Namoyishchilar Gezi istirohat bog‘ini tark etmoqchi emaslar

Image copyright AFP
Image caption Namoyishchilarga ko‘ra, o‘zlarining talablari faqat Gezi parki qayta qurish loyihasi bilan cheklanmaydi.

Turkiya hukumatining Istanbuldagi Gezi istirohat bog‘ini qayta qurish rejasini to‘xtatish va‘dasiga qaramasdan, parkda norozilik amaliyotini boshlagan namoyishchilar chodir shaharchalarini tark etmaslikka qaror qilganlar.

Xabar qilinishicha, o‘zlarini "Taqsim birdamligi" deb atagan guruh a‘zolari 14 iyundan 15 iyunga o‘tar kechasi qanday yo‘l tutish masalasini muhokama qilganlar.

Uzoq bahslardan keyin norozilik aktsiyalarini davom ettirishga qaror qilganlari haqida e‘lon qilganlar.

Namoyishchilarga ko‘ra, o‘zlarining talablari faqat Gezi parki qayta qurish loyihasi bilan cheklanmaydi.

"Biz ilgari surgan talablar aniq va bizning adolatli talablarimiz hukumat tomonidan boshidanoq inkor etildi. Shundan keyin bo‘lib tashlash, fitnaga undash va qarshilikning qonuniyligini izdan chiqarish harakatlari boshlandi", deyiladi "Taqsim birdamligi" tarqatgan bayonotda.

"Biz mamlakatimizda ro‘y berayotgan har qanday adolatsizlik ro‘parasida o‘zimizning qarshiligimizni davom etdiramiz. Bu faqat boshlanishi", deyiladi guruh bayonotida.

Juma kechqurun rasmiylar Gezi parkini egallab olganlar bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Shundan so‘ng istirohat bog‘ini qayta qurish loyihasini mahkamaga olib chiqishga, mahkama qarori e‘lon qilingunicha loyihani to‘xtatib turishga qaror qilingan.

Agar mahkama qayta qurish loiyhasini qonunga zid deb topmasa, hukumat uni referendumga qo‘yajagi haqida e‘lon qilgan.

Muxbirlarga ko‘ra, loyihani to‘xtatish qarori Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘onning yon berishidir.

Janob Erdo‘g‘on Gezi parkini egallab olganlarni tarqalishga chaqirgan.

"Siz bu yerda ancha uzoq vaqt bo‘ldingiz. Sizga quloq tutishdi. Endi yana nega u yerda o‘tiripsiz?", deb aytgan Bosh vazir Erdo‘g‘on.

Poytaxt Anqarada esa tunda politsiya norozi namoyishchilarni kuch bilan tarqatgan.

30 ga yaqin namoyshchi hibsga olingan.