Eronda Hasan Ruhoniyning prezidentlik saylovida qozongan g‘alabasi nishonlanmoqda

Image caption Eronliklarning yangi prezident Hasan Ruhoniydan umidlari katta.

Turkiyaga yangi namoyishlar to‘lqini xavf solib turganda, qo‘shni Eronda minglab insonlar mo‘‘tadil islohotchi Hasan Ruhoniyning prezidentlik saylovida qozongan g‘alabasini nishonlashmoqda.

Bugun e‘lon qilingan rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Hasan Ruhoniy juma kuni bo‘lib o‘tgan saylovda ovozlarning yarmidan ko‘prog‘ini olgan. Bu saylovning ikkinchi davrasiga hojat qolmaganini anglatadi.

Avgust oyining uchinchisida yangi saylangan prezident 3 parlament o‘ngida qasamyod etadi va o‘z vazifasini bajarishga boshlaydi.

Poytaxt Tehron ko‘chalari Hasan Ruhoniyning saylov oldi kampaniyasi ramzi hisoblangan - qizil rangga bo‘yalgan. Barcha Hasan Ruhoniy g‘alabasini qutlamoqda.

Tehronlik yoshlar islohot talabidagi shiorlarni va yangi prezidentning nomini jo‘r bo‘lib qichqirishmoqda. Politsiya bu tantanalarga qo‘shilmasdan, kuzatib turibdi.

"Men anchadan buyon o‘zimni bunchalar baxtli his qilmagandim. Alaloqibat ular bizning xohishimizni inobatga olishdi", - deydi Mina ismli qiz.

2009 yilgi saylovlarda muxolifat rahbari Mir Huseyn Musaviy g‘alabasi bashorat qilingan, biroq keyinchalik hukumat Mahmud Ahmadinejod g‘alabaga erishgani e‘lon qildi.

Saylov natijalarining qalbakilashtirilishiga qarshi norozilik namoyishlari kuch bilan bostirildi. Islohtalablarning ko‘pi, jumladan prezidentlikka ikki nomzod, qatag‘onga uchradi.

Image caption Ruhoniy o‘z g‘alabasini "demokratiya, hamkorlik va ochiq muloqotni hurmat qiluvchilar uchun imkoniyat" dedi.

Eronning yangi saylangan prezidenti o‘z g‘alabasi ortidan xalqqa bayonot tarqatdi. Ushbu bayonotda janob Ruhoniy o‘z g‘alabasini "demokratiya, hamkorlik va ochiq muloqotni hurmat qiluvchilar uchun yangi imkoniyat ekanini aytdi".

"Yaratganga shukr, aql va mo‘‘tadillik Eronda g‘alaba qildi. Demokratiya va ochiqlikka asoslangan mamlakatlar endi Eron xalqiga hurmat bilan yuzlanishi va Islomiy respublika haq-huquqlarini tan olishi zarur", - deb aytdi Hasan Ruhoniy.

Janob Ruhoniyning saylovoldi kampaniyasida tashlagan shiorlaridan biri bu - yadroviy dastur tufayli Eronga nisbatan ishlatilayotgan jazo choralarini bekor qilish bo‘lgandi.

Eronda janob Ruhoniyning g‘alabasi tantana qilinarkan, Oq Uy bunga munosabati o‘ta ehtiyotkor bo‘ldi. Eron xalqiga tabrik yo‘llash bilan birga Amerika Eronning yadroviy dasturi bog‘liq muammolar yechimi yo‘lida Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga tayyor ekanini bildirdi. Oq Uy vakili yangi prezidentni saylashda Eron xalqining ko‘rsatgan matonat va irodani alohida qayd etdi.

Frantsiya hukumati ham Eronning yangi rahbariyati bilan hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Britaniya Tashqi Ishlar vazirligi yangi saylangan prezident idorasini "yangi yo‘ldan borpishga" chaqirdi va Tehronning yadroviy dasturi va mamlakatdagi inson haqlari ahvolidan xavotirda ekanini bildirdi.

"Eron yadroviy dasturdan voz kechishi va terrorizmni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi shart", - deyiladi Isroil Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda.

Rossiya prezidenti esa Eron yangi prezidentini yanada yaqin hamkorlikka chaqirgan.

Xalqaro hamjamiyatning janob Ruhoniy g‘alabasiga anchayin ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirgani, kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, Eronda haqiqiy hokimiyat ruhoniy rahbar va uning an‘anador tarafdorlari qo‘lida qolayotgani bilan izohlanadi.