"Britaniya elchiligi xodimi: O‘zbeklar meni qiynoqqa soldilar"

Independent on Sunday ro‘znomasi Britaniyaning Toshkentdagi elchiligi qo‘riqchisi Qayum Ortiqovning hibsga olinishi va uning taqdiriga nisbatan Britan rasmiylarining munosabatiga bag‘ishlangan maqola e‘lon qilgan.

"Sobiq Tashqi ishlar vazirligi xodimi Britaniya ustidan josuslik qilish taklifini rad etganiga qaramasdan, uning taqdiri o‘z holiga tashlab qo‘yilganini aytadi", deb yozishgan Independent on Sunday muxbirlari Jonatan Ouen va Jeyms Xanning.

"Britaniya Tashqi ishlar vazirligi xodimini o‘z taqdiriga tashlab qo‘yganlikda ayblanmoqda. U O‘zbek rasmiylari uni qiynaganlarini va London uchun josuslik qilishda ayblaganlarini aytgan", deyiladi maqolada.

Ikki farzandning otasi 44 yoshli Qayum Ortiqov da‘vo qilishicha, u O‘zbek maxfiy xizmatlariga josuslik qilish taklifini rad qilgani uchun 2008 yil dekabrida hibsga olganlar va qiynoqlarga tutganlar.

Uning rafiqasi Mohira Ortiqova eri bilan 2009 yil oktyabridagina uchrashishga izn berilganini aytgan.

Mohira Ortiqova Britaniya elchiligi xodimlari erining masalasida iliq gaplashganlarini, biroq bir yarim yil davomida Britan rasmiylaridan biror bir xabar bo‘lmaganini aytgan.

Independent ro‘znomasi Mohira Ortiqovaning Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeronga ochiq xatini e‘lon qilgan.

Bu maktubda Britan elchiligi xodimlari Qayum Ortiqovning bundan buyon elchilikda ishlamasligini, unga nima bo‘lgani o‘zlarini tashvishlantirmasligini aytganlari yoziladi.

"Ular meni uloqtirdilar", degan Qayum Ortiqov.

Ro‘znoma Qayum Ortiqovning 2011 yilda ozod etilganini va oila O‘zbekistonni tark etgani haqida yozadi.

Mohira Ortiqova Bosh vazir Devid Kemerondan o‘zlariga Britaniyadan boshpana berishni so‘raydi.

Independent ro‘znomasi Britan rasmiylariga Ortiqov masalasi bo‘yicha murojaat qilganlar.

Britaniya hukumati so‘zchisiga ko‘ra, "hibsdaligi paytida Qayum Ortiqov qiynoqqa solingani haqidagi xabarlardaan chuqur tashvishlandik. Toshkentdagi Britaniya elchiligi janob Qayumov ishi bo‘yicha bir necha marta aralashgan".

Toshkentdagi O‘zbekiston elchixonasi Qayum Ortiqov odam savdosidek sof jinoiy ayblov bo‘yicha hibsga olinganini aytgan.

Rafiqasi Mohira Ortiqova turmush o‘rtog‘i bilan 2009 yilda ilk bor uchrashganidan keyin inson haqlari faollariga murojaat qilgan, O‘zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish "Ezgulik" jamiyati Qayum Ortiqovning "Toshturma"da shafqatsiz qiynoqlarga solingani haqida xabar tarqatgan edi.

O‘shanda rafiqasi qiynoqlarga chiday olmagan Qayum Ortiqov bir necha marta o‘z joniga qasd qilishga uringani haqida aytgan.

Inson huquqlarini himoya qilish "Ezgulik" jamiyati mahbusning qonga belangan ust-boshi jamiyat ixtiyorida saqlanayotgani haqida ma‘lum qilgan.