Eshigi barcha uchun birdek ochiq masjid qanday bo‘ladi?

Buyuk britaniyalik bir guruh musulmonlar erkagu ayol yonma-yon namoz o‘qishi va besoqolbozlarga ham eshiklari ochiq bo‘lgan masjid ochish istagini bildirishgan.

Barchani o‘z ichiga oluvchi Masjid Tashabbusi tashkilotining o‘zi esa, o‘tgan yil noyabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan.

"Biz musulmonlarga namoz o‘qish va bir-birlari bilan uchrashishlari mumkin bo‘lgan muqobil bir yer taklif qilmoqchimiz", deydi tashkilot muvofiqlashtiruvchisi Tamsila Tavkir.

"Ular sunniy yoki shia, an‘anador yoki besoqolboz, oilali yoki yolg‘iz bo‘lishlari mumkin, biz hech kimni kamsitmaymiz", deydi u.

Tashkilot, hatto, bu kabi masjidlarda ayol kishi imomlik qilishi mumkin, demoqda.

Xos xonalari bo‘lmagani yoki erkak va ayol alohida, alohida namoz o‘qishi shart, deb ishonilgani uchunmi, aksariyat masjidlarda ayollar juma namozlariga imomlik qila olishmaydi.

Ayol kishi imomlik qilganda

London shimolida bir guruh musulmonlar ayol kishi imomligi ostida o‘z namozlarini o‘qib bitirishdi.

Namoz ortidan boshlanib ketgan bahslarining asosiy mavzusi esa, Islom dini va matbuotdagi salbiy chiqishlarga qaramay, odamlar nega o‘z dinlariga bunchalar sodiq qolishayotgani haqida edi.

Londonda joylashgan The Hittin Institute islomiy tadqiqotlar markazi vakili imom Adnan Rashid bu tashabbus haqida umuman boshqacha fikrda.

"Musulmonlar asrlarosha shakllanib kelgan qadriyatlarga ishonishadi va ular o‘zgarmaydi".

"Qur‘on, payg‘ambarona mavqe‘ ham o‘zgarishsiz qoladi. Islomiy tafakkur tarzi va urf-odatlar ham o‘zgarmaydi".

"Shunday ekan, bu kabi masjidlarda qanday ma‘ni bor", deydi imom Adnan Rashid.

BBC bu tashabbus haqida munosabatlarini bilish uchun Britaniya Musulmonlar Kengashi va Masjidu Imomlarning Milliy Maslahat Hay‘atiga ham bog‘landi.

Ammo har ikki tashkilot ham uni izohlashdan bosh tortishdi.

Britaniyadagi 60 ga yaqin masjidni namoyon etuvchi Lankashir Masjidlar Kengashi ham so‘rovimizga javob bermadi.

Musulmonlar o‘zlarining oralarida esa, yangi tashabbus qorishiq munosabatga sabab bo‘ldi.

"Erkaklarning e‘tiborini chalg‘itadi"

Ulardan biri bilan suhbatimiz Lankashirdagi yangi qurilgan masjid tashqarisida kechadi.

"Menimcha, erkak va ayolning masjidga birga borishlari maqbul ish emas. Bu erkaklarni yo‘ldan urishi mumkin. Kimlardir ayollar bilan chiqisholmaydi. Shuning uchun ham, xotin-qizlarning uyda namoz o‘qiganlari ma‘qul", deydi Muhammad Shohid.

Do‘sti Shazad Xon esa, e‘tiborini yangi tashabbusning boshqa bir jihatiga qaratadi.

"Menimcha, besoqolbozlarning masjidga kirishlariga izn bermaslik kerak. Ular musulmon emaslar. Shunday ekan, qanday qilib namoz o‘qishga borishlari mumkin?", deydi u.

Yana bir suhbatdoshimiz Ali Nur butkul boshqacha qarashni izhor etadi.

"Men bunga yaxshi qarayman. Chunki barchaga, ayniqsa, mayib-majruhlarga birdek imkoniyat yaratadi. Bu haqda ancha avval o‘ylanishi lozim edi. Biroq shu paytgacha bu ish hech kimning xayoliga ham kelmagandi".

"Erkak boshchi bo‘lishi kerak"

Barchani o‘z ichiga oluvchi Masjid Tashabbusi tashkilotining London shimolida bo‘lib o‘tgan yig‘ini ishtirokchilari esa, jamoalarining munosabatidan qo‘rqib, ism-shariflarini tilga olishimizni istashmadi.

Ammo, ulardan birining aytishicha, "masjidlarda patriarxatlik bilan bog‘liq muammolar bor".

"Shuning uchun, ayollarning masjidlarga kirishlariga izn berilgan taqdirda ham, boshchilik qilishlariga ruxsat yo‘q", deydi u.

"Ularning erkak orqali o‘z ovozlarini eshittirishlari lozim ko‘riladi. Menimcha, bu - Islomga zid va adolatdan emas".

Tashabbuslaringni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlarmikan, degan savolimizga esa, bunga umid qilib qolishini aytadi.

Unga ko‘ra, agar odamlar boshqa tanlov imkoniyati borligini bilishsa, undan foydalanishadi.

Hatto, tashkilotimizga qo‘shilmagan taqdirlaridan ham, boshqa masjidlarga boruvchilarning soniga ta‘sir qilishi mumkin, deydi u.

Yigirma yoshlardagi musulmon talaba, "Qanday yashashni o‘rgatishga hech kim haqli emasligi, bu - ko‘proq odamning o‘zi Islomni o‘qib, o‘rganib, bir xulosaga kelishiga bog‘liq masala ekani"ni ta‘kidlaydi.

Baynalmilal masjidlar

Buyuk Britaniyada foydalanuvchilari soni ozchilik esa-da, baynalmilal masjidlar Hindistonning Shrinagari va Malayziyaning Kuala-Lumpuriga qadar kirib borgan xalqaro tarmoqning bir qismi.

Bundan tashqari, ular AQSh, Kanada, Janubiy Afrika, Avstraliya va Shvetsiyada o‘zlarini dastaklovchi tarmoqlarga egalar.

Ularning yakuniy maqsadlari esa, baynalmilal masjidlar tarmog‘ini yaratish.

Tavkir xonim o‘zlarining amallari gij-gijlovchi, deb ko‘rilishi mumkinligi xavfini ham inkor etmaydi.

"Ayrim odamlarning nazarlarida bu - ziddiyatli amal. Ammo bizning qarashimiz boshqacha. Biz hech kimning ko‘ksidan itarmaydigan joyni barpo etmoqchimiz".

"Biz bosh musulmon jamoasiga o‘zimizning ekstremist emasligimiz, ammo turfa toifa insonlarni namoyon etishimizni ko‘rsatmoqchimiz".