Baronessa Varsi yana ishchi tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi

Image caption Bu Baronessa Varsining O‘zbekistonga o‘tgan yil aprelidan buyon ikkinchi safari.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari, Din va jamoalar ishlari bo‘yicha davlat vaziri Baronessa Saida Varsi Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan.

O‘zbekiston matbuoti xabarlariga ko‘ra, "Britan-O‘zbek muloqotining ahvoli va istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilingan".

O‘zining O‘zbekistonga ikkinchi safarini Britaniya Lordlar Palatasining a‘zosi Varsi xonim Xeva shahri ziyoratidan boshlagan.

Xevada Baronessa Varsi Xorazm viloyati rasmiylari bilan ekologiya va sayyohlik masalalarini ham muhokama etgani xabar qilingan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Varsi xonimning O‘zbekistondagi asosiy muhokama mavzusi Britaniya qo‘shinlarining 2014 yilda Afg‘onistondan olib chiqilishi masalasidir.

Kelgusi yil xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etishlari paytida harbiylar va ularga tegishli texnika va boshqa jihozlarni ham olib chiqish kerak, bunda temir yo‘lga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortadi.

Afg‘oniston quruqligini tashqariga chiqish yo‘llari bilan bog‘laydigan yagona temir yo‘l Amudaryo ustida barpo etilgan.

O‘zbekiston Afg‘oniston ichkarisiga temir yo‘lni uzaytirish loyihasida ishtirok etayapti, biroq hozirning o‘zida Afg‘onistonning Hayratoni katta sondagi yuk konteynerlari makoniga aylangan.

Britaniya Afg‘onistondagi o‘z harbiylari va texnikasini olib chiqishda O‘zbekiston temir yo‘llariga umid qilmoqda.

2015 yilgacha Britaniya Afg‘onistondagi to‘rt milliardga yaqin harbiy va noharbiy jihozlarini olib chiqib ketishi kerak.

O‘zbekiston o‘z hududidan xavfsiz yo‘lak yaratib berishi evaziga Britaniya 700 ming dollarlik texnika hamda jihozlarini sovg‘a qilishi xabar qilingan.

Britaniya mulozimlariga ko‘ra, 100 ming funt sterlingga teng Land Rover mashinalari ehtiyot qismlari, har bir 7 ming funt sterling turadigan elliktacha Leyland DAF rusumli mashina O‘zbekistonga sovg‘a qilinadi.

O‘tgan yili aprelida iqtidordagi Konservatorlar partiyasi raisdoshi sifatida Baronessa Saida Varsi uch kun mobaynida O‘zbekistonda bo‘lgan edi.

Varsi xonim o‘shanda Samarqand va Buxoro shaharlarini ziyorat qilgan.

Bundan bir yil oldin ham Baronessa Varsi va o‘zbek hukumati a‘zolari o‘rtasida aynan qaysi masalalar muhokama etilgani oshkor qilinmagan.