Mirjalol Qosimov: 'Parvozning kechikkani o‘yinimizga ta‘sir qilmasligi kerak'

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Pekindan turib Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida yomon ob-havo tufayli Xitoydan Seulga parvozlarining kechikayotganiga ana shunday munosabat bildirdi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Jamoa 11 iyun kuni hal qiluvchi uchrashuvida Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushishi kerak.

Bu o‘yin O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2014 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishida muhim ahamiyatga ega.

Jamoa halicha o‘z tarixida bu kabi sharafga noyil bo‘lmagan.

Ammo o‘zbekistonlik futbolchilar so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining Janubiy Koreya va Qatarga qarshi qolgan ikki uchrashuvida 4 ochko qozonishsa, bu gal o‘z maqsadlariga erishishadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi muhim uchrashuvi oldidan 6 iyun kuni Xitoyda xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgandi.

Mezbon Xitoyga qarshi Xoxxot shahrida bo‘lib o‘tgan o‘yin 1:2 hisobida o‘zbekistonlik futbolchilarning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Ushbu o‘rtoqlik uchrashuvi ortidan, O‘zbekiston milliy terma jamoasining 7 iyun kuni Seulga yetib borishi kutilgandi.

Ammo, ayon bo‘lishicha, jamoa o‘sha kuni tushdan so‘ng Xaxxotdan Pekinga uchgan, ammo yomon ob-havo tufayli, Seulga rejalangan kechqurungi parvozlari kechiktirilgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning Pekindan turib Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga aytishicha, bugun - 8 iyun kuni kechqurun Seulga uchib ketishni rejalashmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, parvozlarining kechikkani sabab, bugungi mashg‘ulotlarini ham Pekinning o‘zida o‘tkazishga majbur bo‘lishgan.

Ob‘ektiv omil

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi yomon ob-havo tufayli parvozlarining kechikkanini nazarda tutib, "ayb o‘zlarida emasligi, buni to‘g‘ri tushunish lozimligi, oldinda tarixiy uchrashuv turganligi bois, mavjud holat o‘yinlariga ta‘sir qilishi kerak emasligi, iloji boricha bunga e‘tibor bermaslikning muhim"ligini urg‘ulaydi.

"Nima bo‘lgan taqdirda ham, bunga unaqa e‘tibor bermaslikka harakat qilish kerak. Nimagaki, bu bosqichga qadar osonlik bilan yetib kelganimiz yo‘q. Bu o‘yinda maydonga bir jon, bir tan bo‘lib chiqib, harakat qilishimiz lozim", deydi Mirjalol Qosimov.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi mavjud holatga qaramay, Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinga lozim darajada hozirlik ko‘rib, yo‘llanmaning taqdirini o‘sha yerning o‘zida hal qilishga harakat qilishlarini ham aytadi.

"Endi, o‘zingiz bilasiz, bu - futbol. Natijani oldindan aytib bo‘lmaydi. Lekin men yigitlarga ishonaman, ular maydonga chiqqandan keyin jon-jahdlari bilan harakat qilishadi va o‘z maqsadimizga, iloji boricha, Janubiy Koreyada yetishmoqchimiz", deydi u.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi kelasi ikki hafta ichida o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqishini kafolatlashi mumkin bo‘lgan so‘nggi ikki uchrashuvini o‘tkazadi.

So‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggi ikki tur uchrashuvi doirasida 11 iyun kuni safarda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi. 18 iyun kuni esa, Toshkentda o‘z maydonida Qatarni qabul qiladi.

Imkoniyat

Saralash bosqich bellashuvlarini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan O‘zbekiston joriy paytda Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi jahon chempionatiga 4.5 ta yo‘llanmadan bittasini qo‘lga kiritishga da‘vo qilayotgan yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘lib turibdi.

Shu hafta seshanba kuni "V" guruhida to‘p surayotgan to‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiya qit‘adan 2014 yilgi Jahon chempionatiga muddatidan ilgari yo‘llanma olgan birinchi jamoa bo‘ldi.

"A" guruhida esa, so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining 6-tur uchrashuvlari ortidan, 11 tadan ochko bilan Janubiy Koreya va O‘zbekiston birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lashib turishibdi.

10 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan Eron esa, faqat 1 ochko farq bilan bu ikki milliy terma jamoadan ortda bormoqda.

To‘rtinchi o‘rinda borayotgan Qatar 7 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, Livan 5 ochko bilan guruhda eng so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

Futbol mutaxassislariga ko‘ra, Janubiy Koreya 2014 yilgi jahon chempionatiga ikkita yo‘llanmadan birini qo‘lga kiritishda asosiy da‘vogarlardan biri bo‘lsa, ikkinchi yo‘llanma uchun kurash O‘zbekiston va Eron orasida kechadi.

Bu mavzuda batafsilroq