Hasan Choriyevning taqdiri noma‘lumligicha qolmoqda

Image caption Faollar Hasan Choriyev o‘g‘lining siyosiy faoliyati uchun ta‘qib etilayotganiga ishonadilar

O‘zbekistonlik muxolifatchi, "Birdamlik" harakati rahbari Bahodir Choriyevning otasi ikki kundirki, bedarak ketgan.

71 yoshli Hasan ota ikki kun avval qiziga qo‘ng‘iroq qilib, Qashqadaryo viloyatining tergov hibsxonasida ekanini xabar qilgan.

Biroq inson huquqlari faollarining uni topish bo‘yicha harakatlari hozirga qadar natija bermagan.

Ichki ishlar boshqarmasi uni ushlab turganini tasdiqlamagan.

Yaqinlari uning taqdiridan xavotirda ekanliklarini aytishmoqda.

"Birdamlik"ning O‘zbekistondagi faoli Malohat Eshonqulovaning BBCga aytishicha, ular seshanba kuni Hasan Choriyevni qidirib, Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga borishgan.

Boshqarmaning tergov hibsxonasiga mahbuslarni olib kelgan haydovchi "70 dan oshgan otaxon"ni ko‘rgani, uni sud-tibbiy ekspertizaga olib ketishganini aytgan.

"Hasan Choriyev viloyat yoki Qarshi shahar vaqtinchalik tergov hibsxonasida saqlanayotgan bo‘lishi mumkin", - deydi Malohat Eshonqulova.

Muxolifat faoli nima uchun Hasan Choriyevning hibsga olingani sir saqlanayotganidan taajjubda ekanliklarini aytadi.

Ota uchun o‘g‘il javobgarmi?

Hasan Choriyevning nima uchun hibsga olingani va qanday harakatlarda gumon qilinayotgani ma‘lum emas.

Ayni paytda yaqinlari unga nisbatan qidiruv e‘lon qilish haqidagi ariza bilan militsiyaga murojaat etishgan.

Malohat Eshonqulova Hasan Choriyevning hibsga olinishini uning o‘g‘li, AQShda yashayotgan "Birdamlik" rahbari Bahodir Choriyevning siyosiy faoliyati bilan bog‘laydi.

Hasan Choriyev o‘tgan yil oktyabrida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 139-moddasi - "tuhmat" qilishda ayblanib, mahkamaga tortilgandi.

Jinoyat ishiga uning Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimi ustidan Milliy Xavfsizlik Xizmatining mahalliy bo‘limiga shikoyat bilan murojaat qilgani sabab bo‘lgan.

O‘z arizasida u tuman hokimini dastlab o‘ziga tegishli, keyinchalik esa mahkama qarori bilan davlat qaramog‘iga o‘tkazilgan 37 gektar yerdan noqonuniy foydalanishda ayblagan.

Mahkama arizachining da‘volarini rad etgan va Hasan Choriyevning o‘zini yirik miqdordagi jarimaga tortgan.