Nega Britan Bosh vaziri Devid Kemeron Qozog‘istonni tanladi?

Image copyright Reuters

Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron Afg‘oniston va Pokistondan keyin Qozog‘istonga safar qilmoqda.

Bu iqtidordagi Britan bosh vazirining umuman Markaziy Osiyoga birinchi rasmiy safaridir.

Buyuk Britaniya neftga boy Qozog‘iston iqtisodiga yotirim kiritish bo‘yicha uchinchi yirik sarmoyador mamlakat sanaladi.

Hozirgi safar davomida ham yana bir necha qo‘shimcha yangi tijoriy shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Qozog‘iston Britaniyadagi tahlil va bilimga ham ehtiyojmand.

Masalan, Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyr Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevga maslahatchilik ham qiladi.

Endi esa iqtidordagi Britaniya bosh vazirining Qozog‘istonga kelishi janob Nazarboyev va Qozoq hukumati uchun faxrli voqelikdir, deb xabar qiladi BBC muxbiri Rayhan Demytrie.

Devid Kemeronning ikki kunlik safari davomida unga ko‘p sonli Britaniya tijorat hay‘ati ham unga hamrohlik qiladi.

Ular Kaspiy dengizi bo‘yidagi juda katta neft koni va u yerdagi amalga oshirilayotgan ulkan loyihani borib ko‘rishadi.

Qozog‘istondagi shundoq ham bir necha Britaniya yirik shirkati faoliyat yuritadi.

Endilikda yanada ko‘proq Britan tijoratlari Qozoqlar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolashi kutilmoqda.

Ayni damda, Afg‘onistondan olib chiqilayotgan Britaniya asbob-uskuna hamda texnikalarini Qozoq temir yo‘llari orqali olib o‘tish bobida ham London rasmiylari kelishuvlarga erishmoqchi.

Ammo inson huquqlari tashkilotlari Devid Kemeronni tanqid qilishlari ehtimoli katta.

Xususan, qanday qilib Britaniya bosh vaziri bugun demokratiya bobida orqada qolayotgan mamlakat rahbari bilan apoch-chapoq bo‘layapti, degan tanqidlar yangrashi mumkin.

Ularga ko‘ra, Qozog‘istondagi demokratiya va inson huquqlariga oid holat bu mamlakatning iqtisodiy yutuqlari bilan solishtirganda, juda orqada qolmoqda.

Qudratdagi Britan bosh vazirining Markaziy Osiyoga ilk safari nega faqat Qozog‘iston bilan cheklanib qolmoqda?

Bu birgina iqtisodiy manfaatlarga bog‘liqmi?

Ne bois mintaqadagi geostrategik jihatdan G‘arb uchun eng muhim ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston emas, balki Qozog‘iston tanlangan?

BBC ushbu savol bilan Frantsiyadan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga murojaat qildi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi