Prezident Karimov: "Qo‘shnilarimiz zilzilalarni yashirishayapti"

Image caption Kuzatuvchilar Toshkent va Ostona o‘rtasidagi yaqinlashuv haqida gapirishmoqda

Prezident Islom Karimov Tojikiston va Qirg‘izistonni ziddiyatli gidroinshoot loyihalarini oqlash uchun zilzilalar haqida sukut saqlayotganlikda ayblagan.

O‘tgan juma Prezident Nursulton Nazarboyev bilan muzokaralardan so‘ng gapirgan janob Karimov loyihalar yuzasidan xalqaro ekspertiza o‘tkazishga chaqirgan.

O‘zbekiston rahbari mintaqadagi suv zahiralari muammosi bo‘yicha Qozog‘iston Prezidenti Nazarboyev bilan yakdil ekanliklarini urg‘ulagan.

Mintaqada tez-tez yer qimirlashlari kuzatilayotganini aytgan janob Karimov gidroinshoot loyihalari seysmik faol hududda bunyod etilayotganiga e‘tibor qaratgan.

"Qambarota va va Rog‘un gidroelektr stantsiyalari tektonik buzilishlar liniyasida barpo etilmoqda. U yerlarda Rixter shkalasi bo‘yicha 9-10 ballgacha yer qimirlashi mumkin. E‘tibor bering, bu yil yer qimirlashlari kuzatilayapti. Ayrim qo‘shnilarimiz xatto yer qimirlashini ham yashirishadi. Nima uchun? Chunki bu ularning mantig‘iga qarshi", - degan janob Karimov 15 iyun kuni O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish etilgan bayonotida.

Markaziy Osiyo seysmik faol mintaqa hisoblanadi.

Shu yilning 25-26 may kunlari O‘zbekistonning qator mintaqalarida kuchli yer silkinishlari qayd etilgan.

Markazi Toshkent viloyatining To‘ytepa hamda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanlarida bo‘lgani aytilgan zilzilaning kuchi, AQSh Geologiya xizmatiga ko‘ra, Rixter shkalasi bo‘yicha 5-5.5 yarim ballni tashkil etgan.

Insoniy talofatlar haqida xabar olinmagan, ammo Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ko‘plab uylarning zarar ko‘rgani, binolar darz ketib, yo‘llarda o‘pirilishlar hosil bo‘lgani haqida xabarlar olingan.

O‘zbekiston matbuoti zilzila kuchi 3-3.5 ball bo‘lib, vayronalarga sabab bo‘lmaganini aytgan.

Hokimiyat zilziladan moddiy zarar ko‘rgan aholiga biron yordam ko‘rsatgani ma‘lum emas.

"Dunyo ostin-ustun bo‘lib ketadi"

Prezident Karimovga ko‘ra, Amudaryo va Sirdaryoning yuqori qismidagi davlatlar O‘zbekiston va Qozog‘istonni atrof-muhitga tahdid yo‘qligi, daryolarning quyi qismida joylashgan bu ikki davlat "hozirgi miqdorda va xatto ko‘proq" suv olishda davom etishlariga ishontirishlari kerak bo‘ladi.

Janob Karimov ayrim siyosatchilar tomonidan ilgari surilgan suvni sotish g‘oyasina ham qat‘iyan rad etgan.

"Qo‘shni davlatlardan birining rahbari suvning xomashyo ekani va BMT Nizomi bo‘yicha o‘zlarining bor zahiralardan foydalanishga haqli ekanliklarini aytdi. Agar suv xomashyoga aylantirilib, sotishni boshlansa, dunyo ostin-ustun bo‘lib ketmaydimi?", - degan O‘zbekiston Prezidenti.

Ayni paytda janob Karimov ziddiyatli gidroinshoot loyihalari borasida qo‘shni davlatlar bilan muzokara olib borishga tayyor yoki yo‘qligi borasida biron ishora bermagan.

Prezident Nazarboyev esa yana bir marta Qirg‘iziston va Tojikistonni suv masalasida muloqotga chaqirgan.

Kuzatuvchilar rasmiy Toshkent suv masalasida murosasiz mavq‘e‘ni egallaganiga e‘tibor qaratishadi.

O‘tgan yili Prezident Karimov suv bois mintaqada urush chiqishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

"Yaqinlashuv"

Kuzatuvchilar aholisi ko‘p O‘zbekiston va neftga boy Qozog‘iston mintaqada liderlik uchun kurashib kelishini aytadilar.

Ammo Prezident Karimov ikki davlat mintaqada raqobatchi emasliklarini aytgan.

"Qozog‘iston va O‘zbekiston raqobatchi emas, bo‘lmaydi ham", - degan janob Karimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatning "iqtisodiy shart-sharoitlari boshqacha va maqsadlari ham to‘qnashmaydi".

Prezident Nazarboyevning Toshkentga so‘nggi tashrifi mintaqaning ikki yirik davlati o‘rtasidagi "yaqinlashuv" sifatida baholanmoqda.

Tashrif chog‘ida ikki davlat rahbarlari "Strategik hamkorlik to‘g‘risida"gi bitimni imzolashgan.

Bunga qadar Ostona va Toshkent aloqalarini belgilovchi asosiy hujjat "Abadiy do‘stlik shartnomasi" edi.

Taniqli ekspert Aleksandr Knyazevga ko‘ra, "abadiy do‘stlik" davlatlar o‘rtasida ziddiyat yo‘qligini anglatsa, "strategik hamkorlik" ma‘lum holatlarda birgalikda harakat qilishni nazarda tutadi.