Dunyoning eng keksa odami 116 yoshida vafot etdi

Image copyright AFP
Image caption Jiroyemon Kimura 90 yoshiga qadar o‘g‘liga dala ishlarida yordam bergan

Yaponiyalik rasmiylarning xabar berishlaricha, dunyoning eng keksa odami, insoniyat tarixida eng ko‘p umr ko‘rgani qayd etilgan shaxs 116 yoshida olamdan o‘tgan.

Jiroyemon Kimura chorshanba kuni Kyoto viloyatining Kyotango shifoxonasida vafot etdi, deyiladi rasmiy bayonotda.

Dekabr oyida Ginnes Rekodlar Kitobi janob Kimurani tarixda eng uzoq umr ko‘rgan shaxs deya qaydga olgandi.

Janob Kimura 7 farzand, 14 nevara, 25 evara va 13 chevaralik bo‘lgan.

U 1897 yilning 19 aprelida tavallud topgandi.

Nafaqaga chiqqunga qadar Jiroyemon Kimura pochtada ishlagan va 90 yoshiga qadar o‘g‘liga dehqonchilik ishlarida yordam bergan.

"Uzoq umr ko‘ray desang, yengil ovqtlan"

Dekabr oyida mahalliy ro‘znomalardan biriga bergan intervyusida jiyani Tamotsu Miyake Kimurada "yashash uchun hayratlanarli darajada kuchli ishtiyoq" bo‘lganini aytgandi.

"U to‘g‘ri va sog‘lom hayot o‘tkazayotganiga ishonadi", - deb aytgan Tamotsu Miyake.

Ammo 115 yoshini qutlagan kun bergan intervyusida janob Kimuraning o‘zi buncha uzoq umr ko‘ra olgani sababini aniq bilmasligini aytgandi.

"Balki bularning bari quyosh tufayli bo‘lsa kerak", - deb aytgan o‘shanda janob Kimura. - "Men doimo quyoshga qarab yashayman".

Blumberg axborot agentligidan jurnalist Kanoko Matsuyama janob Kimura bilan uning uyida o‘tgan yili uchrashgan.

"U menga uzoq umr ko‘rishi sirrini yengil ovqatlanishi bilan izohlagan edi", - dedi Matsuyama xonim BBC bilan suhbatda.

"Ayni damda, uning boquvchisi bo‘lgan nevara-kelini, Aiko, xushbinligi uni uzoq umr ko‘rishiga sabab bo‘lganini aytdi", - deya ilova qiladi Kanoko Matsuyama.

Xabarlarga ko‘ra, endi Osakalik Misao Okava ismli 115 yoshli ayol yer yuzida hayot bo‘lgan eng keksa inson deb topilishi mumkin.

Misao Okava hozirda yer yuzidagi eng keksa ayol deb tan olingan.