BBC mehmoni - mustaqil jurnalist va tahlilchi Naubet Bisenov

Image caption Naubet Bisenovga ko‘ra, AQSh matbuoti Qirg‘izistondagi etnik mojaroni tubdan o‘rganmagan

BBC mehmoni - mustaqil jurnalist va tahlilchi Naubet Bisenov.

Naubet Bisenov 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik mojaroning AQSh matbuotida yoritilishini tadqiq qilgan.

Uning "2010 yilgi qirg‘iz-o‘zbek mojarosining Amerika gazetalarida yoritilishi" deb nomlangan ilmiy ishi Qirg‘izistondagi beqarorlikni keltirib chiqargan asosiy omillar, xususan siyosiy, jug‘rofiy, lingvistik, madaniy omillar, hamda mamlakat shimoli va janubi o‘rtasidagi sinfiy farqlarni o‘rgangan.

AQShning Ogayo Universitetida olib borilgan ilmiy ish quyidagi savollarga javob izlaydi:

1. Vashington Post, Nyu York Tayms va Uols Strit Jornal gazetalari 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik konfliktni ikki tomonning ham qarashlaridan kelib chiqib yoritdimi?

2. Gazetalar o‘z o‘quvchilari mazkur mojaroni yaxshiroq tushunishlari uchun mojaro ostida yotgan sabablar va tarixiy manzaraga yetarlicha e‘tibor qaratdilarmi?

Tadqiqot yuqorida tilga olingan uchta nufuzli nashrlarning Qirg‘izistondagi voqealarni yoritishda tinchlik jurnalistikasi yoki urush jurnalistikasi usullarini qo‘llagani yo qo‘llamaganini ham o‘rgangan.

Vashington Post, Nyu York Tayms va Uols Strit Jornal gazetalari xalqaro voqealarga bo‘lgan katta qiziqishi bilan Amerikadagi boshqa nashlardan ajralib turadi.

Janob Bisenovga ko‘ra, 2010 yilning 10 iyuni va 2011 yilning 4 mayi o‘rtasida Vashington Post qirg‘iz voqealariga bog‘liq 10ta maqola, to‘rtta Assoshieyted Press xabari, Nyu York Tayms 25ta maqola, bitta qisqa xabar va ikkita Assoshieyted Press xabari, Uoll Strit Jornal esa sakkizta maqola va sakkizta Dau Jouns xabari, hamda uchta Assoshieyted Press xabari va bitta Reyters xabarini chop qilganlar.

Muallif fikrida, Markaziy Osiyoning sobiq sho‘ro respublikalari G‘arb matbuotida hamon yaxshi o‘rganilmagan mavzu bo‘lib qolmoqda.

Uni Janubiy Qirg‘iziston muammosining AQSh matbuotidagi yoritilishini tadqiq qilishga, muallifning o‘zi aytishicha, AQSh matbuotidagi umumiylashtirishlar sabab bo‘lgan.

Image caption QTK hisobotiga ko‘ra, mojaroda 2,677ta imorat butkul vayron qilingan

Bisenov janoblariga ko‘ra, AQSh matbuotida o‘zbeklar zo‘ravonlikning asosiy qurbonlari, qirg‘izlar asosiy zo‘ravonlar deya ko‘rsatilgan, biroq Qirg‘iziston bo‘yicha Tergov Komissiyasi (QTK) qirg‘izlar ham qurbon bo‘lgani va ularning uy-joylariga ham yirik shikast yetkazilganini aniqlagan.

Muallif aynan mana shunday matbuot xabarlari tufayli qirg‘izlar va G‘arb jurnalistlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch yo‘qolgani va bu, o‘z navbatida, qirg‘izlarning qarashlarini o‘rganish va ma‘luot yig‘ishni qiyinlashtirganini aytadi.

Unga ko‘ra, AQSh matbuotida qirg‘iz va o‘zbek qo‘shnilar bir-birlarini himoya qilgani va birgalikda o‘z mahallalari va bozorlarini qayta qurishga uringanlari tilga olinmaydi.

U, shuningdek, AQSh matbuotidagi xabarlar asosan o‘zbeklar tomonidagi qurbonlar ko‘rsatmalariga asoslansa, qirg‘iz tomonidan asosan hukumat mulozimlari bayonotlariga tayanganini aytadi.

QTK olib borgan tergovga ko‘ra, mojaroda 470 odam halok bo‘lgan. Ularning 74 foizi o‘zbeklar, 25 foizi qirg‘izlar, 1 foizi esa boshqa kichik etnik guruhlar a‘zolari bo‘lishgan.

Mojaroda o‘qdan o‘lgan qurbonlarning 80 foizi o‘zbeklar bo‘lishgan, 19 foizi esa qirg‘izlar. Minglab odamlar jarohat olganlar.

Naubet Bisenov 1991-1996 yillarda Toshkent Davlat Universitetida yadroviy fizika mutaxassisligi bo‘yicha ta‘lim olgan. U 1994-1999 yillarda Moskva viloyatining Dubna shahridagi Yadroviy tadqiqotlar institutida ishlagan.

U 2000 yilda Toshkentdagi BBC Monitoring idorasiga Qozog‘iston matbuoti bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishga kirgan, 2005 yilda esa Olma otaga ko‘chib, mustaqil jurnalist, tahlilchi va tarjimon bo‘lib faoliyat yurita boshlagan.

U 2011-2013 yillarda AQShdagi Ogayo Universitetinining magistratura bo‘limida jurnalistika bo‘yicha ta‘lim oldi.

Naubet Bisenovga savol yo‘llamoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi formani to‘ldiring yoki uzbek@bbc.co.uk manziliga elektron maktub yo‘llang.