"Dushanbe-Moskva" yo‘nalishidagi uchoqda yo‘lovchi vafot etgan

Dushanbedan Rossiyaga uchgan yo‘lovchi oshqozonida olib ketayotgan giyohvand moddadan zaharlangani taxmin qilinmoqda.

Ma‘lum bo‘lishicha, 16 iyun kuni parvoz payti yo‘lovchi o‘zini yomon his qila boshlagan.

Ekipaj a‘zolari uchoqni qo‘ndirib, bemorni Tez yordamga berishga qaror qilishgan. Biroq uchoq qo‘nishga ulgurmasdan tojikistonlik yo‘lovchi vafot etgan.

Rossiya shoshilinch xizmat xodimlari bildirishicha, uning oshqozonidagi giyohvand modda idishi yorilib ketgani o‘limga olib kelgan bo‘lishi mumkin.

Bu kabi hodisalar Rossiyaga parvoz qilayotgan yo‘nalishlarda tez-tez sodir bo‘lib turishi aytiladi.

"Oshqozonida giyohvand moddani olib o‘tmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilar ko‘rsatilgan tez yordam natijasida ko‘pincha tirik qolishadi, biroq o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, bunday jinoyatga qo‘l urayotganlar kamaymaydi", - deydi Rossiya bojxona xizmati vakili.

Giyohvand moddalarga qarshi kurash nazorati bo‘yicha federal xizmat rahbari Viktor Ivanovga ko‘ra, dunyoda giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanadigan kishilar ko‘payib bormoqda va Tojikiston afyun savdosi bo‘yicha oldingi o‘rinlarda turishi xavotirlidir.

Bu birinchidan mamlakatdagi ishsizlikka borib taqalsa, boshqa tomondan qisqa muddatda mo‘may daromad topish ilinjidagi kishilarni tinch qo‘ymayotganidir, - deydi Ivanov.

"Shu bilan birga Kuch ishlatar tizimlardagi xodimlar va Tojikistondagi yuqori lavozimli mulozimlar bu xavfli savdoga aralashgan va ularning ishlari hamisha ham oshkor qilinmasligi jinoyatning tomir otib borish sabablaridandir".

Giyohvand moddalarni nazorat qilish agentligiga ko‘ra, 1 kg geroin Afg‘onistonda 800dan 2000 dollargacha, Tojikistonda 4-5 ming dollar, Rossiyada 8-10 ming dollarga baholanadi.

Narkotrafikka qarshi kurash Tojikistonga chegaradosh Afg‘onistondagi katta hududlar hukumat tomonidan nazorat etilmasligi bois murakkabligicha qolayotganligi aytiladi.

G‘arb davlatlari Tojikiston hukumatini giyohvand moddalar olib chiqilishiga qarshi yetarli ishlar qilmayotganini tez-tez tanqid qilib keladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi boshqarmasining bundan oldin e‘lon qilgan raqamiga ko‘ra, har yili Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 90 tonna geroin olib o‘tiladi, shundan 75 tonnasi Rossiya hududiga yetib boradi.