‘ylasa kerak. Sizdan keyin faqat Anvar Obidjonning Gulmatini tilga olish mumkin. Shu personaj xayolingizga qayerdan kelgan? Uning nomi nima uchun "Jo‘qi"?" deb so‘rabdilar. Marhamat, domla.

Muxtor Xudoyqulov: Bu juda ajoyib savol bo‘libdi. Meni yosh paytlarimdagi ijodimni esga soldi. Bu o‘tgan asrning 70-yillarda yaratilgan. O‘sha paytlar "Televizion miniatyuralar teatri" bo‘lardi. Miniatyuralar yozib berardik. Shu bir obraz paydo bo‘ldi. Men Labzak mahallasida turardim, o‘zi Farg‘onalikmanu, lekin bu yerga kelib yashashim shu yer edi. Mahallamizda bir chiroyli, soddagina, oqko‘ngil yigitcha bor edi. Negadir uni hamma Jo‘qi deb chaqirardi. Shu xayolimdan bir o‘tgan. Shundan keyin bu obraz ba‘zi shoirlarning she‘rlariga parodiya sifatida paydo bo‘lgan. O‘sha paytda o‘zini katta ijodkor deb biluvchi shoir chiqib: "Hurmatli paxtakooor", deb o‘qiyapti-da, qo‘lida qog‘oz, undoq - mundoq murojaat qilyapti, go‘yo. Men juda kulgili tuyuldi-da: "Mahalla qorovuli, shaqildog‘ingni chal", degan tarzda kinoya bilan birinchi she‘rlar shunaqa yaratilgandi. Shundan keyin: "Tramvayda yurganda Jo‘qi, bekor turmay she‘ringni to‘qi, borib xolangga o‘qi", deya yengil-elpi yozadigan, jo‘n yozadigan shoirlarning she‘rlariga kinoyalar yozildi. Keyin uni Jo‘qi Javhar deb nomladik. O‘sha paytda buni Hasan Yo‘ldoshev degan artist juda chiroyli o‘qir edi. Ergash Karimov o‘ynadi. Shunday tarzda xalq orasida ommalashib ketdi. Men shundan xursandman. Jo‘qi bilmay turib, jamiyatning ko‘rpasini ochib qo‘yadigan obraz edi-da. Xullas, u she‘riyatga yoqmaydigan, she‘riyatga to‘g‘ri kelmaydigan narsalarni tanqid qilish uchun yaratilgan edi. Afsuski, boshqa ishlar bilan bo‘lib, uni boshqa davom ettira olmadim.

BBC: Muxlisimiz yana so‘rayaptilar: "70-80- yillarda "Televizion miniatyuralar teatri" mualliflari orasida bot-bot chiqib turardingiz. Hozir ham qatnashib turasizmi?"

Muxtor Xudoyqulov: O‘sha paytda "Televizion miniatyuralar teatri"ga eng faol yozadiganlardan bittasi men edim. Ustozimiz Said Ahmad aka va boshqa mualliflarimiz yozganlari qo‘shilib, "Uchrashuv" degan miniatyuram asosida film olingandi. U paytda soch qo‘yib, sochini uzun qilib yuradigan bolalarni tanqid qilish bor edi. Ya‘ni, qishloqdan ketib, ko‘chalarda sanqib, olifta bo‘lib yuradigan bolalarni ustidan kulardik. O‘shani Ergash Karimov juda chiroyli o‘ynagan. "Jorj Morj" degan bir miniatyuram kino bo‘lib qolgan. Endi hozirga kelib, zamon o‘zgardi, qiyin miniatyuralarni televideniye ham, tomoshabinlar ham ko‘tarmay qoldi. Yengil-elpi kulgu bo‘lib ketdi. Yaqinda bir rejissyor shuni tiklash niyatida 3-4ta narsa so‘radi. Men uni yozib berdim. Nimagadir chiqmadi endi. Har bir davrning o‘zini ashulasi, o‘zini childirmasi bo‘ladi, shekilli. Lekin, xalq hali-hali o‘sha davrni eslaydi, kuladi. Shundan xursandmiz.

BBC: "Siz masalchilik bo‘yicha ehtimolki, yagona yozuvchi va mutaxassis sanalasiz - so‘nggi yillar O‘zbek adabiyotida aynan masalchilik, maqolchilik va boshqa xalq og‘zaki ijodini o‘rganish, rivojlantirish oqsab bormoqda. Nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz? Harqalay, bular o‘zbek tafakkurining ustunlaridan emasmi?", deb so‘raydi Muxlis nomi bilan xat yo‘llagan tinglovchimiz.

Muxtor Xudoyqulov: Masalchilik haqida gapiradigan bo‘lsam, bu qiyin janr. Shuning uchun, ko‘pchilik bunga urinavermaydi. Kishidan ko‘proq fikrlashni talab qiladi. Hayotni kuzatib, unda yuz beradigan voqeaning mohiyatini ochib berish uchun tabiatdan o‘shanga o‘xshagan bir voqeani topib, solishtirish kerak, shundan chiqariladi masal. Qo‘limizdan kelgancha yozayapmiz. Mana hozir nasriy masallarimdan bir kitob chiqyapti. Hozir o‘shani korrekturasini o‘qib o‘tirgandim:

Hammol

"Ustimga nima yuk yuklashlari bilan ishim yo‘q. Menga haqi to‘lansa, bo‘ldi", - derdi hammol. U tirikchilik quli edi.

O‘roq

"Qadding nega bukuk", - deb so‘rashdi o‘roqdan. O‘roq indamasdan o‘rishda davom etdi. Uning qaddi mehnatdan bukulgani shundoqqina ko‘rinib turardi.

"O‘g‘rilik qilishga uyalmaysanmi", - deb so‘rashdi bir o‘g‘ridan. "Uyalganimdan yuzimga niqob tutib olaman-da", - dedi u.

BBC: Katta rahmat, domla. Bugungi kunda O‘zbekistonda ayni shu janrda yana kimlar ijod qilyapti?

Muxtor Xudoyqulov: Bugungi kunda masal janrida ijod qilayotganlar uncha ko‘p emas. Bizdan yoshlari kattaroq masalchilardan Yamin Qurbonovning kitoblari chiqdi, shekilli, kitob magazinda ko‘rdim, sotib ololganim yo‘q. Lekin, yoshlar bu janrning qiyinchiliklaridan qo‘rqishadimi, kam bu sohaga qiziquvchilar. Sabr-toqat kerak bo‘ladi, kuzatish kerak bo‘ladi. Hali yoshlar bu janrni davom ettirsa kerak. Men "Ming bir masal" degan kitob yozdim. Juda qiyinchilik bilan bir qismini, "Ko‘z bo‘lmasa, peshona" deb chiqargandim. Ikkinchi kitobni hech chiqara olmadim. O‘z mablag‘imga chiqarish harakatida yuribman hozir. Chiqarish qiyin. Bu sohaning ham o‘ziga xos masalalari, qiyinchiliklari bor.

BBC: Suhbatingiz uchun, katta rahmat, domla. BBC tinglovchilariga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat.

Muxtor Xudoyqulov: BBC tinglovchilariga sog‘-salomatlik tilayman. Yaxshi niyatlar, pok niyatlar yo‘lida xizmatlariga, ishlariga omadlar tilayman. Doim jamiyat uchun, taraqqiyot uchun, ezgulik uchun harakat qilish kerak. Dunyoda hech kim mutlaq haqiqatga erisha olmasa ham, haqiqatga to‘la erishish mumkin bo‘lmasa ham, insonga umr bir marta berilar ekan, shu mutlaq haqiqatga intilib yashash kerak. Dunyoni to‘g‘ri ko‘z bilan ko‘rib, to‘g‘ri dil bilan anglab, to‘g‘ri so‘z bilan aks ettirish kerak, deb o‘ylayman. Muvaffaqiyat tilayman.

BBC: Sizga ham mustahkam sog‘lik tilaymiz!