Ichan-Qal‘aning tarixiy mahallasidan butkul ayrilamizmi?

O‘zbekiston hukumatining jiddiy harakatlariga qaramasdan Xeva shahrining tarixiy Ichan-Qal‘asidagi ayrim binolarni saqlab qolishning imkoni topilmayapti.

Tarixiy mahallalardagi 400 dan ortiq binoni buzmasa bo‘lmaydi.

Bu haqda o‘zbekistonlik tajribali jurnalist Natalya Shulepina "Novosti Uzbekistana" ro‘znomasida chop etilgan maqolasida yozgan.

"Xevada shikastlangan uylarni buzish" deb nomlangan maqolada aytilishicha, O‘zbekiston faxri bo‘lgan tarixiy shaharni termit chumolilari beayov kemirmoqda.

1992 yilda Xevada termitlar hujumiga uchragan 3200 bino bo‘lgan bo‘lsa, 2013 yil boshiga kelib 30000 uy shikastlangani aniqlangan.

Keksa jurnalistning yozishicha, Xeva termitlar hujumiga uchrashiga Sho‘rolar zamonida "Ichan-Qal‘a" davlat arxitektura muzey-qo‘riqxonasini barpo etilishi sabab bo‘lgan.

1969 yilda muzey-qo‘riqxona ichida 26 gektar maydonda "ichki shahar" barpo etishga qaror qilinadi.

1978 yilda Xeva shahrining Bosh plani qabul qilinadi va shahar atrofini o‘ragan chuqurliklarni ko‘mib tashlashga qaror qilinadi.

"Bu chuqurliklar sizot suvlari ko‘tarilishining oldini olib kelgandi. Undan keyin yerosti suvlari ko‘tarila boshladi, chunki irrigatorlar shu yaqin atrofdan Turkman kanalini o‘tqazishdi. Ayni o‘shanda shaharning eski qabristonini buzishga qaror qilindi. Termitlarni joyidan bezovta qilib, qabriston buzib tashlandi. Aytishlaricha, mozorning o‘rnida hozir bozor joylashgan. Termitlar esa yon-atrofdagi mahallalarga yoyildilar, bu yerda ular o‘zlari uchun juda qulay sharoit topishdi. Suv ham yaqin, yegulik hamma yoqda", deb yozadi jurnalist Natalya Shulepina.

Xevadagi Juma masjidigi termitlar tahdid solayotganlari haqida matbuotda ko‘p yoritilgan.

"Novosti Uzbekistana" ro‘znomasi muxbiri O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti olimlari 2001 yilda muvaffaqiyatli eksperiment boshlaganlari, termitlarni "urug‘i bilan yo‘q qiladigan" zaharli modda ishlab chiqib, Juma masjidni asrab qolganlari haqida yozadi.

"Biz ularning eng yaxshi ko‘radigan ozuqasini izlab topganmiz. Shu ozuqaga biz turli kimyoviy yoki mikrobiologik preparatlarni aralashtirib, zaharli yem qilganmiz. Bu yemni qo‘yganimizdan keyin undan butun o‘sha urug‘ oziqlanishiga erishish kerak. Ya‘ni, bu yem qirchumolilarning ishchilari, askarlari, lichinkalariga, oxiri malikasigacha yetib borishi kerak", deb aytgandi BBC bilan 2008 yilgi suhbatda Toshkentdagi Zoologiya instituti professori Olovuddin Hamroyev.

Ammo "Ichan-Qal‘a"ning boshqa binolari shiddat bilan shikastlanayapti.

Jurnalist Shulepinaning yozishicha, hukumat termitlarni tezroq yo‘q qilish, tarixiy binolarni asrab qolish uchun ko‘plab mablag‘talab va mehnattalab amallarga qo‘l urgan.

Shu yilning o‘zida hukumatning bir necha qaror va farmoyishlari qabul qilinib, ishlar boshlangan.

So‘nggi hukumat farmoyishi nafaqat Xorazm viloyati, balki O‘zbekistonning barcha hududlarida termitlar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqish va ularni yo‘q qilish choralari belgilangan.

Hokimliklarga uylari shikastlangan oilalarga yer ajratish, binolarni buzish, yonadigan nimaiki bo‘lsa, hammasini yoqish va ana shundan keyin tuproqni termitlardan zararsizlantirishni boshlash vazifalari topshirilgan.

"Ichan-Qal‘a" devori ichkarisidagi 424 binoni buzmaslikning imkoni yo‘qligini yozadi jurnalist o‘z maqolasida.