"Suv ustidan yana bir urush yuz berishi mumkin"mi?

Image copyright AFP
Image caption Efiopiyaning o‘tgan oy suv to‘g‘oni qurish uchun Nilga quyiluvchi Ko‘k Nil daryosini bo‘g‘ish harakatlari Misrni hayratda qoldirgan

Misr Efiopiya qurishga kirishgan to‘g‘on Nil daryosidan olayotgan suvlariga zig‘ircha ta‘sir qilsa, bunga qarshi "har qanday chorani qo‘llash" bilan ogohlantirmoqda.

Prezident Muhammad Mursiy bevosita "urushga da‘vat etayotgani yo‘q"ligi, biroq mamlakatining suv zaxiralariga kimningdir daxl qilishiga umuman yo‘l qo‘ymasligini aytgan.

Efiopiyaning o‘tgan oy suv to‘g‘oni qurish uchun Nilga quyiluvchi Ko‘k Nil daryosini bo‘g‘ish harakatlari Misrni hayratda qoldirgan.

Iqtisodi qishloq xo‘jaligiga asoslangan Misr chegaralarosha o‘tuvchi Nil daryosining suviga nihoyatda qaram.

Buyuk Efiopiya Uyg‘onish To‘g‘onining qiymati qariyb 5 milliard dollarga baholanmoqda.

Yangi suv to‘g‘oni to‘liq ishga tushib ketsa, 6.000 megovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi mumkin.

Efiopiya tomonining aytishicha, Ko‘k Nil daryosi suvini faqat bir ozga bo‘g‘ib turib, keyin qo‘yib yuborishadi.

Ammo, Misr prezidentining bayon qilishicha, "mamlakatining suv xavfsizligini to‘liq ta‘minlash uchun, davlat rahbari sifatida, barcha imkoniyatlarini ishga soladi".

Hadya

Image copyright .
Image caption "Agar, Misr Nilning tuhfasi bo‘lsa, Nil Misrga berilgan tortiqdir"

"Agar, Misr Nilning tuhfasi bo‘lsa, Nil Misrga berilgan tortiqdir", deb aytgan janob Mursiy o‘zining televizion chiqishida.

"Bitta ulkan odam sifatida barcha misrliklarning hayotlari ana shu daryo suviga bog‘liq. Uning bir tomchi suvining kamayishi bizning jonimiz hisobiga bo‘ladi".

Ammo, ayrim tahlilchilarga ko‘ra, odamlarni o‘z mamlakati yuz tutib turgan jiddiy siyosiy va iqtisodiy muammolardan chalg‘itish uchun Misr prezidenti suv masalasidan foydalanayotgan bo‘lishi mumkin.

Shimoliy Afrika davlatlari orasida, ayniqsa, Misr Nil suviga juda qaram va aholisi sonining jadallik bilan ortib borayotgani vaziyatni yanada qiyinlashtirgan.

Ustiga ustak, Sudanning kuni ham Nil daryosining suvisiz o‘tmaydi.

Misr tomoni Nil daryosining suviga egalik qilishda mustamlakachilik davrida amal qilgan tartib-qoidalarga tayanadi.

Misrliklarning iddao etishlaricha, daryo suvining aksariyati o‘zlari va Sudanga tegishli bo‘lishi lozim.

Biroq Efiopiyaning da‘vo qilishicha, u tartib-qoidalarning davri o‘tib bo‘lgan.

Misr prezidentining aytishicha, "mamlakatining qonuniy va tarixiy huquqlariga daxl qilmasa, bu kabi to‘g‘onlarning qurilishiga qarshi emaslar".

Biroq o‘tgan hafta jonli televizion muloqotlar chog‘ida misrlik ayrim siyosatchilar to‘g‘onlar masalasida harbiy tanlovni ham istisno etmaslik haqida so‘z yuritishgandi.

Yana bir ogohlik

Image caption "Suv zaxiralari Markaziy Osiyoda ham davlatlararo mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin"

O‘tgan yil oxirida AQSh Milliy Josuslik kengashi o‘zining yillik hisobotida, "Suv zaxiralari Markaziy Osiyoda ham davlatlararo mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin", degan to‘xtamga kelgandi.

Hisobotda aytilishicha, 2030 yilga borib, suv zaxiralari mintaqada ham ichki va ham xalqaro miqyosdagi mojarolarning eng asosiy sababiga aylanishi mumkin.

Ayon bo‘lishicha, bunga hisobotda tilga olib o‘tilgan mintaqalarda aholi sonining ko‘pligi va qurg‘oqchilik sabab, suv zaxiralari miqdorining jadallik bilan o‘zgarishi sabab bo‘lishi mumkin.

Hisobotda yangragan bashoratlarga qaralsa, aksariyat daryolarning chegaraosha ekani bois, ushbu mamlakatlar orasidagi mavjud boshqa kelishmovchiliklar manzarasida davlatlararo mojarolar ehtimolini nazardan soqit etib bo‘lmaydi.

Mahalliy tahlilchilar ham suv zaxiralari yuzasidan ayrim Markaziy Osiyo davlatlari orasida allaqachon kelishmovchiliklarning mavjudligi, aholi sonining ortishi va energiya mahsulotlariga bo‘lgan talabning kuchayishi mavjud nizolarni yanada olovlantirishi ehtimolini inkor etishmaydi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa, o‘tgan yil sentyabr oyida Qozog‘istonga qilgan so‘nggi safari chog‘idaTojikiston qurayotgan Rog‘un va Qirg‘iziston tiklayotgan Qambarota GESlarini nazarda tutib, "vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafaqat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi ehtimoli" mavjudligi bilan ogohlantirgandi.

Uning bu chiqishi mintaqadagi ayrim davlatlar tomonidan xavotir bilan ham qarshi olingandi.

Prezident Karimov esa, "chegaralarosha daryolar masalasida mintaqa davlatlari jahon va xalqaro hamjamiyatga quloq tutishi lozim"ligini ta‘kidlab keladi.