O‘zbek va qirg‘iz chegarachilari Qo‘qonda uchrashdi

Image caption Chegarada 60 ga yaqin bahsli xudud mavjud

15 iyun kuni o‘tgan uchrashuvda chegara hodisalari kamaygani qayd etilgan va demarkatsiya qilinmagan xududlarni birgalikda qo‘riqlashga kelishilgan.

Qirg‘iz tomoni tarqatgan xabarda aytilishicha, uchrashuvda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi vazifasini bajaruvchi, polkovnik Taalaybek Usubaliyev va O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisining o‘rinbosari, MXX chegara qo‘shinlari boshlig‘i Rustam Eminjonov, shuningdek, chegara bo‘linmalari boshliqlari ishtirok etgan.

Tomonlar davlat chegarasining ma‘lum xududlarini birgalikda qo‘riqlash natijalarini mahokama etishgan.

Rasmiylar birgalikda qo‘riqlash natijasida chegara hodisalarining kamayganini qayd etganlar.

Ammo kuzatuvchilar o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatning tarangligicha qolayotganini aytishadi.

Bahsli xududlar

Shu yil boshida O‘zbekistonning So‘x anklavida yuz bergan hodisa so‘nggi yillardagi eng yirik chegara inqiroziga sabab bo‘lgan.

Hodisada bir necha o‘zbek fuqarolari yaralangan, qirg‘izlar garovga olingan.

Qirg‘iz tomoni hodisalarning asosiy sababi chegaraning hanuzgacha to‘liq demarkatsiya qilinmagani, deb hisoblaydi.

Ikki o‘rtada 58 ta bahsli xudud, shuningdek, yirik anklav va eksklavlar mavjud.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasining uzunligi 1378 kilometr bo‘lib, shundan 1007 kilometri aniqlangan.

Shu yil martida qirg‘iz tomoni O‘zbekiston demarkatsiya jarayonini tezlashtirishni so‘rab qilingan murojaatlarga javob bermayotganidan shikoyat qilgan.

O‘zbekiston chegaraning katta qismini simto‘rlar va handaqlar bilan o‘rab olgan.

Shunga qaramasdan, 2010 yil iyunidagi O‘sh va Jalolobod hodisalari chog‘ida yuz minglab o‘zbek qochqinlari chegarani kesib o‘tishgan.

So‘nggi yillarda qirg‘iz tomonining O‘zbekistonga chegara borasidagi e‘tirozlari ko‘paygani kuzatiladi.

Qirg‘iz parlamenti O‘zbekiston ishlatayotgan Botken tumanidagi neft va gaz konlarini qaytarib olishni talab qilgan.

O‘tgan yili O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi neft va gaz konlari joylashgan Burgandi bahsli xududida qirg‘iz fuqarolarining noqonuniy harakatlanayotganidan norozilik bildirgan.