Istanbuldagi Taqsim xiyoboni namoyishchilardan "tozalandi"

Image copyright Reuters

Istanbul shahridagi Taqsim xiyobonida politsiya bilan norozi namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar ertalabgacha davom etgan.

Suv purkagichlar va ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz qo‘llagan politsiya namoyishchilarni xiyobondan siqib chiqargan, Taqsimni tozalash boshlangan.

Politsiya kuchlariga qarshi namoyishchilar toshlar, yoqilg‘i to‘ldirilgan idishlar otganlar.

Muxbirlarga ko‘ra, minglab tinch namoyishchilar ham to‘qnashuvlar o‘rtasida qolib ketganlar.

Ko‘ngillilar jarohatlanganlarga ilk tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida qo‘lbola shifoxona yasashlariga to‘g‘ri kelgan.

Taqsim xiyobonini namoyishchilardan tozalash amaliyoti 11 iyun tongida boshlangan edi.

To‘qnashuvlar keyingi kun tongigacha to‘xtamagan.

Istanbulliklar 12 iyun ertalabida Taqsim xiyoboniga buldozerlar kiritilganini ko‘rganlar.

Xiyobonda o‘t qo‘yib yuborilgan avtomobillar qoldiqlari, barrikadalar va boshqa vayronalarni ko‘rish mumkin edi.

Rasmiylar Taqsimni tozalashni boshlaganlar.

Xiyobondagi Mustafo Kamol Otaturk haykalini politsiya qo‘riqlashni boshlagan.

Muxbirlarga ko‘ra, so‘nggi noroziliklar Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘onga qarshi oxirgi 10 yildan ortiq vaqt davomidagi eng yirik va jiddiy noroziliklar bo‘lmoqda.

Turkiya bosh vaziri namoyishlar zudlik bilan to‘xtatilishi kerak, degan.

U, "Turkiyani shikastlashga urinayotganlar" deb ataganlarga toqat qilinmaydi, deb aytgan.

Namoyishchilar Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘onni tobora avtoritar bo‘lib borayotganlikda va dunyoviy davlat hisoblangan Turkiyada islomiy qadriyatlarni joriy etishga urinayotganlikda ayblamoqdalar.

12 iyun kuni Turkiya bosh vaziri namoyishchilar bilan uchrashish niyatida ekani xabar qilingan edi.

Biroq Taqsim xiyoboni namoyishchilardan "tozalangani"dan keyin janob Erdo‘g‘on hukumat va norozi namoyishchilar o‘rtasida vositachilik qilishlariga umid qilayotgan insonlar bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Bular aktrisa, qo‘shiqchi va yozuvchi.

Norozi namoyishchilarning aytishlaricha, bosh vazir nomidan uchrashuv taklifi bilan hech kim o‘zlariga yaqinlashgani yo‘q.

Yaqinlashgan taqdirlarida ham ular bilan uchrashmagan bo‘lardik, deyishgan namoyishchilar.

Ular Gezi istirohat bog‘i buzilishiga qarshi namoyishchilarning vakillari deb taqdim qilinayotgan va Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on uchrashmoqchi bo‘lgan biror bir guruhni tan olmasliklarini aytishgan.

Hukumatning Istanbuldagi Gezi parkini qayta qurish rejasi norozilikka sabab bo‘lgan, bu tinch norozilik namoyishining politsiya tomonidan qattiq bostirilishi butun Turkiya bo‘ylab aksilhukumat namoyishlari boshlanib ketishiga olib kelgan edi.