General Danford: Afg‘onlarni yakka tashlab qo‘ymang

Image caption Jozef Danford Afg‘onistonda nihoiy tinchlikni o‘rnatish uchun Tolibon bilan muzokara o‘tkazish muhimligiga ishonadi

Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar qo‘mondoni xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistondan yuz o‘girmaslikka chaqirgan.

General Josef Danford BBC bilan suhbatda 2014 yilda Afg‘onistonda harbiy amaliyotlar to‘xtashi ortidan demokratik islohotlar xavf ostida qolishi mumkinligini aytgan.

U Tolibon bilan ertami-kechmi muzokaralar o‘tkazish o‘ta muhimligini aytgan.

Ular yagona dushman emas, ko‘plab jinoiy guruhlar isyonchilar safiga qo‘shilgan, deb ilova qilgan Jozef Danford.

Amerikalik generalning aytishicha, Tolibon bilan bir safda jang qilayotgan Haqqoniy tarmog‘i, O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan birga jinoiy va narkotik kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi guruhlar ham bor.

Unga ko‘ra, xorijiy siyosatchilarning davomli qo‘llab-quvvatlovisiz, Afg‘oniston fuqarolarining oddiy haq-huquqlarini ham himoya qilish imkonsiz.

General Danford Afg‘onistondagi oxirgi NATO qo‘mondonidir va ushbu lavozimda NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketgunga qadar, ya‘ni kelgusi yil oxiriga qadar qolishi kutilmoqda.

BBC bilan shimoliy Kunduz shahrida gaplashgan Jozef Danford: "Hozirgacha sezilarli yutuqlarga erishdik, lekin istalgan natijaga hali ancha bor", – deb aytgan.

Kelgusi hafta mamlakatdagi so‘nggi mintqalar Afg‘oniston hukumatining to‘liq nazoratiga o‘tadi, ba‘zi xalqaro kuchlar yordam beruvchi kuch sifatida qolishadi.

General Danford afg‘on kuchlari isyonchilarga qarshi kurashda "etarli tajriba"ga ega esalarda, Tolibon bilan muloqot o‘tkazish o‘ta muhim, deb aytgan.

Bunday ogohlantirish Tolibon tomonidan ekani aytilayotgan zo‘ravonliklarning yangi to‘lqini boshlangan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Seshanba kuni Kobul markazida sodir etilgan xudkush hujumida kamida 16 halok bo‘lgan va yana 40 nafardan ziyod inson jarohat olgan.

Dushanba kuni esa yetti isyonchi, jumladan intihoriy bombachilar, to‘rt soat davomida Kobul aeroporti yaqinida bir binoni ishg‘ol etib turganlar.

Afg‘onistondagi BBC muxbiri Devid Loynning aytishicha, Toliblar haliyam yirik amaliyotlarni o‘tkazishga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘yayotganga o‘xshaydi.