Karimov mehnat muhojirlarini "dangasa" deb atab, ulardan "jirkanish"ini bildirdi

Image copyright AFP
Image caption Islom Karimov Moskvada ko‘cha supurayotgan o‘zbeklardan jirkanishini aytadi

Prezident Islom Karimov Moskva ko‘chalarini supurayotgan o‘zbeklarni "dangasalar" deb atagan va ularni "tilamchilar"ga tenglashtirgan.

"Dangasalar deb kimni hisoblayman? Ho‘v Moskvani borib ko‘chalarini, maydonlarini supuradiganlarni. O‘tta nima yo‘q... Odam jirkanadi, ki o‘zbek millatidan shunaqa borib, o‘ziga bir burda non topish uchun shu yoqqa borishi kerak ekan. Ha, O‘zbekistonning o‘zida hech kim ochlikdan o‘layotgani yo‘q!" - deb aytgan Jizzax viloyatiga safari chog‘ida viloyat fermerlari va faollari bilan uchrashgan prezident Karimov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, ish topish uchun xorijga chiqib ketganlar "sharmanda qiladi hammamizni".

"Endi tilamchi bo‘lib, ko‘chaga chiqib, qo‘lini uzatib so‘rash, odamning or-nomusiga qattiq tegadi. O‘zbek millati nima bilan ajralib turadi boshqalardan? Or-nomusi bilan. O‘lim bilan barobar emasmi bu?! Bunaqalarni dangasa deymanki, katta pul tezroq topish uchun u yoqqa borib, sharmanda qiladi hammamizni," - deb aytgan Islom Karimov.

O‘zbekiston prezidentining mehnat muhojirlari haqida bildirgan bunday fikrlari 20 iyun kuni O‘zbekiston Televideniyesi orqali uning Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga safariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvda namoyish etilgan.

Prezident Islom Karimov ikkinchi bor o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari haqida gapirmoqda.

Image copyright none
Image caption Rossiyadan o‘zbek mehnat muhojirlari yuborgan mablag‘ O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 10 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi

Yil boshida hukumat majlisida gapirgan janob Karimov chetda qiynalib ishlayotgan millionlab o‘zbek muhojirlari ahvoliga ilk bora e‘tibor qaratib, O‘zbekistondagi ishsizlikni tan olgandi.

"Uch yil o‘qib, mutaxassis bo‘lgan kollej bitiruvchisi qayerdan ish topadi?" - degandi Islom Karimov - "Men bolalarimizning ish qidirib, sarson bo‘lishini tasavvur ham qilolmayman".

Agar, rasmiy raqamlarga qaralsa, Rossiya va Qozog‘istondagi ham qonuniy, ham noqonuniy ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar soni 5 million atrofida.

Ularning ko‘pchiligi qiyin sharoitlarda, haq-huquqsiz va eng og‘ir ishlarni qilib, pul topishadi.

O‘zbekiston ichkarisida esa, odatda, bu kabi muhojirlarni boriga qanoat qilmasdan, boylik orttirish uchun chetga ketgan noshukurlar sifatida tasvirlashadi va hatto, mashhur ashulachilar muhojirlarni qoralab qo‘shiqlar aytishgan.

Ammo O‘zbekiston iqtisodida muhojirlar jo‘natadigan pullarning salmog‘i juda katta va ularning O‘zbekistonda qolgan oilalari aynan ana shu mablag‘ evaziga kun ko‘rayotgani, uy solib, to‘y qilayotgani aytiladi.

Rossiya Markaziy Bankining so‘nggi ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari 2012 yili o‘z Vatanlariga 6 milliard dollarga yaqin pul yuborishgan.

AQSh Markaziy Istihborot Agentligi hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2012 yilda 51 milliard dollardan sal ko‘proq bo‘lgan.

Bu raqam birgina Rossiyadan mehnat muhojirlari yuborgan mablag‘ O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 10 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi va O‘zbekistonning paxta va gaz eksporti daromadidan ko‘proqdir.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.