O‘zbekistonga qaytasizmi yoki chet elda qolasizmi?

O‘zbekistonda 2015 yilga rejalangan prezidentlik saylovlari allaqachon mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida ijobiy o‘zgarishlarga oid umidlarni paydo qilgan.

Bo‘lajak prezidentlik saylovlari O‘zbekistonda bir shaxs – ya‘ni prezident Islom Abdug‘aniyevich Karimovning 25 yillik boshqaruviga yakun yasaydi. O‘zbekistonda yangi rahbarning qudratga kelishini ta‘minlovchi saylovlarda kimlarning ishtirok etishi, ovoz berishlarning qanchalik adolatli va xolis o‘tishi hozircha ma‘lum emas.

Prezident Karimovning chorak asrlik boshqaruvini mahalliyu xalqaro kuzatuvchilar birdek mustabid ekanlikda tanqid qilib kelishadi. Ular O‘zbekistonda diktatura tuzumi hukmron ekani, demokratiya, inson huquqlari va siyosiy erkinliklar bilan bog‘liq vaziyat abgor darajada ekanini urg‘ulashadi.

O‘zbekistondagi nochor ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va siyosiy tazyiqlar sabab o‘tgan chorak asr davomida mamlakatni tark etgan fuqarolarning soni millionlarga yetgan. Bugun o‘zga yurtlarda mehnat muhojirligida band o‘zbekistonliklar barobarida xorijiy davlatdan boshpana olgan siyosiy qochqinlarining soni ham mamlakat tarixida kuzatilmagan darajada. Ustiga ustak bolalarining tahsili yoki yaxshiroq kelajak ilinjida O‘zbekistonni tark etayotganlar soni-da oz emas.

Aynan bo‘lajak prezidentlik saylovlari ortidan O‘zbekistonning yangilanishlarga yuz tutishiga bo‘lgan umid, bir ma‘noda, bugun ana shu millionlab sondagi muhojirlarni ham birlashtirgan umumiy bir kayfiyatga aylangan.

BBC O‘zbek Xizmati yangi loyihasi doirasida hozir dunyoning turli davlatlarida muhojiratda umrgo‘zaronlik qilayotgan o‘zbekistonliklarga mikrofon tutib, ularning o‘y-fikrlariga quloq tutgan:

FRANTSIYA

Image copyright Reuters

73 yoshli Tolib Yoqubov. Asl kasbi o‘qituvchi. 15 yildan oshiqroq "O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati" huquqbonlik tashkilotiga rahbarlik qilgan. O‘zbekistonni siyosiy tazyiqlar tufayli tark etganini aytgan Tolib Yoqubov 2006 yildan buyon Frantsiyadan boshpana topib keladi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Men bir-ikki yil ilgari, "75 yoshga kirsam, O‘zbekistonga qaytaman, meni nima qilsa-qilsin", deb bolalarimga aytganman. Meni o‘ldirish qiyin emas. Menga 4-5 soat ovqat berilmasa, qandli diabetga chalinganim bois shok holatiga tushib qolaman. Odam birpasda o‘lib qolishi mumkin ekan. O‘zimda juda ko‘p marta bunga guvoh bo‘lganman. O‘zbekistonda odamlarni so‘zsiz, so‘roqsiz kunlab, haftalab, oylab qamab qo‘yaveradi. Ovqat ham bermaydi ko‘pincha. Biz buni ming marta ko‘rganmiz. Shunday qilib, menga 4-5 soat ovqat bermasa bo‘ldi, odam o‘zidan-o‘zi o‘lib qolishi mumkin. Lekin, shunga qaramasdan, men, "O‘zbekistonga boraman", deb bolalarimga aytganman", deydi o‘zbekistonlik keksa inson huquqlari faoli.

"Biz mulla Yoqub bobodan 5 farzand edik. O‘shalardan faqat bitta men qoldim. Qolgan hammalari boqiy dunyoga ketishdi. Mening jasadim ham ularning qabrlari yonida tuproqqa qo‘yilsa degan niyatim bor. Odamning dunyodan qachon ketishi bu - Allohga bog‘liq. Lekin men o‘zimning hayotimni mazmunli yashab o‘tdim deb hisoblayman. Mening hozir bu dunyodan oladigan, qiladigan narsalarim deyarli qolgan emas. Qayerda o‘lim bo‘lsa ham, meni shuni kutishim, qabul qilishim kerak. Shuning uchun ham, yaxshisi, "O‘z uying, o‘lan to‘shaging", deganlaridek, o‘sha otamizdan qolgan hovlida narigi dunyoga ketish - men uchun juda katta afzallik. Faqat shuning uchun. Bo‘lmasa, mening uyoqda qolgan ayolim, uchta qizim, nabiralarim, Xudoga ming qatla shukur, yaxshi yashashyapti, yomon emas..."

"Men Frantsiyada judayam yaxshi yashayapman. Ammo O‘zbekistonning hamma narsasini sog‘inaman. Ovro‘poning hamma davlatlarida deyarli shunaqa, na olmada va na boshqa haligilarda hech qanaqa maza-matrasi yo‘q. Menga shunday tuyuladi. Men endi qarib qoldim, shundan bo‘lsa kerak deb o‘ylasam, yo‘q, yoshlar ham shu gapni aytishayapti. A O‘zbekistonda butunlay boshqacha: Men O‘zbekistonning mevasi, boshqasi naqadar lazzatli ekanini juda yaxshi bilaman. Men, hech bo‘lmasa, shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning afzalligini bilaman", deydi 7 yildan buyon Frantsiyada muhojiratda yashab kelayotgan o‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Tolib Yoqubov.

KANADA

Sharofiddin Qoraboyev. Asl kasbi qurilish bo‘yicha oliy malakali muhandis. Kanadada 10 yildan beri istiqomat qiladi. U kishining aytishicha, hech qanday siyosiy sabablar emas, balki farzandlarining xorijda ta‘lim olishini istaganligi uchun oilasi bilan chet elga ketishga qaror qilishgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Savol judayam murakkab. Lekin qisqa qilib javob beradigan bo‘lsam, albatta, qachondir Vatanga qaytish rejamiz bor. Bu yerda 10 yil umrimizni berdik, bolalarning o‘qishlari,..o‘zimiz ham hozirgi darajaga yetish uchun tahsil oldik, qattiq harakat qildik. Endi ana shu erishgan narsalarimizni bir kunda yoki bir yilda yo‘qotish biz uchun judayam qiyin. Shuning uchun ham O‘zbekistonga qaytish qarorini berishimiz ma‘lum vaqt talab qiladi. Lekin oxirgi qarorimiz, albatta, Vatanga qaytish bo‘ladi. Lekin buning qachon ekanligini aniq aytolmayman", deydi suhbatdoshimiz.

"Buning sababi - chet eldan O‘zbekistonga qaytib boradigan xoh talaba bo‘lsin va xoh mutaxassis bo‘lsin, o‘zining bu yerdagi maktabda, universitetda olayotgan ta‘limi O‘zbekiston sharoitida qaysi darajaga to‘g‘ri kelishini aniq bilishi kerak. Ya‘ni, O‘zbekiston davlati bu borada ma‘lum standartlarni ishlab chiqishi kerak, ya‘ni, ta‘lim masalasida ekvivalentlar aniq bo‘lishi lozim. Aks holda biror qarorga kelish juda murakkab bo‘ladi. Chunki o‘sha maktab va universitetda o‘qiyotgan odamlar aniq bilishlari kerak, chunki O‘zbekistonga borgan paytda qaysi sinfga yoki qaysi kursga qabul qilinadi?..Yoki bo‘lmasam, oliy tahsilni tugatgan odamlar bor, ularning diplomlari nima bo‘ladi, qay darajada ishlaydi, keyin mutaxassislik bo‘yicha ruxsatnoma olgan odamlar bor, biz chet ellarda davlat imtihonlarini topshirib olganmiz ularni, bular O‘zbekistonda qanday ishlaydi, biz o‘sha darajadagi mutaxassis hisoblana olamizmi, bu masalalar juda ham muhim. Agar shu narsalar aniq bo‘lsa, ko‘pchilik uchun qaror qilish judayam oson bo‘ladi".

"Endi, Vatan Vatan-da. U yerda oilamiz bor, qarindoshlarimiz bor. Kindik qoni to‘kilgan yerimiz, bu muhabbatni tushuntirib bo‘lmaydi, hech kim izohlab berolmaydi. Bu tabiatan shunday. Kanadada yashasak ham, boshqa vatanda yashasak ham, baribir, menimcha, shu. Masalan, biz yashayotgan Kanada - dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biri. Tabiati go‘zal, masalan, o‘qish uchun, ishlash uchun hamma sharoit muhayyo. Lekin, boya aytganimdek, shu qandaydir Vatan tuyg‘usi hammamizni baribir o‘sha yerga tortib turadi-da", deydi oilasi bilan 10 yildan buyon Kanadada umrgo‘zaronlik qilib kelayotgan Sharofiddin Qoraboyev.

AVSTRIYA

Yodgor Obid, adabiyotshunos, muhojiratga yuz tutganiga qariyb 20 yil bo‘lgan. 1997 yildan buyon Avstriyada yashaydi. O‘zbekistonda asosiy qiladigan ishim – she‘r yozardim. Keyin O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasida She‘riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lganman. O‘zbekistondan chiqib ketishimga asosiy sabab bo‘lgan narsa – to‘g‘riso‘zligim, talabchanligim bo‘lgan. Yozgan she‘rlarim ularga hukumatni haqorat qilgandek bo‘lib tuyulgan. Prezident Karimov qudratga kelgandan keyin 13 marta qamaldim. Undan oldin Sho‘rolar davrida ham bo‘lgan, Sibirda uch yil bo‘lib kelganman, deydi Yodgor Obid:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Chet elda qolib ketish niyatim bo‘lgan emas, haliyam yo‘q. Vatan degan tuyg‘u bor. Vatan faqat non, pul yoki imkoniyatlar emas, bu – inson qalbi bilan, inson tuyg‘usi bilan bog‘liq qadriyat. Shuning uchun ham, Vatandan kechish – jondan kechish bilan barobar. Avstriya meni yaxshi qabul qildi. Siyosiy boshpana, keyin fuqarolik ham berdi. Lekin Vatandan ko‘ngil uzilgani yo‘q. Fuqarolik berishdan oldin bir uch-to‘rtta yozuvchilar, do‘stlarim menga bildirmay, Moskva, keyin O‘zbekistonga sayyoh sifatida borib, ba‘zi meni tanigan odamlardan so‘rashgan. To‘g‘rirog‘i, ular mening haqiqiy ahvolimni, ya‘ni qaytsam, menga nima bo‘lishini o‘rganish uchun maxsusan yuborilganlar. Fuqarolikni olib bo‘lib, oradan 5-6 yil o‘tgandan keyin suhbatlashib o‘tirib, menga bu sirni ochishdi. "Nima deyishdi, kimlardan so‘radingiz?", dedim. Falon, falon, Moskvada PEN-klub, inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari, O‘zbekistondan bir-ikkita yozuvchilardan so‘rashibdi. Hammasi bir ovozdan, "Kelsa, o‘ldiradi", deb javob berishgan. Men shunaqaligini O‘zbekistondalik paytimdayam bilardim. Mening boshimda o‘sha xatar haliyam bor".

"Nega qaytolmas ekanman. Albatta, qaytaman. Lekin biz kutayapmiz. Xudo xohlasa, yaxshi kunlar keladi. Rahmatli Boymirza Hayit aytgandek, bizni faqat umid saqlaydi. Umid bo‘lsa, odamda boshqa imkonlar paydo bo‘ladi. Harakat imkoni paydo bo‘ladi. Masalan, mutlaqo o‘zidan qoniqib qolgan odamda hech narsa qolmaydi. Doimiy izlanishda, doimiy harakatda bo‘lgan odamgina maqsadiga erishishi mumkin. Umid shunaqa bir qudratli narsa. Menimcha, bundan keyin uzoqqa cho‘zilmasa kerak. 1992 yilda Ozarbayjonga qochib borganimda, jurnalistlar, "O‘zbekistonga qachon qaytasiz, umid bormi", deb so‘rashganida, "Albatta umid bor, menimcha, ikki, uch yildan nariga bormasa kerak", degandim. Xato qilgan ekanman, mana, hozir 20 yildan oshib ketdi. Haliyam umid bilan yashab yuribmiz".

"Bilasizmi, birinchidan, mening yaxshi, o‘zim yaxshi ko‘radigan oilam bor va bolalarim ham meni yaxshi ko‘rishadi. Telefonda gaplashib qolsak, "Qachon kelasiz?", deb yig‘lashadi. Bu – bir tomoni. Ikkinchidan, Vatan muhiti: men, hatto, o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqda yalangoyoq yursam ham, buniyam bir gashti bor. Men Rauf Parfi haqida yozgan bir she‘rimda ikkalamiz ajriq ustida oyog‘imizni suvga tiqib o‘tirib, choy ichganimizni yozgan edim. Bu – shunchaki tasvir emas, yurakdagi bor armonlar, xolos. Bularni qumsamasdan imkoni yo‘q. Havosini, hatto, oddiy issig‘ini, sovug‘ini, tuprog‘ining hidini,..bular inson ruhiyati bilan bog‘liq narsalar. Bularni sog‘inmasdan iloji yo‘q...", deydi qariyb 20 yildan buyon muhojiratda yashab kelayotgan shoir Yodgor Obid.

JANUBIY KOREYA

Suhbatdoshimizning iltimosiga muvofiq, ism-sharifi keltirilmadi. Uch yildan beri Janubiy Koreyadaman. Bu yerda plastik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonada ishlayman. Mehnat shartnomasi bilan kelganman. O‘zbekistonda hech qayerda ishlamaganman, deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Sharoit tarafidan yaxshiyu, oiladan yiroqda bo‘lmas ekan. Chunki millat boshqa, bular musulmon emas, ularning yashash tarzlari, yeyish-ichishlari menga to‘g‘ri kelmaydi. Muddatim tugashiga ketaman, o‘shangacha yetib borsam agar, chidolsam. Sog‘inch azob bermasa, chidayman. Buyog‘i bir yarim yil qoldi. Qolish niyatim yo‘q. Bilmadim, haligacha ko‘nikkanim yo‘q. Baribir o‘zimizda toza havo-da... Baribir boshqacha. Yemishdan mening sog‘inadiganim yo‘q. O‘zimga yoqqanini yeb ketaveraman. Unaqa narsalarni sog‘inmayman".

"O‘zbekistonga qaytgach, ish topishga...bilmadim, topolmaymanmi, bilmadim...Bu yerdagiga o‘xshash ish topish qiyin. Nimagaki, o‘qimaganmiz, biror biznesni yo‘lga qo‘yamiz-da, bozordami, Janubiy Koreya bilan kelishilgan holdami, oldi-sotdi ishini yo‘lga qo‘yamanmi, shunday rejam bor, lekin. To‘g‘ri, hamma ishning o‘ziga yarasha muammosi bor. Pulni osonlikcha topib bo‘lmaydiyu. Bu yerdayam mehnat qilsangiz beradi, u yerdayam mehnat qilsangiz beradi".

"Endi, qachon,..qachon pul bo‘lmay qolsa, afsus cheksam kerak. Masalan, oldin shu yerda, Janubiy Koreyada ishlagan akam yaqinda qaytib keldi. O‘zbekistonda oilasini boqolmasdan, qaytib keldi. Hozir borsam, balkim u yerda "svet" ham yo‘qdir. Bu yerda hamma narsa qilsangiz bo‘ladi. Masalan, bizga ko‘p huquq berib qo‘yilgan. Shular qatori huquqlarimiz bor, hamma narsa qilishimiz uchun. Qo‘lingizdan kelsa, tilni bilsangiz, ishni bilsangiz, xohlagan ishingizni qilsangiz bo‘ladi-da! Xohlagan ishxonamga borib, xohlagan ishimni qilishim mumkin", deydi 3 yildan beri Janubiy Koreyada mehnat qilayotgan suhbatdoshimiz.

GOLLANDIYA

Image copyright holland

Suhbatdoshimizning iltimosiga muvofiq, ism-sharifi keltirilmadi. Etnograf olim. U oilasi bilan Gollandiyadan boshpana topganiga to‘rt yildan oshib qolgani, siyosiy tazyiqlar tufayli O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lganini aytadi. Tilimizda barer bo‘lgani, sog‘lig‘imda biroz muammolar borligi, jismoniy og‘ir mehnat qilolmaganimiz uchun shaxsan menda va rafiqamda bu yerda ishlash imkoniyati yo‘q, deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, golland xalqi, gollandlar bizga umuman yaxshi muomalada. Mana, biz yaqinda boshqa shahardan uy olib, ko‘chdik, qo‘shnilarimiz bizga juda yaxshi muomalada. Umuman biz Gollandiyada tazyiqqa uchraganimiz yo‘q, hammasi yaxshi. Faqatgina Vatanni qumsaymiz, qarindosh-urug‘larni sog‘inamiz. Shu yaxshi kunlar kelsa, sharoitlar o‘zgarsa, O‘zbekistondagi qattiq rejim ozroq yumshasa,..o‘shani kutib yashaymiz, xolos. Bu yerda umuman boshqa qiyinchilik yo‘q. O‘zbekistondagi kabi maosh olib turib, uchma-uch yashash holatlari bizga yaxshi ma‘lum, o‘zimizning boshimizdan o‘tgan. Bu yerda maosh olmaganlarning ham ijtimoiy ta‘minotlari, faqat qochqinlar uchun emas, umuman Gollandiyada rasmiy yashayotganlar uchun bir moddiy muammo yo‘q".

"Bu yerdagi turmush tarzi biznikidan farq qiladi. O‘zbekchilik deymiz...Ko‘pchilik o‘zbekchilik deb, minus tomoniga olishadi. Lekin Vatan vatan-da, bu yerda G‘arb, madaniyatlarda farq bor. Mana, biz hozir ko‘chib kelgan joyimizda musulmonlar ko‘p ekan, marokashliklar, turklar, qo‘shnilarimiz bor turklar, ularning hammasi bizni ko‘rib, "turkmisan", deb yaxshi muomalada bo‘ladi. Turklar shunchalik yaxshi, bir millatki, bu yerda o‘zimizning hamqishloqdek ko‘ramiz. Chunki Vatandan yiroqdamiz. Baribir, Vatan bu –Vatan. Vatanga hech nima teng kelmaydi. O‘zbekistonda qo‘ni-qo‘shnichilik, mahalla, to‘y, boshqa ijtimoiy aloqalar juda faol. Bu yerda hamma narsa yetadi, ammo hammasi o‘zining qobig‘ida, o‘zi bilan. Bu yerda ijtimoiy muhit boshqacha".

"Vatanni hamma tomonlama sog‘inamiz: Tabiatini ham sog‘inamiz, insonlarni sog‘inamiz, qarindoshlarni sog‘inamiz, yashagan shahrimiz, tug‘ilgan qishlog‘imizni sog‘inamiz. Bu yerda bir tabiatga chiqsangiz, juda go‘zal. Birorta bir o‘zlashtirilmagan burchagi yo‘q, hammasi joy-joyiga qo‘yilgan, biz o‘sha o‘zimizdagi yovvoyi tabiatni ham sog‘inamiz, men ish yuzasidan O‘zbekistonning hamma qishloqlariga kirib chiqqanman, shevalar va urf-odatlar bo‘yicha mutaxassisman, shuning uchun ham Vatanga teng kelmaydi-da, Vatan, endi, ulug‘ sajdagoh. Mening qaytish niyatim bor. Biz qariyapmiz. Sizga qabrdan joy berishlari uchun ham bu yerda pul to‘lab borishingiz kerak. O‘zbekistonda ota-bobolarimizning yonida tuproqqa qo‘yilishni xohlaymiz. Qonimizda bor shu narsa, biz shuni kutamiz, shuni xohlaymiz, agar vaziyat yumshasa, ertaga desa, ertaga ketamiz. Men faqat Gollandiyada emas, boshqa joydagi o‘zbeklar bilan ham juda ko‘p aloqada bo‘lganman, bo‘laman, bilgan o‘zbeklarimdan, mavqe‘ga egalari ham bor, keyingi paytda chiqqanlar-da, mana, oxirgi 10-15 yilda, birortasida qolish kayfiyati yo‘q, kim bilan gaplashgan bo‘lsam, hatto, yoshlari, 20-30 yoshlilari orasida ham birorta qolish niyatidagisini ko‘rmadim shu paytgacha. Menimcha, mendagi tuyg‘u ularda ham bo‘lsa kerak. Vatan-ku, baribir, ona Vatanimiz", deydi qariyb 5 yildan buyon Gollandiyada yashab kelayotgan o‘zbekistonlik etnograf olim.

AMERIKA

Image copyright Reuters

Suhbatdoshimizning iltimosiga muvofiq, ism-sharifi keltirilmadi. Shu yilni ham hisobga olib aytganda, besh yildan beri Amerikada istiqomat qilaman. Talabaman, bu yerda shifokorlikka o‘qiyman. Amerikaga "Green card" yutib olib, oilamiz bilan birga kelganmiz, deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Albatta, O‘zbekistonga qaytishni tanlagan bo‘lardim. Bir umr Amerikada qolmagan bo‘lardim. Lekin hozirning o‘zida emas. Inson bir qarorga kelishdan avval buning foydali, keyin zararli tomonlarini o‘ylaydi. Men hozir Amerikada o‘qishga kirganman, tibbiyot sohasiga, hozir qaytib borganimda bu yerdagi tahsilim to‘xtab qoladi, keyin O‘zbekistonga ham hech qanaqangi foydam tegmaydi. Shuning uchun ham, birinchi o‘qishimni tugatib, qanaqadir xalqimga ham, davlatimga ham munosib odam bo‘lib qaytmoqchiman. Amerikada o‘qishimni tugatib, ishimni O‘zbekistonga borib davom ettirmoqchiman. Lekin, shunda ham, O‘zbekistonga qaytishimga o‘qish, ish emas, Vatanimni qanchalar sog‘inganim sabab bo‘ladi".

"Amerika, albatta, yomon emas. Uni hech qachon yomon demoqchi emasman. Bu yerda hamma xohlagan narsamni topganman. Lekin Amerika pul bersayam, sharoit bersayam, ta‘lim bersayam, baribir, Vatan bo‘lolmaydi. Menimcha, bir kun yashasayam, bir yil yashasayam, inson uchun tug‘ilib o‘sgan joyi baribir Vatanligicha qoladi. Amerikaga ko‘nikdim, deganda esa, bu, qanaqadir, o‘qish sharoitiga ko‘nikdim, keyin til o‘rgandim, odamlar bilan kelisholdim, bu tomondan ko‘nikdim. Lekin men hech qachon Amerikaga Vatanim sifatida qaray olmasam kerak. Amerikada boshqa joyga kelib qolganimni ba‘zida sezib qolaman. Masalan, o‘qishga borganimizda ham. Qanaqadir odamlar bilan gaplashganimda ham baribir sezilib qoladi. "Voy, o‘zbeklarimiz bo‘lsa, bunaqa qilardim", deb qolaman. Amerikaning odamlari judayam zo‘r, shunaqa ochiqko‘ngil, shunaqa yaxshi odamlar. Muomalasi zo‘r. Lekin, baribir, mingta ingliz bilan gaplashsam ham, bitta o‘zbek bilan so‘zlashganimda, qanaqadir zavqlanib, mehr bilan...yig‘lab yuboraman".

"Baribir, aytib o‘tganimdek, O‘zbekiston – Vatan, mehri boshqacha. Lekin mana bu sharoit, tartib jihatdan Amerika baribir ham farq qilib turadi. Birinchidan, xalqqa o‘shanaqa e‘tibor, yordamning O‘zbekistonda bo‘lishini juda-juda xohlardim. Bu yerda ijtimoiy, iqtisodiy tomondan xalqqa juda katta e‘tibor berilgan, keyin yoshlarga juda-juda ko‘p sharoit yaratilgan, ana shular O‘zbekistonda qo‘llansa, judayam foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman", deydi besh yildan buyon Amerikada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik suhbatdoshimiz.

ROSSIYA

Suhbatdoshimizning iltimosiga muvofiq, ism-sharifi keltirilmadi. Rossiyaga kelganimga to‘rt-besh yilcha bo‘lib qoldi. Mahalliy shifoxonalarning birida shifokor bo‘lib ishlayman. Ochig‘i, bu yerga ishlash maqsadida keluvdik. Keyin imkoniyatlar ochila borgan sari, Rossiyada qolib, sertifikat olib, o‘z kasbim bo‘yicha ishlash va o‘qishga ahd qildim, deydi o‘zbekistonlik mehnat muhojiri:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Bilasizmi, bu yerda o‘qishlarim bitsa, qaytish niyatim bor. Birinchidan, O‘zbekistonning, Vatanning tuyg‘usini hech narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Vatan – boshqa narsa. Vatanda qarindoshlarimiz ham bor, aka-ukalarimiz ham bor va O‘zbekistonda bu yerga nisbatan mehr-muhabbat ham bor. Hurmat-e‘tibor bor, bir-birining holidan xabar olish degan gap bor, bu narsalar bu yerda yo‘q. To‘g‘ri, bu yerda ko‘p narsaga erishish mumkin. Ammo lekin boshingizga biror ish tushsa, mehmondorchiliklar yoki boshqa holatlarda... Umuman, bizning Sharq mentalitetimiz Vatanni tashlab ketishga yo‘q qo‘ymaydi".

"Endi, bilasizmi, har qanday qiyinchilik holatlari, har qanday diktatura holatlari, har qanday erkinlikni cheklash holatlari bu – hammayoqda bor. Bu – ma‘lum bir davlatda, ma‘lum bir mamlakatda almashinib turadigan holat. Bu – o‘tuvchi holat. Masalan, o‘n, o‘n besh yil shunday bo‘lib turar, undan keyin joyiga tushib ketar va hokazo, shunga o‘xshagan narsa...Lekin Vatan degan narsa bu – boshqa narsa. Hatto, Vatan haqida Furqat ham, Bobur ham she‘rlar yozishgan-ku, axir. Ularning sharoitlari ham yaxshi bo‘lgan, o‘zga Vatanda podshoh bo‘lishgan, lekin umrbod Vatanni qumsab yashashgan-ku!"

"Yoshlik davrlarimiz, o‘qigan paytlarimiz, qarindosh-urug‘larimiz va qishloq odamlarining soddaligi, shunga o‘xshash holatlar sog‘intiradi. Bu yerda biroz millatchilik kayfiyati hukmron. Bu yerdagi mahalliy aholining o‘zining ayblarini boshqa millat vakillaridan ko‘rishi hukmron. Yoki ba‘zilari, "Siz o‘zbeklar kelib, bizlarning ishlarimizni tortib oldingiz va hokazolar", deyishadi. Ammo bu yerdagi odamlarning tilini topsangiz, yaxshi odamlar hamma yoqda bor. Bitta millatni biz yomon, deya olmaymiz", deydi qariyb 5 yildan buyon Rossiyada yashab kelayotgan o‘zbekistonlik shifokor.

NORVEGIYA

Men Namoz Normo‘min, 56 yoshdaman. O‘zbekiston fuqarosi edim, hozir Norvegiya fuqarosiman. 14 yildan beri Norvegiyada istiqomat qilaman. Avval shifokor-jarroh bo‘lib ishlaganman, hozirgi kunda men siyosat bilan shug‘ullanaman va O‘zbekiston Xalq Harakati Muassislar majlisining a‘zosi hamda muvofiqlashtiruvchisiman. O‘sha mustaqillik yillarida "Erk" partiyasiga a‘zo bo‘lganman va biz hozirgi Islom Karimov rejimiga qarshi siyosiy muxoliflik faoliyatini olib borganmiz. Tazyiqlarning, o‘sha repressiyalarning boshlanishi natijasida Vatandan chiqib ketishga majbur bo‘lganman, deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Norvegiya G‘arb dunyosining moddiy jihatdan eng taraqqiy qilgan davlati, albatta. Bu yerda yashashning ko‘rsatkichlari juda yuqori darajada. Shuning uchun ham biz iqtisodiy jihatdan Norvegiyada qiynalganimiz yo‘q. Ammo men bir ziyoli va siyosatchi sifatida doimo o‘zimni O‘zbekiston fuqarosi his qilganman. Hozir ham aytay: ikki fuqaroligim bor, hozirgi paytda men ham Norvegiyaning va ham O‘zbekistonning fuqarosiman. Shuning uchun ham bu yerda topgan asosiy narsam – o‘z siyosiy va ijodiy faoliyatimni davom ettirish imkoniyati bo‘ldi".

"Men doim O‘zbekistonga qaytish xayoli bilan yashaganman. O‘zbekistondan o‘zimning erkim, o‘zimning istagim bilan chiqmaganman. Majburiy ravishda chiqqanman. Chunki, men bilamanki, Alloh Taolo insonlarni yaratgan va yaratgan paytda bir millat qilib yaratgan, dunyoda har xil millatlar bor va bu millatlarning o‘z mamlakatlari bor. Mana shu millatlarning mamlakatlari shu insonlarning tabiatlariga mos. Norvegiya sovuq joy. Shuning uchun ham, balki, insonlaridagi sovuqlik shundan bo‘lishi mumkinmi, deb ham o‘ylayman(yana Alloh biladi buni). Ammo bizdagi inson tabiati boshqa yurtga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun ham men o‘zimning, ayniqsa, bolalarimning, nevaralarimning bunday xorijiy davlatlarda qolib ketishlarini istamayman. Biz O‘zbekistonga qaytmoqchimiz. Mana, yaqinda, 2014-2015 yillarda O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar kutayapmiz. Birinchi imkon bo‘lishi bilan biz O‘zbekistonga qaytamiz".

"Endi, biz bu yerda Allohga tavakkal qilamiz. Ya‘ni, dunyo faqat O‘zbekiston yoki Norvegiyadan iborat emas. Men O‘zbekistondan chiqqandan keyin 5-6 yil Turkiyada yashaganman, Turkiyada yashashish mumkin. Yoki men dunyoning boshqa bir davlatlarida yashashim mumkin. Men uchun eng avvalo qayerda yashashim emas, qanday yashashim muhim. Ya‘ni, qayerda yashasak ham, bir sog‘lom e‘tiqod bilan, yaxshi bir fikr bilan, yaxshi niyat bilan va halol mehnat bilan yashashimiz kerak. Ammo O‘zbekistonda yashash, albatta, bizning orzumiz, xayolimiz. Men bunga erishishimizga, ya‘ni hayot ekanimizda O‘zbekistonga qaytib borishimizga qattiq ishonaman. Mening yagona istagim – O‘zbekistonga qaytish va mana shuncha tajriba orttirdim, ilmiy, siyosiy, boshqa insoniy tajribalarim bo‘ldi, ularni xalqim bilan baham ko‘rish, o‘sha xalqimga, O‘zbek xalqiga, davlatimga qo‘limdan kelgancha xizmat qilish".

"Men xorijda yurgan paytda O‘zbekistonda mening ota-onam vafot etdi. Mening u yerda ukalarim, opalarim bor, qarindosh-urug‘larim bor. Keyin men qishloq bolasiman. Mening eng ko‘p eslaydiganim – o‘sha qishloq ko‘chalari, qishloqdagi yurgan paytlarim. Keyin yana eng ko‘p eslaydiganim, men Toshkentda 10 yil yashaganman. Bir ma‘noda men Toshkentning farzandiman. Men eng ko‘p qarindosh-urug‘larimni, qishlog‘imni va Toshkentimni sog‘inaman. Alhamdililloh, biz O‘zbekistondan ajralgan bilan O‘zbekistonning ne‘matlaridan nisbatan ajralmadik. Bizning uyimizda doim tandir noni pishadi, yangangiz buni O‘zbekistonda qanday pishirgan bo‘lsa, hozir ham shunday pishiradi, tabiiyki, gaz tandirda. Palovni biz hamma joyda yeymiz. Ammo, albatta, men o‘zbeklar bilan o‘zbegona jonona suhbat, davralarni ko‘p sog‘inganman, og‘aynilarim, do‘stlarimni ko‘p sog‘inganman. Bu ma‘noda siz haqlisiz. Ammo hozir, turli taxminlarga ko‘ra, 6 milliondan 8 millionga qadar o‘zbeklar tashqarida. Men Norvegiyada, Ovro‘poda, Amerikada, arab davlatlarida, Turkiyada, qayerda bo‘lmayin, o‘zbeklarning davrasi ichidaman", 14 yildan beri Norvegiyada muhojiratda yashab kelayotgan o‘zbekistonlik shifokor, muxolifat faoli.

BELGIYA

Suhbatdoshimizning iltimosiga muvofiq, ism-sharifi keltirilmadi. Yoshi 47 da. Asl kasbi shifokor. Siyosiy faoliyat bilan ham shug‘ullangan. Oilasi, farzandlari bilan O‘zbekistonni tark etganiga 7 yil bo‘lgan. Hozir Belgiyada istiqomat qilishadi. 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin quvdi-quvdilar, qama-qamalar ko‘payib ketgani, inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar, shular hammasiga katta bosim o‘tkazilganligi uchun O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lganmiz. Lekin Andijon voqealariga aralashgan emasmiz, deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Xudo xohlasa, Vatanga qaytamiz. Buning uchun o‘zgarishlar, katta o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Endi, o‘zgarishlar deyilganda, siyosiy o‘zgarishlar bo‘lishi, bizning qaytishimizga yo‘l qo‘yilishi kerak. Mana, hozir ham oilalarimizga bosimlar o‘tkazilayapti. Endi, majburmiz chet elda yurishga. Qaytaman, deganimizda ham bu yaqin o‘rtada qaytolmaymiz. Chunki jinoiy ishlar qo‘zg‘atilishi mumkin. Demak, qamab qo‘yishi ham mumkin, ko‘p nima bo‘lishi mumkin, shuning uchun ham hozir qaytolmayman, hech iloji yo‘q", deydi asli andijonlik suhbatdoshimiz.

"Endi, Vatanda yashamoqchi bo‘ladi har bir inson. Shuning uchun ham Vatanini qumsaydi va inson Vatansiz yasholmaydi. Biz endi o‘zbekmiz, o‘zbekchilik degan narsalar bor, ona tilimiz bor. Bu yerda, demak, boshqa til, boshqa urf-odatlar, o‘zbeklar juda oz, shuning uchun ham bu yerda yashashimiz qiyin bo‘layapti. Belgiyada O‘zbekistonning ko‘proq ob-havosi bilan insonlari yetishmaydi, urf-odatlar, biz o‘rganib qolgan taomlar, meva-chevalar, deyarli hamma narsasi yetishmayapti. Kun ora yomg‘ir, oftob chiqishi juda qiyin, shuning uchun ham juda qiyin, qiyin...O‘zining meva-chevasi yo‘q, hammasi chet eldan olib kelinadi. O‘zbekistonning meva-chevasiga o‘xshata olmaymiz, ayniqsa, uzum, qovunini...O‘zbekiston uzumi va qovunining butun dunyo bo‘yicha tengi yo‘q".

"...Bu yerda o‘zbekligimizni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin. Chunki Belgiyada ko‘rayapmiz, boshqa millatlar o‘zlarining milliyliklari, tillarini yo‘qotib qo‘yishmoqda. Shuning uchun ham qo‘rqamiz, odam bolalarining kelajagini o‘ylar ekan. Qachondir O‘zbekistonni rivojlantirish, qachondir oyoqqa qo‘yish kerak. Shuning uchun ham, hozirgi yoshlar, mana, o‘qib turishsin. Ularning o‘qib, O‘zbekistonga borib ishlashlari shart, deb hisoblayman. Shuni bolalarimga o‘qtirib, o‘rgatib kelayapman. Ular rozi bo‘lishayapti hozir, bilmadim endi kelajakda qanday bo‘ladi, ammo hozir rozi bo‘lishayapti. Ammo O‘zbekistondagi rejimlar o‘zgarmasa, siyosatlar o‘zgarmasa, qaytolmaymiz unda", deydi qonli Andijon voqealari ortidan O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan suhbatdoshimiz.

BUYUK BRITANIYA

Image copyright BBC World Service

Suhbatdoshimizning iltimosiga muvofiq, ism-sharifi keltirilmadi. Bundan besh yilcha burun Buyuk Britaniyaga tahsil olish uchun kelganman. Tahsil olish jarayonida ilmiy izlanishlar qilib, shu yerda istiqomat qilib kelaman. Yoshim 35 lar atrofida, ziyoliman, xalqaro siyosat masalalari bo‘yicha izlanishlar olib boraman, deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Bu juda o‘ylantiradigan savol-da...Bu savolni, aslida, Britaniyaga kelgan kunimdan boshlab o‘ylaganman, haligacha bir javob izlayman. Hamma O‘zbekistondan kelgan talabalar bo‘ladimi, boshqami, ideal bir variant – bu yerda muntazam yashash ruxsatini olib olish. Lekin O‘zbekiston fuqaroligidan kechish, kechmaslik masalasi turganda, men, baribir, O‘zbekiston fuqaroligidan kechmagan bo‘lardim. Chunki kelajagimni qandaydir O‘zbekiston bilan bog‘layman. Qaytib borib, O‘zbekistonda faoliyat yuritish tarafdoriman".

"Xuddi o‘sha pushaymon bo‘laman, balkim afsus chekaman, degan xayol ham bor. Chunki O‘zbekistonga qaytib ketgan ba‘zi o‘rtoqlarim bilan gaplashganimda, shu jihatlar bo‘lgandi. Masalan, O‘zbekistonga bekor qaytib kelibman, deganlari bo‘lgandi. Birinchidan ish haqining kamligi, ikkinchidan, o‘sha xorijda ta‘lim olib borgan yoshlarga yaratilayotgan ish muhiti, sharoitining yaxshi emasligi, ularga qanaqadir yot bir ko‘z bilan, ishonqiramay qarashlarini o‘rtoqlarim bilan suhbatlashganimizda ko‘p bahs qilganmiz. Shuning uchun ham, qaytib borsam, balkim, pushaymon bo‘larman, degan qo‘rquvlar ham bo‘ladi. Lekin ham iqtisodiy, ham boshqa jihatlardan o‘zimni himoyalanganimni his qilganimda, O‘zbekistonga qaytib bormoqchiman-da...".

"Buyuk Britaniyaga ilk kelgan paytlarimda O‘zbekistonni juda ko‘p sog‘inardim. Vatanni sog‘inardik, u yerdagi tirik xotiralar bilan yashardik. Bilasizmi, O‘zbekistonni sog‘inmagan bir holat bo‘lmasa kerak-da. Har kuni, hattoki, ko‘chaga chiqib, tarvuz oldik deylik, bu yerda tarvuzlar kichkina, "Oh, qaniydi, O‘zbekistondagi katta tarvuzlar bo‘lsaydi", deymiz. Chunki tarvuzlarning eng shirini va mazalisi O‘zbekistonda-ku! Mevalarni ko‘rganda Vatanni sog‘inamiz. Va har qanday mahsulotlarni yetishtiradigan darajada bir sermahsul tuproqlarimiz borligini eslaymiz, bog‘larimizni eslaymiz. Keyin baribiram qarindosh-urug‘laringiz, do‘stlaringizni eslaysiz. Ularning o‘tkazayotgan to‘y-davralari, ma‘rakalarida qatnasha olmayotganingizdan ba‘zan siqilasiz. O‘sha onalarimizning bizni sog‘inib, balki, ko‘zlaridan tomgan bir tomchi yoshni o‘ylaganda, "Ehhh, ketamagan!", degan qarorlarga kelasiz. Yana aql bilan mushohada qilasiz-da, "Keyin nima bo‘ladi, keyin yana qiynalib o‘tirganimda, onam meni bu ahvolda ko‘rganda, yana ezilishi mumkin emasmi, u holda yana onamni qiynab qo‘yaman-ku!", deb o‘ylaysiz-da...", deydi 5 yilcha burun Buyuk Britaniyaga tahsil olish uchun kelgan yosh olim.

SHVETSIYA

Hazratqul Xudoyberdi, ilmiy xodim va muxolifat faollaridan. 18 yildan beri Shvetsiyada siyosiy muhojir sifatida yashayman. Fuqarolikdan tashqari hamma huquqlarim bor. Fuqaroligiga qiziqmaganman, chunki qayerda yashasam ham, O‘zbekiston fuqarosiman, baribir. Shuning uchun qaytib borish hamisha mening kun tartibimda turgan narsa, 18 yil davomida har kuni kun tartibimda turgan narsa, deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Nima uchun O‘zbekistonga qaytish men uchun bunchalar muhim? Bu – turli-tuman insonlarning o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadlariga, nima uchun mamlakatdan chiqib ketganliklariga va kundalik ishlariga bog‘liq. Men siyosiy muhojirman. O‘zbekistondan majbur bo‘lib chiqib ketganman. Bilasizmi, majbur bo‘lgan insonlar bor, o‘z ixtiyori bilan ketgan insonlar bor. Zarurat tufayli chiqib ketganlar bor...Mening mantig‘im – siyosiy muhojir bo‘lgandan keyin inson siyosiy g‘oyalarini amalga oshiraman deganda, hukumat tomonidan qattiq siyosiy qatag‘onlar uni yashagani qo‘ymaydi, ishlagani qo‘ymaydi, ko‘chada yurgani qo‘ymaydi,... Erkinlik qanchalik ko‘p bo‘lsa, davlatlar shunchalik gurkirab, yashnab, o‘sayapti. Men ham shunday bo‘lishini istayman. Shuning uchun ham, Vatanimga qaytib borib,.. xuddi shu erkinliklarni boshda o‘ylaganmiz, shuning uchun kurashganmiz, ana kurashimiz tufayli bizlarni qamoqlarga tiqqan, qamoqdan chiqqanimizdan keyin yashagani qo‘ymadi-da, haydab chiqardi. Lekin, baribir, men ular noto‘g‘ri qilishgan, degan fikrdaman. Balkim oradan 23 yil o‘tib, xatolarini tushunganlari bordir. Tushunmasa, baribir, bir kun kelib tushunadi".

"Haqiqatan og‘ir masala. Istak bor va uni amalga oshirish imkoniyatlari bor. Imkoniyatlar hozir yo‘q, istak hamisha bor. Ammo imkoniyatlar ham odamning o‘z qo‘lida. Masalan, indamay o‘tiraversak, u qaytish 20 yil, 30 yil, yana 50 yildan keyin ham bo‘lmasligi mumkin. Lekin imkoniyatni harakat qilib, o‘zimiz yaratsak, ya‘ni insonlarga mamlakatdagi vaziyatni to‘g‘ri tushuntirib, tayyorgarlik ko‘rib, hukumatning oldiga ham keskin talablarni qo‘yib, "Mana bundoq ketgani, mana shularga olib keldi, yana qachongacha davom etadi, keling, o‘tiring, gaplashing, muloqot qiling, insonlarga yashashga ruxsat bering, bo‘lmasa, boshqa davlatlarda nimalar bo‘layotganini ko‘rib turibsiz, odamlar qachongacha chidaydi, ko‘p chidamaydi, 10 yil, 20 yil, 30 yil, mana, ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi hamma diktatorlarni, hamma joydayam sabr-toqatning chegarasi bor, toshu tarozi bor, degandek", deb aytiladi".

"Eng ko‘p sog‘inganim, birinchi navbatda, qarindoshlar. O‘zbeklarni bilasiz, doimo katta oilali bo‘ladi. Har bir oilada kamida 50 ta, 60 ta qarindosh bor. Bo‘lmasa, bir xillarda yuzlab, ikki yuzlab...Ikkinchidan, yeringiz: O‘zingiz tug‘ilib o‘sgan yer, u yerning havosi, u yerning meva-chevasi, u yerning odamlari, o‘rtalaridagi munosabatlar, bu narsalarni boshqa biror narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Bilmayman, boshqa odamlar, masalan, chet ellarda boylik orttirib, yaxshi, katta-katta uylar qurib, hovlilar olib, mashinalar qilib, bola-chaqalarini o‘ylantirib, shu yerda qolishni o‘ylashi mumkin. Lekin, o‘sha insonlar ham bir kun emas bir kun kelib, baribir, Vatanni sog‘inib, qaytib borib, yana ketishga qiynalib qoladi, deb o‘ylayman. Chunki odamning o‘zining yurtining havosi ham boshqacha, bilasizmi! Hali boshqa narsalarni qo‘yib turing. Bo‘lmasa, bu havo degani nima degan narsa? Shamol u yoqqa, bu yoqqa sudrab ketaveradi-ku!...", deydi Shvetsiyada 18 yildan buyon muhojiratda yashab kelayotgan o‘zbekistonlik ilmiy xodim, muxolifat faoli Hazratqul Xudoyberdi.

SIZNING FIKRINGIZ: Aziz o‘quvchi, agar bugun muhojiratda umrgo‘zaronlik qilayotgan bo‘lsangiz, Sizning bu xususdagi fikringiz qanday: O‘ZBEKISTONGA QAYTASIZMI YoKI XORIJDA QOLASIZMI? Fikrlaringizni biz bilan o‘rtoqlashmoqchi bo‘lsangiz, maqola ostidagi maxsus formadan foydalanib, ularni bizga yo‘llashingiz mumkin.