Guardian taqiqlangan o‘zbek pop qo‘shiqchilari va Gugushani solishtirdi

Image caption Gulnora Karimovaning vatanparvalik mavzusini chetlab o‘tadigan qo‘shiqlari O‘zbeknavo tomonidan muhokama etilmagan

Britaniyada chop etiladigan Guardian ro‘znomasining shanba kungi sonida O‘zbeknavo estrada birlashmasi qator san‘atkorlarning litsenziyalarini bekor qilgani haqida maqola chop etilgan.

Shu hafta O‘zbeknavo tomonidan chiqarilgan buyruqda Dilfuza Rahimova, Otabek Mutalxo‘jayev, Dilshod Rahmonov, shuningdek, Ummon va Mango guruhlarining qo‘shiqlari "milliy qadriyatlar va mentalitetga zid" ekanligi haqida aytilgan.

Yana qator qo‘shiqchilar ogohlantirilib, ijodlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilangan.

Gardian yozishicha, O‘zbekistonda hayotning hamma jihatlari uzoq muddatdan beri qudratda bo‘lib kelgan Prezident Islom Karimov rahbarligi ostida qattiq nazorat qilinadi. Uning qizi Gulnora Karimova ham turli sahnalarda tez-tez ko‘rinish berib turadi va u ham qo‘shiqchilik sohasida o‘z intilishlariga ega.

Yanvar oyida u frantsiyalik mashhur aktyor Jerar Deparde bilan bir klipni suratga tushirdi. Bundan tashqari Gugusha taxallusi ostida ikki albom ham chiqargan. O‘z madaniy faoliyatining tarkibiy qismi sifatida u xalqaro moda va zargarlik buyumlari ko‘rgazmalari ishtirok etib turadi.

Qo‘shiqchilikdan maxrum qilingan xonandalardan farqli o‘laroq, Gulnora Karimovaning asosan muhabbat haqida bo‘lgan va o‘z she‘rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlari ingliz tilida kuylanadi. Gugushaning qo‘shiqlarida ham vatan va vatanparvarlik mavzusi mavjud emas.

U tomonidan chiqarilgan oxirgi "Hadding sig‘dimi" klipida Gugusha stulda o‘tirgan yarim yalang‘och erkak o‘ngida turgani tasvirlangan, deya aytiladi Guardian ro‘znomasidagi maqolada.

O‘zbekistondagi tashkilotlar tomonidan san‘at va san‘atkorlarning faoliyatiga aralashish birinchi marotaba kuzatilayotgani yo‘q.

Bir muncha muddat avval davlat televideniyesida rep qo‘shiqchiligi "axloqiy buzuqlik"ka olib keluvchi "yovuz yo‘nalish" ekanligi aytilgan hujjatli film namoyish etilgandi.