Googosha uchun litsenziya kerak emasmi?

Image copyright

Britaniyada chop etiladigan Guardian ro‘znomasi "O‘zbeknavo" estrada birlashmasining bir qator qo‘shiqchi va pop-guruhlarning faoliyat bilan shug‘ullanishlariga rasman huquq beradigan litsenziyalarini bekor qilish haqidagi qaroriga e‘tibor qaratgan.

Ro‘znoma chop etgan maqolada "O‘zbeknavo" "milliy qadriyatlar va mentalitetga" zid, deya litsenziyalarini bekor qilgan xonandalarning ijodi O‘zbekiston pop qo‘shiqchiligida oxirgi vaqtlarda tez-tez ko‘rinish berayotgan Gulnora Karimova yoki Googooshaning ijodi bilan solishtiriladi.

Qo‘shiqchilikdan mahrum qilingan xonandalardan farqli o‘laroq, Gulnora Karimovaning asosan muhabbat haqida bo‘lgan va o‘z she‘rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlari ingliz tilida kuylanadi.

Googooshaning qo‘shiqlarida ham vatan va vatanparvarlik mavzusi mavjud emas.

U tomonidan chiqarilgan oxirgi "Hadding sig‘dimi" klipida Googosha stulda o‘tirgan yarim yalang‘och erkak o‘ngida turgani tasvirlangan, deya aytiladi Guardian ro‘znomasidagi maqolada.

Ayni paytda O‘zbekistondagi davlat mafkurachilari "televideniye boshlovchilari ochiq-sochiq chiqmasliklari kerak", deb turgan paytlarida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi ommaviy tadbirlarda o‘zbekona milliy urf-odatlarga mos deb bo‘lmaydigan fasonlarda ko‘rinishlar bergan, turli fotosuratlarini Internetda e‘lon qilgan.

Xo‘sh, Googooshaning qo‘shiqlari O‘zbekiston Madaniyat vazirligi yoki "O‘zbeknavo" birlashmasi qo‘yayotgan milliylik va axloqiylik talablariga javob beradimi?

BBC ushbu savolni O‘zbekistondagi shou-biznes yangiliklarini yorituvchi Shov-shuv.uz web-sahifasi asoschisi Jasur Hamroyevga berdi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi