Qirg‘iziston Prezidenti AQShning "Manas" bazasini yopish haqidagi farmonga imzo chekdi

Image copyright RIA Novosti
Image caption AQSh Bishkek aeroportida joylashgan bazadan 2001 yildan boshlab Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim tranzit markazi sifatida foydalanib keladi.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev AQShning "Manas" harbiy-havo bazasini yopish haqidagi farmonga imzo chekdi.

Ushbu farmonga muvofiq hozirda Tranzit Markazi, deya yuritiluvchi baza faoliyati 2014 yil 11 iyul kunidan boshlab to‘xtatiladi.

AQSh tomoni Bishkek aeroportida joylashgan bazadan 2001 yildan boshlab Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim tranzit markazi sifatida foydalanib keladi.

Baza Afg‘onistondagi xorij kuchlari amaliyotlari uchun ta‘minot va yoqilg‘i quyish nuqtasidir.

Afg‘onistonga borguncha va Afg‘onistondan qaytguncha Amerika qo‘shinlari u yerda to‘xtashadi, shuningdek, "Manas"dan AQSh va NATO uchoqlari qo‘nib o‘tish va yoqilg‘i jamg‘arishda foydalanadilar.

Qirg‘iziston tomoni bazani 2009 yilda yopishga qaror qilgan, ammo so‘ngroq AQSh bilan bu xususdagi shartnomasini yana besh yilga uzaytirishga qaror qilgandi.

Ayni vaqtda Qirg‘iziston Qurolli kuchlarini Rossiya qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta‘minlashi haqida kelishib olingan.

Bu borada Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Bishkekda prezident Almazbek Atamboyev bilan uchrashuv natijasida ma‘lum qilingan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlar Mudofaa vazirlari yig‘inida ishtirok etish uchun Bishkekka tashrif buyurgan Sergey Shoygu Rossiyadan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar kelgusi yildan boshlab yetib kela boshlaydi, deb bildirdi.