Muslima jahon chempioni: "Men uchun avval e‘tiqod, keyin sport turadi"

Ushu bo‘yicha 14 yoshli jahon chempioni turkiyalik Zaynab Oqyuz BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Ovro‘po chempionatini nega butkul boykot qilgani sababini ana shunday izohladi.

Hijobda bellashgani uchun Zaynabning shu yil aprel oyida Ruminiyada bo‘lib o‘tgan Ovro‘po birinchiligida qayd etgan natijalari inobatga olinmagan va u qaytib bu turnirda ishtirok etmasligini e‘lon qilgandi.

"Men Ovro‘po chempioni bo‘lishim kerak edi. Chunki o‘shanda 950 ochko qozongandim. Biroq hakamlar mening natijamni e‘lon qilishmadi. Bosh hakam boshqalaridan bergan ochkolarini bekor qilishlarini so‘radi", deydi turkiyalik yosh chempion.

Zaynab Oqyuz nafaqat o‘zi, balki opasi ham hijobda bellashib, jahon chempionligini qo‘lga kiritgani, Ovro‘po chempionatida o‘zi bilan yuz bergan hodisa - inson huquqlarining poymol etilishi ekanini ta‘kidlaydi.

Uning aytishicha, aynan hijobi sabab avvaliga o‘zining Ovro‘po birinchiligida qatnashishiga umuman ruxsat etilmagan.

Ammo Turkiya Ushu Federatsiyasining shikoyati ortidan, Zaynab Oqyuzga qo‘yilgan taqiq bekor qilingan.

Zaynabning BBC O‘zbek Xizmatiga aytishicha, hakamlarning qarori ortidan, haliyam Inson huquqlarini himoya etish bo‘yicha Ovro‘po mahkamasiga shikoyat etish ahdida qat‘iy.

Turkiyalik yosh sportchiga ko‘ra, Ovro‘po Ushu Federatsiyasi tomonidan uning insoniy huquqlari poymol etilgan.

"Hozir mening ishimni Turkiya parlamentining inson huquqlari bo‘yicha maxsus hay‘ati ko‘rib chiqayapti. Ular bir xulosaga kelishgach, shunga qarab ish tutamiz. Bu endi mening shaxsiy muammo emas, balki davlat ahamiyatiga molik masala", deydi u.

"O‘z huquqim uchun oxirigacha kurashaman"

Zaynab Oqyuzning ta‘kidlashicha, muslima sportchi sifatida o‘z huquqlarining himoyasi yo‘lida oxirigacha kurashmoqchi.

"Men Ruminiyada Ovro‘po chempioni bo‘lishim kerak edi. Men hammadan ko‘p ball to‘plagandim. Biroq ular hijobim tufayli meni bir tiyinga chiqarishdi. Men o‘zimni tahqirlangan his qildim. Hafsalam pir bo‘ldi. E‘tiqodim tufayli ular menga bunday munosabat qilmasliklari lozim edi. Men Ovro‘po chempionatiga qattiq tayyorlangan, kuniga yetti soatlab mashq qilgan edim".

"Maqsadim - qanday bo‘lishidan qat‘inazar, barcha musobaqalarda hijobda qatnashish va bellashishga erishish", deydi Zaynab.

"Agar bunga muvaffaq bo‘lolmasam ham, fojea emas. Chunki jahon chempioniman. Ovro‘po birinchiligiga ko‘zim uchib turgani yo‘q. Katta sportdagi o‘z karьeramni davom ettiraveraman. Ammo, agar hijobda qatnashishimga izn berishsa, qayta, qayta chempion bo‘laman".

Turkiyalik jahon chempioni ushu bilan risoladagidek shug‘ullanish uchun bir qancha xorijlik do‘stlari bilan Xitoyda ham yashagani, ko‘plab musobaqalarda ishtirok etgani, ammo na u yer va na-da dunyoning boshqa bir davlatida bu kabi hodisaga duch kelmaganini aytadi.

Zaynab Oqyuzning ta‘kidlashicha, hijobi sabab, Ovro‘po chempionatini boykot qilish qaroridan bir kun kelib pushaymon bo‘lishi ehtimoli o‘zini xavotirga olmaydi.

"Yo‘q, aslo pushaymon bo‘lmayman. Men hech kimni e‘tiqodiga qarab hukm etmayman, boshqalarning ham menga nisbatan bunday yo‘l tutishlarini istamayman. Men uchun avval e‘tiqod, keyin sport turadi".

Zaynab Oqyuz hozir mashg‘ulotlari, tahsili va til o‘rganish bilan band ekani, sportchi sifatida oldiga qo‘ygan maqsadi - ushu bo‘yicha Olimpiada O‘yinlari chempioni bo‘lish ekanini aytadi.

Nega aynan ushu bilan shug‘ullanish qaroriga kelganini esa, Zaynab ushbu sport turining nihoyatda go‘zal ekani, jismoniy va ruhiy salomatlik uchun juda foydali ekani bilan izohlaydi.

Turkiyalik yosh sportchi bo‘sh vaqtlarida yana karate, basketbol, voleybol, badminton va suzish bilan shug‘ullanishi, ammo ushu o‘g‘il bo‘ladimi yoki qiz, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan har bir inson uchun juda bop sport turi ekanini alohida ta‘kidlaydi.

Ushu bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po birinchiligi Ruminiyaning Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgandi.

Musobaqalarda dunyoning 24 davlatidan 700 dan ortiq sportchi ishtirok etishgandi.

Sport va hijob

Sport olamida muslima sportchilarning hijoblari bilan bog‘liq mojarolar ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Afrika Futbol Konfederatsiyasi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasining takroriy urinishlari ortidan, FIFA muslima futbolchilarning hijoblariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga majbur bo‘lgandi.

2007 yildan buyon jarohat olishlari xavfi borligi aytilib, FIFA (Xalqaro Futbol Uyushmasi) tomonidan muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlari man etib qo‘yilgandi.

Ushbu amal tanqidchilariga ko‘ra, mazkur taqiq dunyodagi eng ommabop sport o‘yinida notenglikning oliy darajada targ‘ib etilishiga yo‘l ochgan.

Taqiqning bekor qilinishi esa, minglab muslima futbolchilarning yana katta maydonlarda to‘p surishlariga imkon bergan.

Hozir yengil atletika, regbi, qilichbozlik, volleybol va taekvondo musobaqalarida sportchilarning hijobda bo‘lishlariga ruxsat beriladi.