O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi web sahifasi xakerlik hujumiga uchradi

Image caption Hozirgi paytda ana shu hujumdan, ta‘bir joiz bo‘lsa, "tirik qoldik" va hozir ziyon yetgan bo‘limlarda ish olib borilmoqda"

Ushbu xabarni rasman tasdiqlagan federatsiya matbuot voizining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, xakerlar o‘zlaridan tashqari O‘zbekiston Professional futbol ligasining rasmiy web sahifasini ham hujumga tutishgan.

Sanjar Rizayev hodisa yuz bergan paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi hay‘ati bilan birga Janubiy Koreyada bo‘lgani, o‘zi ham federatsiya rasmiy web sahifasi joylashgan domendagi pochtaga kirolmay, avvaliga hayron bo‘lganini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Avvaliga buni stadionda internet yaxshi ishlamayotganiga yo‘ygandim. Lekin mehmonxonaga kelganimizda ham, negadir, pochtaga kira olmadim. Kompyuterim pochtamizning kalit so‘zi o‘zgarganligi haqida xabar bera boshladi. Ahamiyat bermadim. Lekin birozdan so‘ng rasmiy web sahifaga ham kirolmadim. Keyin federatsiya matbuot xizmatidagi yigitlar xabarlar kiritadigan administratsiya bo‘limi ishlayotgani, ammo o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan sahifasi ishlamayotganini xabar berishdi. Balki O‘zbekistondan tashqaridan kirsa bo‘lar deb, Seuldan ham kirib ko‘rganimda, kirolmadim", deydi u.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot voizining aytishicha, bu holat kamida 12-13 soat davom etgan.

"Hozirgi paytda ana shu hujumdan, ta‘bir joiz bo‘lsa, "tirik qoldik" va hozir ziyon yetgan bo‘limlarda ish olib borilmoqda", deydi u.

Sanjar Rizayevga ko‘ra, hujum "Clone Security" xakerlar guruhining ishi bo‘lishi mumkin.

Uning aytishicha, buni o‘zlariga O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rasmiy web sahifasi administratori - "Sayqal" studiyasi dizaynerlari ma‘lum qilishgan.

Gap nimada?

Image caption Xakerlik hujumi O‘zbekiston milliy terma jamoasining seshanba kuni Janubiy Koreyaga qarshi "tarixiy o‘yin"dagi mag‘lubiyati ortidan kuzatilgan

Xakerlik hujumi O‘zbekiston milliy terma jamoasining seshanba kuni Janubiy Koreyaga qarshi "tarixiy o‘yin"dagi mag‘lubiyati ortidan kuzatilgan.

Jamoa o‘z tarixida birinchilik o‘yinlariga muddatidan ilgari yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan hal qiluvchi o‘yinni Seulda 0:1 hisobida boy bergandi.

O‘zbekistondagi qator internet nashrlarining yozishicha, xakerlar guruhi O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rasmiy web sahifasida "Milliy terma jamoa jahon chempionatiga chiqa olmadi....Ha, hech qachon chiqolmaydi!", degan yozuv qoldirgan.

Shu bois, so‘nggi xakerlik hujumini O‘zbekiston milliy terma jamoasining mag‘lubiyatiga norozilik sifatida talqin etayotganlar ham yo‘q emas.

Federatsiya matbuot voizi esa, uchoqda Seuldan qaytayotgan bo‘lgani uchun, "ushbu yozuvni shaxsan o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagani, ammo turli web sahifalarda tasvirlariga ko‘zi tushgani"ni aytdi.

Sanjar Rizayevga ko‘ra, "xakerlik hujumi oqibatida federatsiya rasmiy web sahifasidagi ma‘lumotlar bazasi, foto arxiv, shuncha yillar davomida kiritilgan xabarlarga ziyon yetishi mumkin va hozir buni aniqlash uchun sayt mutaxassislari ish olib borishmoqda".

Matbuot voizining bildirishicha, ayni paytda saytning faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va ma‘lumotlarni tiklash jarayoni ketmoqda.

Sanjar Rizayev bundan ikki-uch yilcha oldin O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining rasmiy web sayti eronlik xakerlarning hujumiga uchragani va o‘shanda ingliz tilidagi bo‘limining barcha ma‘lumotlari yo‘qolib ketgani, hozirgi kungacha ularni tiklab olishning iloji bo‘lmaganini aytadi.

Clone Security

Image caption O‘zbekistonlik internet bilag‘oniga ko‘ra, xakerlik hujumlarini uyushtirishning mexanizmi juda oddiy...

O‘zbek xakerlar guruhining bundan avval qator O‘zbek va Qirg‘iz tilidagi web sahifalarga uyushtirilgan xakerlik hujumlari ortida turgani ham xabar berilgandi.

Shu yil fevral oyi oxirlarida "Fergana.ru" axborot agentligi "Clone Security" xakerlar guruhi bilan tvitter orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘lib, o‘zini Andrew Bay deb tanishtirgan insondan clonesec@clonesec.com email manzili orqali maktub olganliklarini ma‘lum qilgandi.

Axborot agentligining u bilan olib borgan yozishmalaridan, "guruhning yaqinda tashkil topgani, ko‘pchilik ekani, orqalarida hech kim turmasligi va moliyalamasligi" ma‘lum bo‘ladi.

O‘sha savol-javoblarda, "Ular o‘zlarining o‘zbeklar ekani, ammo hech kim uchun ishlamasliklari, O‘zbekistonda informatsion xavfsizlik bo‘yicha savodxonlikni oshirish g‘oyasi asosida ish olib borishlari"ni ham bildirishgan.

O‘zbekistonlik internet bilag‘oni Qudrat Bobojonning aytishicha, "bu kabi xakerlar O‘zbekiston uchun jon kuydirayotgan, O‘zbekistonning siyosatini o‘zgartirishga harakat qilayotgan yoshlar bo‘lishi mumkin":

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Bugungi kunda ular ko‘pchilikni tashkil qiladi. Sababi - ko‘pchilik mamlakat tashqarisida yashaydi va ularning internetga kirish imkoniyatlari juda yuqori. Ular O‘zbekistondagi holatni kuzatib borishadi va ko‘pchiligi bu sohada yaxshi ma‘lumotlarga ega", deydi u.

Internet bilag‘oniga ko‘ra, xakerlik hujumlarini uyushtirishning mexanizmi juda oddiy.

"Yaxshi himoyalanmagan saytni oddiy bir bola xak qilishi mumkin. Yaxshi bilamizki, internet bu - ochiq resurs. Unga har kim kirishi mumkin, lozim dasturlar bilan, hatto, saytning ichiga ham kirishi mumkin. Shu soha bo‘yicha uning yetarli darajada ilmi va ixtisosi bo‘lsa, bu - har bir shaxsning qo‘lidan keladigan ish bo‘lishi mumkin".