"O‘zbekiston uchun paxta emas, oziq-ovqat muhim"

Image caption Mintaqadagi suv zahiralarining katta qismi O‘zbekiston paxta dalalarini sug‘orish uchun ishlatiladi

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Tojikiston va Qirg‘izistonni suv zahiralari yuzasidan muzokaralarga chaqirgan.

Toshkentga tashrifi chog‘ida gapirgan janob Nazarboyev mintaqada chegaralar osha daryolar muammosini yechishda muzokaralarga ehtiyoj borligini aytgan.

"Kelajagimiz bilan bog‘liq juda ko‘p masalalar bizning bir-birimiz bilan qanchalik hamkorlik qilishimiz va bir-birimizga qanchalik ishonishimizga bog‘liq", - deb aytgan Qozog‘iston rahbari.

Amudaryo va Sirdaryoning quyi qismida joylashgan O‘zbekiston va Qozog‘istonning suv zahiralari borasidagi mavqe‘lari bir-biriga yaqin ekani aytiladi.

Ammo shunga qaramay, Ostona Toshkentdan farqli o‘laroq, suv masalasida qo‘shnilari bilan ochiq ziddiyatga bormagan.

O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonning gidroinshoot loyihalari mintaqadagi suv ta‘minotini izdan chiqarishini aytib keladi.

Davlat televideniyesining xabariga ko‘ra, O‘zbekiston parlamentining qishloq xo‘jaligi va suv masalalari bo‘yicha qo‘mitasi qishloq hududlarida suv zahiralari borasidagi qonunchilikning ijrosini muhokama qilgan.

Ayni paytda joylardan ichimlik va sug‘orish suvlariga doir muammolar borasida xabarlar olinmoqda.

Qashqadaryoning G‘uzor tumanida hatto aholiga sug‘orish suvlarining sotilayotgani aytilmoqda.

BBC suv muammolari borasida o‘zbekistonlik biolog olim, akademik Bek Toshmuhamedov bilan suhbatlashgan.

Bek Toshmuhamedov: Ichimlik suvi bo‘yicha hamma viloyatlarda vaziyat har-xil. Eng murakkab vaziyat, albatta, Amudaryoning quyi qismida. Chunki quyiga tomon Amudaryoning suvi sho‘rlashib boradi va ichimlik suvining sifati yaxshi emas. Ammo faqat quyida emas, Toshkentdan unchalik uzoq bo‘lmagan Jizzax viloyatida ham ichimlik suvi anchayin dolzarb muammoga aylangan. U yerga ichimlik suvi kanallar orqali olib kelinadi, ammo uning sifati yaxshi emas. Shuning uchun men ichimlik suvi muammosi butun respublika uchun dolzarb, deb aytgan bo‘lardim. Muammoni yechishning yo‘llaridan biri ichimlik suvi taqsimotini yo‘lga qo‘yishdir.

BBC: Sovet davrida ichimlik suvi muammosi qanday hal qilingan, hozir hukumat qanday choralarni ko‘rayapti?

Bek Toshmuhamedov: Sovet davridan 20 yil o‘tdi, ammo men yaxshi xotirlayman, o‘shanda ham ichimlik suvi muammosi ancha o‘tkir edi. Xususan, Qoraqalpog‘iston va Xorazm mintaqasida. Suvning sifati ham unchalik yaxshi bo‘lmagan. Ya‘ni suv hamisha umumiy bir muammo bo‘lib kelgan. Shuning uchun o‘ylashimcha, vaqt o‘tishi bilan biz o‘z tog‘larimiz etaklaridan boshlanadigan suv kanallari yoki quvurlarini olib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyoda suv Pomir va Tyanshan etaklarida hosil bo‘ladi va shimoli-g‘arbiy yo‘nalish bo‘ylab oqadi. Ammo bizga kelgunicha bu suvlar ifloslanib, ichib bo‘lmaydigan holga kelib qoladi. Hozirning o‘zida ayrim joylarga bu kabi kanal va quvurlar tortilgan, ammo butunicha tog‘ etaklaridan boshlab, to Orol dengiziga qadar deylik, tortilga suv kanallari yo‘q bizda. Muammoni yechishning yo‘llaridan bittasi shu bo‘lishi mumkin.

BBC: O‘zbekiston suv muammolarida ko‘proq qo‘shnilarini ayblaydi, ammo respublikaning o‘zi suv infratuzilmasiga yetarlicha sarmoya kiritayaptimi yoki sug‘orish tizimini yaxshilashga e‘tibor qaratilayapti, deb ayta olasizmi?

Bek Toshmuhamedov: Bizning qo‘shni davlatlarga nisbatan bu boradagi ayblovlarimiz mutlaqo asosli. Chunki mintaqadagi suv manba‘lari faqat daryolarning suv hosil bo‘ladigan yuqori qismidagi davlatlar emas, balki Markaziy Osiyodagi barcha xalqlarning umumiy mulkidir. Shuning uchun hech kim butunicha bu suvlarga egalik da‘vo qilolmaydi. Va biz o‘z ulushimizni talab qilishda davom etamiz. To‘g‘ri, Tojikiston va Qirg‘izistonning energetika muammolari bor. Ammo bu ularning muammosi. Mintaqadagi gidrotexnik inshootlar energetika maqsadlariga mo‘ljallanmagan. Ular birinchi navbatda irrigatsiya maqsadlariga muvofiq barpo etilgan. Ya‘ni ular suvni qishda g‘amlab, yozda sarflashga mo‘ljallangan. Shuning uchun O‘zbekistonning e‘tirozlari o‘rinli. Va biz joriy, irrigatsion tartibning saqlanib qolishini talab qilishda davom etamiz. Chunki O‘zbekistonga, uning qishloq xo‘jaligiga suv yozda kerak, qishda emas.

BBC: Ammo buning uchun O‘zbekiston ham o‘zining sug‘orish tizimini yaxshilashi yoki paxta kabi suvni ko‘p talab qiladigan ekinlardan voz kechishi kerak, deb o‘ylamaysizmi?

Bek Toshmuhamedov: Ehtimol, shunday qilish kerakdir. Chunki biz uchun muhimi paxtadan ko‘ra ham ko‘proq oziq-ovqat. O‘zbekiston, mustaqil davlat sifatida o‘zini-o‘zi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta‘minlashi kerak. Menimcha, biz paxta plantatsiyalarini sezilarli darajada qisqartirish hisobiga nafaqat suv, balki oziq-ovqat muammosini ham ham qila olamiz.