Prezident Nazarboyev: "Bizga qanday yashashni o‘rgatmang!"

Image caption Qozog‘istondagi inson huquqlarining ahvoli janob Kemeronga 1 milliard dollardan ko‘proq savdo shatrnomalarini imzolashga xalaqit bermagan

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev hech kimning o‘zlariga aql o‘rgatishga haqqi yo‘qligini aytgan.

Janob Nazarboyev bu haqda Britaniya Bosh Vaziri Devid Kemeron Qozog‘istondagi inson huquqlari masalasini ko‘tarishi ortidan gapirgan.

Devid Kemeron Qozog‘istonga safar qilgan birinchi amaldagi britan bosh vaziri bo‘lgan.

Uning o‘tmishdoshi Toni Bleyr neftga boy Qozog‘iston rahbarining siyosiy maslahatchisi bo‘lib xizmat qiladi.

"Tavsiyalar uchun rahmat!"

Janob Kemeron Britaniya Qozog‘iston bilan savdo aloqalarini inson haqlaridan ustun qo‘yayotgani haqidagi tanqidlarni rad etgan.

Prezident Nazarboyev bilan uchrashuvda hech bir masala kun tartibidan tushib qolgani yo‘q. Masalan, men janob Nazarboyev bilan Hyuman Rayts Votch inson huquqlari tashkiloti maktubini, undagi xavotirlarni mubohasa etdik. Bu kabi ochiq muloqot juda muhim", - deb aytgan Britaniya bosh vaziri Ostonadagi qozoq prezidentining saroyida o‘tgan matbuot anjumanida.

O‘tgan juma yo‘llangan maktubda Nyu Yorkda joylashgan inson huquqlari tashkiloti Qozog‘istonda Prezident Nazarboyev tanqidchilarining qiynoqqa solinishi va qamoqqa tashlanishi, shuningdek, matbuot va fikr erkinligining cheklanayotganidan tashvish izhor qilgan edi.

Human Rights Watch janob Kemerondan Prezident Nazarboyevni inson haqlarini poymol etish hollariga chek qo‘yish haqida ogohlantirishni so‘ragan.

Ammo Qozog‘iston rahbari inson huquqlari bilan bog‘liq tavsiyalarga sovuq javob qaytargan.

"Tavsiyalar va maslahatlar uchun rahmat, ammo hech kimning bizga qanday yashashni o‘rgatishga haqqi yo‘q", - degan Qozog‘iston rahbari.

Janob Nazarboyevga ko‘ra, g‘arbliklar Qozog‘iston haqida noto‘g‘ri tasavvurga ega.

"Sizning oroldagi odamlar sobiq sovet hududida yashayotganlarni o‘rta asrlardagi ot va tuyada yuradigan odamlar deb tasavvur qilishadi", - degan Nursulton Nazarboyev.

Uning aytishicha, Qozog‘istonga demokratiyani rivojlantirish uchun xali ancha vaqt kerak bo‘ladi.

"Britaniyaning parlament demokratiyasi 600 yillik tarixga ega. Albatta, bizniki unchalik ko‘p vaqt olmaydi. Biz uchun demokratiya yo‘lning boshlanishi emas, balki tugashidir. Biz oldinga qarab harakat qilayapmiz", - deb aytgan janob Nazarboyev.

Strategik hamkorlik

Qozog‘iston Britaniya bilan "Strategik hamkorlik haqida"gi shartnomani imzolagan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘lgan.

Ostonadagi marosimda janob Nazarboyev ushbu shartnoma va britan bosh vazirining tashrifi ikki davlat o‘rtaisdagi munosabatlarda yangi sahifa ochishini aytgan.

"Bugun biz strategik hamkorlik haqidagi shartnomani imzoladik. Bu shartnoma nafaqat hamkorlik istiqbollari, balki munosabatlarimizni butunlay yangi darajaga ko‘tarish uchun siyosiy irodaning ham mavjudligini ko‘rsatadi", deb aytgan Qozog‘iston rahbari.

Britaniya bosh vazirining Qozog‘istonga qisqa tashrifi mobaynida ikki davlat o‘rtasida 1 milliard dollardan ko‘proq qiymatga ega savdo va tijorat kelishuvlari imzolangan.

Kemeron va Nazarboyev Kaspiy dengizi bo‘yidagi yirik neft va gazni qayta ishlash majmuini ochib berishgan.

Ushbu majmua Ovro‘po davlatlari uchun yangi va ishonchli energiya manba‘i bo‘lishi kutiladi.

Britaniya bosh vaziri Qozog‘iston dunyoning shiddat bilan rivojlanayotgan iqtisodlaridan biri ekanini ta‘kidlagan.

"Dunyoda ish o‘rinlari va sarmoyalar uchun global poyga ketmoqda. Qozog‘iston esa dunyoning eng tez rivojlanayotgan davlatlaridan biridir", - degan janob Kemeron.