Edvard Snouden izidan quvib yoki bo‘sh o‘rinddiqqa hamroh bo‘lgan jurnalistlar

Image copyright AFP
Image caption 17A bo‘sh ketdi

Amerika rasmiylari Markaziy Razvedka Boshqarmasi va Milliy Xavfsizlik agentligining sobiq xodimi Edvard Snoudenni AQShga ekstraditsiya etilishini so‘rab yana bir bor Rossiyaga murojaat qilganlar. Seshanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin janob Snouden hamon "Sheremetevo" aeroportining tranzit qismida qolayotganini tan olgan.

Edvard Snouden Amerika maxsus xizmatlarining telefon va internet shirkatlari mijozlarining shaxsiy ma‘lumotlarini yig‘ish bo‘yicha dasturini oshkor qilgan.

Snouden Moskvaga yakshanba kuni uchib kelgandi. Ekvador rasmiylari yakshanba oqshomida unga siyosiy boshpana berilganini ma‘lum qilishdi.

Dushanba kuni u Moskvada Kubaga, so‘ngra u yerdan Venesuela va Ekvadorga uchishi kutilgandi, biroq uning uchun chipta olingan uchoqda Snouden bo‘lmagan.

Unga hamroh bo‘lishga intilgan BBCning Moskvadagi muxbiri Daniyel Sandford o‘zining ummon uzra behuda uchganini hikoya qiladi.

Tutqich bermas Snouden izidan quvib

Xalqaro muxbir turmushi haqida ko‘p narsa bilmagan odam uchun bizning hayotimiz o‘ta jozibali tuyulishi mumkin.

Lekin samolyotning ekonom-klassidagi tor kursida uzoq vaqt uchish va to‘yib uxlamaslikni joziba deb tasvirlash qiyin.

Edvard Snouden AQShning eski dushmani - Rossiyaga kelib oxirgi vaqtdagi eng maroqli josuslik hikoyalaridan birini yanada qizitmoqchi ekani borasidagi yangilik tinchgina o‘tayotgan yakshanba kunida paydo bo‘ldi.

Tush vaqti Moskvada ishlayotgan barcha xalqaro jurnalistlar "Sheremetevo" aeroportiga yig‘ilib ulgurishgandi. "Aeroflot" xodimlari Snouden haqiqatdan ham Gonkongdan Moskvaga uchib kelganini tasdiqlashdi.

Xullas, biz umidlarga to‘lib, F Terminaliga yig‘ildik. Ko‘tarinki ruh hech kimda sezilmasdi. Hammamiz Snouden Moskvaga faqat bir qo‘nib o‘tadi degan fikrda edik. U axir "AQSh sirlarini Rossiyaga sotdi", degan ayblov nishoni bo‘lishni istamas!

Behuda urinishlar

Kechqurun aeroportda Ekvador elchisi paydo bo‘ldi va bizdan "Edvard Snouden qayerda ekan?" deb so‘radi. Biz jig‘imiz chiqib: "Biz buni siz bilasiz deb o‘ylagandik", dedik.

Keyin kunning qolgan qismini mehmonxonadan mehmonxonaga yugurib, AQSh butun vujudi bilan qo‘lga kiritishni istayotgan bu odamni hech kim ko‘rmadimi, deb so‘rardik.

Lekin, tirishishlarimiz behuda bo‘ldi.

Kechroq esa Snouden Ekvadordan siyosiy boshpana so‘ragani ma‘lum bo‘ldi. Bizga yana "Aeroflot" xodimlari yordam berishdi - ular Snouden dushanba kuni Gavanaga uchishi, keyin u yerdan Venesuelaga parvoz qilishini aytishdi. Venesueladan Ekvadorgacha esa bir qadam.

Eng ruhi tushib ketgan Moskvadagi jurnalistlar ertasi tongda yana aeroportga yig‘ildilar. Agar kimdir jahon bo‘ylab keza turib, matbuot nazaridan qochmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, uning uning uchun samolyot saloni yaxshi joy bo‘lmaydi.

Shunday ekan, jurnalist birodarlarimizdan yigirmatamiz darhol Gavanaga chipta oldik. Chunki bu Snouden bilan muloqot qilishning yagona yo‘li edi.

Ba‘zi suratkashlar hatto biznes-klassga chipta sotib olishgan. Afsuski, kaminayu kamtarin uchoqning eng oxiridagi o‘rinddiqqa loyiq topildi. Menga tualet yonidagi joy tegdi.

Rossiyalik jurnalistlar Kubagacha uchishdi, qolganlar esa Kuba vizasiga ega bo‘lmaganlari uchun Venesuelagacha safarlarini davom ettirdilar.

Yengil tartibsizlik

Uchoqqa chiqish zalida biroz tartibsizlik yuzaga kelayotgandi. Rossiya politsiyachilari agar aeroportda surat olsak, kameralarimizni tortib olish bilan tahdid qilishdi. Ularga quloq tutmaslik ahmoqona ish bo‘lardi, chunki ko‘p narsaga pul tikilgandi.

Shuning uchun tinchgina o‘tirib kutdik, keyin uchoqqa chiqdik.

Registratsiya davrida Snoudenning joyi ekonom-klassdagi 17A bo‘lishini bilib olgandik, shunday ekan eng uddaburon jurnalistlar 17Aga eng yaqin o‘rindiqlarni egallab olishdi.

Kutdik.

Yana uch yo‘lovchi chiqishi kutilayotgani aytildi. Keyin bilsak, bu vizasi bo‘lmagani uchun avvalroq samolyotdan tushirilgan uch jurnalist ekan.

Yana kutdik.

Keyin esa uchoq eshiklari berkitilar ekan, hammamiz g‘amga botdik.

Uchoq bo‘ylab yugurib Snoudenni izlash harakatlarimiz ham meva bermadi. Snouden hech qayerda yo‘q edi! Ekipajdan "U qani?" deb so‘ragan savolimizga "U samolyotda yo‘q" degan javob oldik.

Qimmatbaho ma‘lumot

Jurnalistlar o‘z muharrirlariga yashirincha SMS yo‘llashar ekan, SU150 reysi yerdan uzilib, bo‘sh 17A bilan Kubaga tomon uchdi.

Edvard Snouden hamon Rossiyada. Bilishimizcha, shunday. Uni hech kim ko‘rmagan. Mish-mishlarga ko‘ra, ketishiga ruxsat berishlari uchun u Rossiya manfaatdor bo‘lgan ma‘lumotni berishi kerak. Amerika kuzatuv dasturlari qanday ishlashini bilgan odam uchun Rossiyaga sotishi mumkin bo‘lgan ma‘lumot talaygina.

Biz esa Karakas aeroporti mehmonxonasidan Venesuelaning qashshoq mahallalariga qarab o‘tiribmiz. Agar Edvard Snouden yana paydo bo‘lmasa, Moskvaga yana ekonom-klassda qaytamiz.