Nelson Mandelaning ahvoli hamon og‘ir

Image caption Shifokorlar Mandelaning ahvoli og‘ir, lekin barqarorligini aytishgan.

Janubiy Afrika Respublikasi sobiq prezidenti Nelson Mandela ikkinchi kundirki kasalxonada qolmoqda.

Shifokorlar kechadan buyon Mandelada o‘zgarish kuzatilmagani, ahvoli og‘ir, lekin barqarorligini bildirishgan.

Prezidentning matbuot kotibi tushgacha ma‘lumot bo‘lmasligini aytgan.

94 yoshli Nelson Mandela shanba kuni ertalab Pretoriyadagi kasalxonaga o‘pka kasalligi bilan keltirilgan edi.

Bu janob Mandelaning shu yil hisobidan uchinchi bor shifoxonaga yotqizilishidir.

Janubiy afrikaliklar apparteidga qarshi kurashgan inson, "xalqning otasi" yana kuchga to‘lib sog‘ayib ketishi uchun duo qilishayotganlarini aytishgan.

Mandelaning xotini Grasa Mashel erining yonida bo‘lish uchun Londonga rejalashtirgan safarini qoldirgan.

Hukumat matbuot vakili Mas Maxaraj "Mandela yana o‘pka yallig‘lanishidan qiynalayotgan bo‘lsada, "o‘zining nafas olayotgani" umid beruvchi ijobiy belgi", degan.

Sobiq Prezidentning do‘sti Desmonda Tutu janubiy afrikaliklardan duo qilishni so‘ragan va do‘stiga sog‘ayib, oyoqqa turishini tilagan.

Mamlakat Prezidenti Jekob Zuma poytaxtda vazifasini davom ettirayotgani, shifokorlar undan Mandelaning yonida bo‘lishni maslahat berishsa, kasalxonaga borishini bildirgan.

Nelson Mandela dunyodagi eng obro‘li davlat arboblaridan biridir.

U Janubiy Afrikadagi aparteid tuzumini mavh qilish va turfa irqlilik asosida demokratik davlat qurish uchun kurashdi.

27 yillik umrini qamoqda o‘tkazgan janob Mandela ozodlikka chiqqach, xalqining quvvatlovi bilan mamlakatning ilk qora tanli prezidenti bo‘ldi.

Asosan ikki irq o‘rtasidagi ziddiyatning boshqa jabhalarini bartaraf etish va tinchlik o‘rnatish uchun kurashdi.

So‘nggi yillar Nelson Mandelaning salomatligi yomonlashgan va bunga qamoqxonadagi yillari davomida o‘pka xastaligini orttirgani ham sabab bo‘lgan deyiladi.

Nelson Mandela 2004 yilda jamoat ishlaridan ketganidan keyin omma oldida kam ko‘rinish berdi.