Falastinlik qo‘shiqchi "Arab Idol" tanlovida g‘olib bo‘ldi

Image copyright AFP
Image caption G‘azoliklar Muhammad Assafning g‘alabasidan cheksiz ruhlanishdi.

G‘azodagi qochqinlar jamlog‘idan chiqqan qo‘shiqchining joriy yilgi Arab Aydol televizion tanlovida g‘olib chiqqani Falastinda katta tantana qilinmoqda.

23 yoshli Muhammad Assaf musobaqaning so‘nggi bosqichga chiqa olgan ilk falastinlikdir.

U o‘zining vatanparvalik ruhidagi qo‘shig‘i va o‘zi haqidagi hikoyasi bilan arab dunyosidagi ishqibozlarning ko‘nglidan joy ola bilgan.

Prezident Mahmud Abbos Muhammad Assafning g‘alabasi faxrlanishga arzigulik ekanini aytgan.

Falastin bo‘ylab esa, keng ko‘lamli tantanalar boshlanib ketgan.

Vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqning fidoyilik va orzu-istaklar bilan yo‘g‘rilgani Muhammad Assafga g‘alaba keltirdi, deydi tanlovni G‘azo shahridan turib kuzatgan muxbirimiz Yolande Knell.

Biroq, ko‘plab falastinliklar uning muvaffaqiyatini shaxsiy kelib chiqishi haqidagi hikoyaga bog‘lashadi.

G‘azodagi Xon Yunus qochqinlar jamlog‘idagi kambag‘algina oilada katta bo‘lgan 23 yoshli Muhammad Assaf avval faqat to‘y-tomoshalarda xizmat qilgan.

Qo‘shni Misrda o‘tgan Arab Idol qo‘shiqlar tanloviga borishga, chegarani kesib o‘tishga ko‘maklashadigan qudratli tanish-bilishlari bo‘lmagan. U qariyb tanlovdan qolib ketayozgandi.

Ammo, tanlov oxirida Muhammad Assaf g‘olib deya e‘lon qilinarkan, G‘azo bo‘ylab his-tuyg‘ular junbushga keldi. Mushakbozlik, yoshlarning tantanalari boshlanib ketdi. Ular xursandchilikdan ko‘chalarda raqsga tushdilar. Ishqibozlardan biri ushbu g‘alaba sirtdan qaragandan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega ekanini aytadi.

"Muhammad Assaf butun dunyoga bizning mujdamizni yo‘lladi. Biz jang qilishni, urushni istamaymiz. Biz boshqalar kabi o‘z haqlarimizga ega bo‘lishni istaymiz. Barcha falastinliklar behad xursand, biz uchun shunday narsa zarur edi", - deydi.

Falastin Prezidenti qo‘shiqchiga diplomatik pasport, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bergan. Bu unga yaqin kelajakda ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil borishga va G‘azo bo‘lgasida ham qo‘shiq kuylashga imkon beradi.