Shinjondagi zo‘ravonliklarda 27 kishi qurbon bo‘ldi

Image caption Oxirgi yillarda Shinjonda qator etnik zo‘ravonliklar ro‘y berib kelmoqda

Xitoy davlat matbuotining xabar berishicha, mamlakat g‘arbidagi Shinjon Muxtor viloyatida ro‘y bergan hujum oqibatida 27 kishi halok bo‘ldi.

"Sinxua" xabar agentligiga ko‘ra, hujumchilar politsiya mashinalariga o‘t qo‘yib, hukumat binolariga bostirib kirishgan.

Davlat matbuotida aytilishicha, pichoqlar bilan qurollangan hujumchilar politsiya bo‘linmalari, hukumat binolari va qurilish maydonlariga hujum qilishgan.

Ushbu hujumlar oqibatida politsiya xodimlari, qo‘riqchilar va fuqarolar doxil 17 kishi o‘ldirilgan.

Bu hujumlarga javoban politsiya o‘q ochgan vaqti 10 hujumchi o‘ldirilgan.

"Sinxua" agentligiga ko‘ra, hujumlar Shinjon poytaxti Urumchidan 200 km janubi-sharqda joylashgan shaharchalardan birida erta tongda boshlangan.

Agentlik hujumchilarning millati kim ekanligi yoki hujumlarga turtki bergan sabablar haqida biron ma‘lumot bermagan.

Hukumatning aytishicha, politsiya binolardan birini qurol-yarog‘ topish maqsadida taftish qilayotgan vaqti "terroristlar"ga duch kelgan.

Davlat matbuotida berilayotgan bu xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Lekin mahalliy aholi vakillaridan birining BBCga aytishicha, ushbu hodisalar erkaklari soqollarini olib tashlash va ayollari hijoblarini yechish borasida anchadan beri rasmiylar tomonidan bosim ostida bo‘lib kelgan oila atrofida boshlanib ketgan.

Oxirgi yillarda Shinjonda qator etnik zo‘ravonliklar ro‘y berdi.

Shu yil aprel oyida ham etnik to‘qnashuvlar oqibatida 20 kishi halok bo‘lgani xabar berilgandi.

2009 yilgi etnik to‘qnashuvlarda esa aksari xan xitoylar bo‘lgan 200 kishi halok bo‘lgandi.

Aksar uyg‘urlarning aytishlaricha, rasmiylar ularning madaniyati va etnik o‘zligini bostirishga harakat qilmoqdalar.

Rasmiy Pekin esa bu kabi hujumlarda uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblab keladi.

Uyg‘ur faollari Pekin o‘zining tazyiqkor siyosatini bo‘lgichilar xavfini bo‘rtirish bilan oqlamoqchi ekanligini aytadilar.

Shinjon aholisning 45 foizini uyg‘urlar tashkil etadi. Lekin oxirgi yillarda xan xitoylarni viloyatga ommaviy ravishda ko‘chirib kelish harakatlari kuzatilgan va uyg‘urlar o‘zlarini kamsitilgan, deya his qila boshladilar.

Jahon Uyg‘urlar Kongressi Ijroiya Qo‘mitasi Raisi To‘lqin Isoning BBC bilan suhbatda aytishicha, bugungi hodisa tafsilotlarini bilish hozircha imkonsiz chunki Shinjon bilan telefon va Internet aloqasi rasmiylar tomonidan cheklab qo‘yilgan.

"Lekin bu kabi hodisalarni keltirib chiqarayotgan omillar bu rasmiylarning uyg‘ur millatiga mansublarning madaniyati, siyosiy va ijtimoiy hayotiga nisbatan tobora ko‘proq kiritayotgan cheklovlari va aralashuvdir", dedi To‘lqin Iso.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC Jahon Xizmatining Xitoy bo‘limi muharriri Yuven Vuning aytishicha, uyg‘urlar o‘zlarini kamsitilgan sezayotgan yagona guruh emas.

Xitoydagi yirik etnik guruhlardan bo‘lgan Tibetliklar ham o‘zlarini shunday his qiladalar. Tibetliklar o‘z noroziliklarini oxirgi vaqtlarda o‘z-o‘zlariga o‘t qo‘yish bilan namoyish qilmoqdalar.

Yuven Vuga ko‘ra, Xitoy rasmiylari etnik guruhlarga nisbatan siyosatlari hamisha "ahil va tinch-totuvlikda" yashashga asoslanganligini aytadilar.

Pekin oxirgi yillarda Shinjonga ham, Tibetga ham ko‘plab mablag‘ ajratib, iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga harakat qilmoqda.

Lekin mahalliy aholi bu harakatlarni yordam sifatida emas, ularning hayot tarzlarini o‘zgartirish va aralashish, bu loyihalar ortidan ko‘plab xan xitoylarini mintaqaga olib kelish urunishi sifatida ko‘rmoqdalar. Natijada ular o‘zlarini kamsitilgan va tazyiq ostida his qilmoqdalar.