Ravshan Ermatov Braziliya-Italiya o‘yiniga hakamlik qiladi

Image caption 35 yoshli Ravshan Ermatov to‘rt karra "Osiyoning eng zo‘r hakami", deb topilgan va "Dunyodagi eng zo‘r hakam"lardan bittasi sifatida ham ko‘riladi

Ikki nahang milliy terma jamoa Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan Konfederatsiya Kubogi "A" guruhi so‘nggi bosqich saralash uchrashuvida bir-birlariga qarshi maydonga tushishadi.

Uzoq yillik ashaddiy raqiblar ertaga shanba 22 iyun kuni guruh peshqadamligi uchun bellashishadi.

Chunki ikki o‘yindan oltidan ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan ikkovlon allaqachon yarim finalga yo‘llanmani naqd qilishgan.

Ulardan tashqari yagona kubok uchun Meksika, Yaponiya, Ispaniya, Nigeriya, Urugvay va Taiti kurash olib borishmoqda.

Bu – o‘zbekistonlik taniqli hakamning Konfederatsiya Kubogidagi ilk uchrashuvi bo‘ladi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, Ravshan Ermatov brigadasi bungacha Konfederatsiya Kubogida hech qachon hakamlik qilmagan.

Bu yil to‘qqizinchi marotaba o‘tkazilayotgan Konfederatsiya Kubogi FIFA doirasidagi eng nufuzli futbol turnirlaridan biri sanaladi.

Ushbu bellashuvda har bir qit‘aning amaldagi chempionlari (AFK, UEFA, OFK, KONMEBOL, KONKAKAF) bilan birga so‘nggi jahon chempionati g‘olibi va mezbon davlat milliy terma jamoasi ishtirok etadi.

Bu yilgi Konfederatsiya Kubogi o‘yinlari 15 iyun kuni start olgan va 30 iyunga qadar davom etadi.

Ilk bor to‘pning darvoza chizig‘ini kesib o‘tgan-o‘tmaganligini aniqlovchi zamonaviy uskuna ham sinab ko‘rilayotgan turnir 2014 yilgi jahon chempionatiga o‘ziga xos hozirlik sifatida ham ko‘rilmoqda.

Braziliyalik tashkilotchilar esa, bir necha kundan buyon davom etayotgan yirik ommaviy namoyishlarga qaramay, Konfederatsiya Kubogi bahslari bekor qilinmasligini aytishmoqda.

O‘zbekistonlik taniqli hakam Ravshan Ermatov bungacha so‘nggi jahon chempionati, London Yozgi Olimpiada O‘yinlari, Osiyo Futbol konfederatsiyasi musobaqalari, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati va Osiyo Chempionlar ligasi final uchrashuvlarini boshqargan.

Bu galgi Konfederatsiya Kubogi bahslariga Osiyo qit‘asidan Ravshan Ermatovdan tashqari, yaponiyalik hakam Yuichi Nishimura ham taklif etilgan.

35 yoshli Ravshan Ermatov to‘rt karra "Osiyoning eng zo‘r hakami", deb topilgan va "Dunyodagi eng zo‘r hakam"lardan bittasi sifatida ham ko‘riladi.