Termezlik onaxon: "Men uyimni tashlab chiqmoqchi emasman!"

Image caption Islom Karimovga videomurojaat

Termez shahrining Akmal Ikromov ko‘chasidagi ayrim uylar buzilish xavfi ostida qolayotgani haqidagi kichik mahalliy norozilik amali aks etgan videolavhalar You Tube tarmog‘i va qator ijtimoiy aloqa saytlariga joylashtirilgan.

Akmal Ikromov ko‘chasida yashaydiganlar Prezident Islom Karimovga ko‘chirish xavfi ostidagi uylari, kesilib ketilayotgan daraxtlari va hokimiyat xodimlarining ayni masalada bedodligidan arz qilishadi.

Videotasvirda yoshi 75 da ekanini aytgan termezlik onaxon kuyib - pishib nafaqat o‘zining, balki oilasi va mahallasining dardini dasturxon qiladi.

O‘zbekistonda hokimiyat vakillarining "obodonlashtirish" bahonasi bilan daraxtlarni qirib tashlashlari, turfa bahonalar bilan ayrim holatlarda odamlarni o‘z turar-joylaridan majburiy ko‘chirish holatlari birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

Ammo bu kabi norozilikni ataydan videotasvirga olib internetga olib chiqish voqeasi har kun ham bo‘lavermaydi.

O‘tgan yili Farg‘ona vodiysidagi ayrim shaharlarda shunga o‘xshash voqealar ro‘y bergan edi.

"Sahroga ko‘chirsalar, nabiralarim nima qilishadi?"

Image copyright bbc
Image caption Termezlik onaxon: "Men uyimni tashlab chiqmayman!"

Ushbu videotasvirlarda o‘nlarcha qo‘porilgan va kesilgan daraxtlardan tortib, yashil libosli militsiya xodimlarini ko‘rish mumkin.

Termezlik onaxon o‘z ko‘chasi va uy oldi hovlichasidagi kesilgan daraxtlarni deyarli birma bir tanishtirib chiqadi.

"Kim bunaqa qonunsizlikka buyruq berdi", deb so‘raydi.

"Xalqni kim qon qaqshatmoqda", deya savol berar ekan, Prezident Karimovga arz qilgan bu onaxon, anchayin ehtirosga berilgani namoyon bo‘ladi.

U o‘z hovlisida farzandlari va nabiralari doxil yetti oila yashayotganini urg‘ulaydi.

Qat‘iyat bilan "men uyimni tashlab chiqmoqchi emasman", deydi Prezident Karimovga murojaatida.

BBC bu masala yuzasidan Termez shahar hokimiyati bilan bog‘lanishga harakat qildi.

Ammo hozircha harakatlarimiz samara bergani yo‘q.

Surxondaryo viloyati hokimiyatining rasmiy web sahifasida esa aloqa uchun telefonlar va yo elektron pochta adresi ko‘rsatilmagan.