Politsiya namoyishchilarni Taqsim xiyobonidan siqib chiqargan

Image caption Politsiya kuchlariga qarata toshlar, olov bombalari irg‘itilgan.

Turkiya politsiyasi Istanbul shahridagi Taqsim xiyobonini qariyb ikki haftadan buyon egallab olgan norozi namoyishchilarni ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz, suvotarlar va rezina o‘qlarni ishga solib Gezi istirohat bog‘iga siqib chiqargan.

Xiyobonni namoyishchilardan tozalash Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on norozilik namoyishi tashkilotchilari bilan 12 iyun kuni uchrashishga rozi bo‘lganidan keyin boshlangan.

Gezi istirohat bog‘ini qayta qurish rejasi norozilikka sabab bo‘lgan, bu tinch norozilik namoyishining politsiya tomonidan qattiq bostirilishi butun Turkiya bo‘ylab aksilhukumat namoyishlari boshlanib ketishiga olib kelgan edi.

Noroziliklarda Rajab Toyib Erdo‘g‘on hukumati haddan ziyod avtoritar bo‘lib borayotgani aytilgan, namoyishchilar qudratdagi Adolat va Tiklanish partiyasini jamiyatni islomlashtirayotganlikda aybladilar.

Misol tariqasida voyaga yetmaganlarning madrasalarda tahsil olishiga ruxsat berilgani va yaqindan Turkiyada spirtli ichimliklar savdosiga cheklov joriy etilgani aytildi.

Biroq Turkiyadagi aholining deyarli yarmi dastaklovini qo‘lga kiritgan Adolat va Tiklanish partiyasi yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘on norozi namoyishchilarni talonchilar deb atadi, ularning talablari va norozilik amaliyotlarini demokratiyaga zid, dedi.

Noroziliklarga qaramasdan, hukumat Gezi bog‘ini qayta qurish rejasidan qaytmasligini bildirgan.

11 iyun tongida Taqsim xiyoboni atrofida politsiyaning zirhli texnikasi, boshlariga kaska kiygan va qalqonlar bilan o‘zlarini himoyalagan politsiyachilar yig‘ila boshladi.

Ular namoyishchilar yasagan barrikadalarni buzish, binolarga osilgan plakatlarni yig‘ishtira boshlaganlar.

Istanbul shahri hokimi Huseyn Avni Mutlu aytishicha, politsiyaning Gezi parki ichidagi norozilik namoyishini tarqatish niyati yo‘q.

"Bizning maqsadimiz Otaturk haykalidagi yozuvlar va suratlarni olib tashlash. Bizning boshqa maqsadimiz yo‘q. Gezi parki va Taqsimga teginilmaydi", deb yozgan hokim Twitterda.

Xuddi shu gaplarni politsiya ovoz kuchaytirgichlardan e‘lon qilgan.

Biroq xiyobondagi namoyishchilar bunga ishonmaymiz, deyishgan va ayrimlar politsiya kuchlariga qarata toshlar, olov bombalari irg‘itganlar.

BBCning Taqsim xiyobonida bo‘lgan muxbiri Mark Louenning aytishicha, namoyishchilarni xiyobondan siqib chiqarish chorshanba kuniga bosh vazir bilan mo‘ljallangan uchrashuvni bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.

Noroziliklar boshlanganidan buyon uch inson halok bo‘lgan, 5000 dan ortiq odam jarohatlangani xabar qilingan.