"Toshkentdagi archalar va oq imoratlar qabristonni eslatadi"

Toshkentda archa daraxtiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani o‘tkazgan Nosvoy (Nas WHY?) art guruhi huquq tartibot idoralarining nazariga tushgan. Militsiya ko‘rgazma bo‘lib o‘tgan xususiy xovli haqida ma‘lumot yig‘a boshlagan.

Archa daraxti O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab eng an‘anaviy daraxt turiga aylanayapti, yuz yillik chinorlar yo‘q qilingan Amir Temur hiyobonidan tortib, bank va muzeylar qarshisiga, yo‘llar bo‘ylariga archa o‘tqazilmoqda.

"Mening sevimli daraxtim" ko‘rgazmasini tashkil qilgan guruhning bir a‘zosiga ko‘ra, ko‘p joylarda archalar qurib yotganini ko‘rish mumkin, chunki quruq o‘zbek iqlimiga mos kelmagan archalar yetarlicha sug‘orilmayapti.

Guruhning boshqa a‘zosi esa Toshkentni maqbaralarga o‘xshagan qator-qator oq binolar va archalar qoplagan qabristonga qiyoslaydi.

Ko‘rgazma ishtirokchilariga ko‘ra, archa Prezident Islom Karimovning eng sevimli daraxtidir.

BBC ko‘rgazmani tashkil qilgan rassomlardan ba‘zilari - Nasvayshchik, Lyubov Koltso va Luiz bilan suhbatlashdi.

Nasvayshchik: Ko‘rgazma 9 iyunda eski bir uyning hovlisida bo‘lib o‘tdi. Barcha rasmiy san‘at galereyalari bu ko‘rgazmani o‘zlarida o‘tkazishdan bosh tortishdi. Shuning uchun oddiygina hovlida o‘tkazdik. Bu ko‘rgazmadan galereyalar qo‘rqishdi. Butun xalq sevadigan bu daraxtni, archa daraxtini ko‘rganda hammada hukumat bilan bog‘liq fikrlar uyg‘onadi va qo‘rquv paydo bo‘ladi.

BBC: Demak archalardan qo‘rqishayapti, shundaymi?

Nasvayshchik: Archa bu yerda bir ramzdek taqdim etilayapti, uning o‘ziga yarasha metafizik kuchi bor. Masalan, Toshkentda kimdir do‘kon ochsa, yoki uy qursa, bu imoratning oldiga archa o‘tqazish an‘anaga aylandi. Bu huddi hukumatga xayrixohlikni anglatuvchi bir ishora. Masalan bir uyning oldidan o‘ta turib, uning oldida archani ko‘rsangiz, demak bu uy egasi hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydigan shaxs deb tushunish mumkin. Balki bu shaxs shu hukumatning vakili hamdir.

BBC: Agar archani butun O‘zbekistonning eng an‘anaviy daraxti deb qabul qilishgan bo‘lsa, nima uchun uni ko‘rgazmaga qo‘yishdan qo‘rqadi rasmiy galereyalar?

Nasvayshchik: U aslida O‘zbekiston uchun an‘anaviy daraxt emas. Iqlim sharoitlarini olib qarasak, Toshkentda har doim ko‘p soya tashlaydigan katta daraxtlar o‘tqazilgan. Archa esa faqat o‘z ichiga soya tashlaydi. Biz ana shu masalani tadqiq qilishga kirishdik. Lekin, biz hozir yuz tutayotgan muammo, bu rasmiylarning munosabati bo‘layapti. 14 va 15 iyun kunlari oltita militsioner kelib, shu hovli atrofidagi uchta uyning barcha yashovchilarini so‘roq qilishgan. Odamlar militsiyaga bu ko‘rgazma ularga yoqqani va unda hech qanday siyosiy yo‘nalishni ko‘rmaganlarini aytishgan, va nima uchun so‘roq qilinayotganlarini so‘raganlar. Militsiya esa shu ko‘rgazmani o‘tkazgan rassomlardan biri ko‘rgazma o‘tgan hovlida qotillikka qo‘l urganini bildirganlar. Qo‘shnilar endi qo‘rqib qolishgan. Ular bizdan so‘rashayapti, "kim o‘ldirildi", deb. "Qanday dahshat", deyishayapti. Juda qo‘rqib qolishgan.

BBC: Sizlarni, ya‘ni rassomlarni, militsiya so‘roq qildimi hech?

Nasvayshchik: Yo‘q. Militsiya kelgan vaqti art gruppamizning bir a‘zosi shu hovlidagi ustaxonasida bo‘lgan. Qo‘shnilar militsiyadan "Nima uchun uning o‘zini so‘roq qilmaysiz?" deb so‘raganlarida, militsionerlar u haqida yetarli ma‘lumotga ega ekani va vaqti kelganda uning oldiga tashrif buyurishlarini aytishgan, xolos.

BBC: Maqsadingiz nima edi archa haqida ko‘rgazma o‘tkazishdan?

Nasvayshchik: Bu atrofimizda bo‘layotgan voqe‘likka bo‘lgan munosabatimiz. Biz hozirgi kunning o‘zida nimalar bo‘layotganini san‘at tili bilan hikoya qilayapmiz. Bizga bir olmoniyalik tomoshabin keldi. Ularda "Ko‘zingga pomidor tushibdi" degan ibora bor ekan. Men unga "endi ko‘zingga archa tushdi" dedim. Ya‘ni ko‘zingizga archa tushsa, atrofda nimalar bo‘layotganini payqamay qolishingiz mumkin.

BBC: O‘zbekistonda archadan boshqa ijtimoiy muammolar ko‘p. Masalan ishsizlik, yoki bolalar mehnati. Nega aynan archa masalasiga to‘xtaldingiz?

Nasvayshchik: Bilasizmi, u kabi muammolar bilan shug‘ullanadigan muayyan tashkilotlar bor. Masalan, UNESCO, yoki inson haqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar. Biz esa rassomlarmiz. Archa esa - metafora. Biz o‘z fikrimizni izhor qilish uchun tanlagan usul esa - badiiy jest.

BBC: Lyubov Koltso, sizga so‘z bersak. Siz ko‘rgazmaga qo‘ygan ob‘ektda to‘qmoq ustida archa o‘rnatilgan. Bu bilan nima demoqchi edingiz?

Lyubov Koltso: Bu proyekt "Chinni g‘ilof" deb ataladi. G‘ilof oppoq rangda, uning ortida esa to‘qmoq yashiringan. Tikki turgan to‘qmoqning tepasida esa archa qad rostlagan. G‘ilofning ichki tarafi oynada aks etadi. Mana shu oyna bugungi vaziyatni tushunish jarayonidagi qo‘rquv hissini anglatadi. Aytmoqchi bo‘lganim, hukumat uchun odamlar orasida qo‘rquv bo‘lgani qo‘l keladi. Hukumat aynan shu qo‘rquv hissi yordamida olomonni boshqarishga muvaffaq bo‘ladi.

BBC: To‘qmoq tepasidagi archa nimani anglatadi?

Lyubov Koltso: Archa to‘qmoq uchidagi nayzasimon gumbazdek gavdalanadi. Bu archa hukumatning mohiyatini yashirgandek. Ya‘ni, bu jozibador yashil archaning ortida hukumatning qudrati va tahdidi yashiringan. To‘qmoq bir qarashda ko‘rinmaydi. Odamlar esa archa ostida yashiringan to‘qmoq borligini anglab yetishgan va qo‘rqishadi.

BBC: Siz ham Toshkent bo‘ylab sayr qilayotganinizda, archani ko‘rsangiz, qo‘rqasizmi?

Lyubov Koltso: Bilasizmi, Toshkentda xuddi yirik bir yodgorlik majmuasini yaratishayotgandek tuyuladi menga. Bu menga hatto Stalin davrlarini eslatadi. Menga archalar dag‘allik va parda ortidagi post-Sovet hududining despotizmidek ko‘rinadi. Shahar huddi qabristonni eslatadi. Qator-qator imoratlar, atrofida esa archalar... Mana shu yangicha me‘morchilik usuli menda, rassomda, bahaybat qabriston hissini uyg‘otayapti. Uni militsiya himoya qiladi. U yerda yig‘ilib, nimanidir nishonlash taqiqlanadi. U tinch, sokin saqlanadi. Maysaning ustiga o‘tirish taqiqlanadi. Odamlar o‘tirib dam olishi zarur bo‘lgan rasta yo qahvaxonalar yo‘q qilingan. Yoz oylarida Toshkent markazi huvillab qoladi. Bu yirik bir memorial kompleksiga o‘xshaydi.

BBC: Suhbatga Luizni jalb qilsak. Luiz siz belgiyaliksiz, lekin Toshkentda yashab ijod qilar ekansiz. Xorijlik odam sifatida, sizga o‘zbekistonliklarning archaga bu kabi ruju qo‘yishi qanday tuyuladi?

Luiz: Menda bu fikr ancha avvalroq paydo bo‘lgandi. Men qurilish maydonlarini yashirib turadigan soxta devorlar, ya‘ni plastik bannerlarni ko‘rganimda, ularda archalar surati aks etganiga guvoh bo‘ldim. Nima uchun aynan shu daraxtni tanlashdi, nima uchun Markaziy Osiyoda, deb o‘ylanib qoldim. Markaziy Osiyo ancha quruq iqlimga ega, suv kam. Bu daraxtlar na soya yo na meva beradi. U insonlar farovonligi uchun biron xizmat qilmaydi. Xalq haqida qayg‘urgan odam archa o‘tqazmaydi. Shuning uchun, bu archalar menga O‘zbekistondagi voqe‘likning metaforasi sifatida gavdalandi. Bu bannerlar orqasida nimalarnidir yashirish usuli ham ramziy ahamiyatga ega.

BBC: Siz archalarni ko‘rganda nimani his qilasiz? Sizni ham qo‘rquv bosadimi?

Luiz: Yo‘q, qo‘rquv emas, g‘am bosadi. Chunki, bu bechora daraxtlar bu iqlimda azob chekishayapti. Kecha Samarqandga borgandim, yo‘l bo‘yida yuzlab archalar qurib, o‘layotganiga guvoh bo‘ldim. Ularni ko‘p sug‘orish kerak. Ularning hamma joyda o‘tqazilishi menga bema‘nilikdek tuyalayapti.

BBC: Sizningcha, nima uchun archalarni buncha ko‘p o‘tqazishayapti O‘zbekistonda?

Luiz: Chunki u Prezident Islom Karimovning eng yaxshi ko‘rgan daraxti.

BBC: Siz buni qayerdan bilasiz? Uning o‘zi shunday deb aytganmi?

Luiz: Bilmayman, lekin hammaning og‘zidagi mish-mish shu - bu daraxtni prezident yaxshi ko‘rar ekan. Archalar go‘yoki havoni tozalar ekan. Men ko‘p odamlardan bu haqida so‘radim, ko‘plar javob berishga qiynaldi, lekin ba‘zilar archalar havoni tozalashini aytishdi. Shaxsan men uchun bu ramziy ma‘noga ega. Gap bu yerda tartib haqida ketayapti. Archalar boshqa daraxtlarga o‘xshab barglarini to‘kishmaydi. Ular atrofni bulg‘amaydi. Ular har doim tikka o‘sishadi. Boshqa daraxtlar esa qiyshiq-miyshiq o‘sishi mumkin. Archa, menimcha, tartibni afzal ko‘radigan odamga mos keladi. Prezident Karimov ham shunday odam. U tartibsizlikni hush ko‘rmaydigan odam. Tabiat esa tartibsiz, boshboshdoq.