O‘zbekistonda 5 ming so‘mlik pul muomalaga chiqariladi

Image caption Biroq hukumat noma‘lum sabablarga ko‘ra, besh ming so‘mlik pul chiqarilishini rad qilgandi.

O‘zbekiston Markaziy Banki yaqin kunlarda besh ming so‘mlik yangi banknot muomalaga chiqarilishini tasdiqladi.

Ushbu xabar 27 iyun kuni Markaziy Bankning rasmiy saytida e‘lon qilindi.

Besh ming so‘mlik pul chiqishi haqidagi xabarlar o‘tgan haftada turli internet sahifalarida tarqalgandi. Bunga senatning 18 iyunda chiqarilgan qarori ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lishi sabab bo‘lgandi.

Qarorga muvofiq, parlament a‘zolari taqdim qilingan so‘m nusxasini tasdiqlashgan va Markaziy Bankka ommaviy axborot vositalari orqali ma‘lum qilish topshirilgan.

Biroq hukumat noma‘lum sabablarga ko‘ra, dastlab bu xabarni rad qila boshlashdi.

Senat matbuot xizmati o‘shanda ma‘lum qilishicha, "besh minglik so‘mni ishlab chiqish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi".

Shuningdek, Markaziy Bank matbuot xizmati ham bu borada biror ma‘lumotga ega emasligini bildirgandi.

Bugun e‘lon qilingan xabarga ko‘ra, 2013 yil 1 iyuldan besh minglik o‘zbek so‘mi muomalaga kiritiladi.

Aytilishicha, yangi banknotda parlament binosi va O‘zbekiston gerbi aks etgan.

Shu paytgacha O‘zbekistonda eng katta banknot bir ming so‘mlik hisoblanadi. Besh ming so‘m ikki AQSh dollariga teng degani.