"Afg‘oniston hukumati Tolibon bilan muzokaralar boshlaydi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Tolibon Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar taklifini rad etib kelayotgandi

Oq Uyga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bir necha kun ichida Tolibon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni ochib beradi.

Yig‘in Qatarda bo‘lib o‘tadi. Afg‘on isyonkorlari uzoq vaqtdan beri Qatar poytaxti Dohada o‘z rasmiy idoralari ochilishini kutishayotgan edi.

Avvalroq, Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay yuqori martabali hay‘at Tolibon bilan muzokaralar uchun jo‘natilishi haqida e‘lon qilgandi.

"Bizning Afg‘oniston Tinchlik kengashi va Tolibon o‘rtasidagi muzokaralar uchun shartlarimiz yo‘q. Ammo, muzokaralar asosini kelishib olganmiz. Asosiy gap shuki - Qatarda boshlanadigan muzokaralar zudlik bilan Afg‘onistonga ko‘chirilishi shart. Ikkinchidan, mazkur muloqot Afg‘onistondagi noqarorliklarga barham berishi kerak. Uchinchidan, muzokaralar hech bir uchinchi davlat tomonidan o‘zi yoki uning Afg‘onistondagi manfaatlari uchun foydalanilmasligi kerak", deb aytgan janob Karzay.

Afg‘oniston hukumati Tolibon bilan muzokaralar yo‘lidagi sa‘y-harakatlari muayyan vaqtdan beri olib borayotgandi.

Ammo, buning uchun u toliblar zo‘ravonliklardan voz kechishi va mamlakat bosh qonunini tan olishi lozimligini aytgandi.

Tolibon tarafi esa, toki Ameriko kuchlari Afg‘onistonda qolarkan, janob Karzay va yo uning "qo‘g‘irchoq hukumati" bilan hech qanday muloqotga bormasligini ta‘kidlab kelgandi.

Afg‘onistondan harbiy tahlilchi Mavlaviy Abdulmo‘min Makrid bu yangilik yaxshilik alomati degan fikrni bildiradi.