Moskva: muhojirlar yotoqxonasidagi janjalda 60 kishi ushlangan

Image caption Oxirgi paytlarda Rossiyaning muhojirlar yashab kelgan joylarda reydlar o‘tkazish va hibsga olishlar kuchaygan.

Moskvaning shimoli-g‘arbidagi yotoqxonada kelib chiqqan ommaviy tartibsizlikdan keyin 60 ga yaqin kishi politsiyaga olib ketilgan, deb xabar beradi Rossiya Ichki Ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Unda aytilishicha, yotoqxonadagilarning hujjatlarini tekshirishga jalb qilingan jamoatchilik tashkiloti vakillari bilan muhojirlar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan.

Ichki Ishlar matbuot xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, mehnat muhojirlariga tekshiruvchilarning harakati yoqmagan va janjal yuzaga chiqqan.

Mushtlashuv 28 iyun kechqurun Fabritsius ko‘chasidagi yotoqxonada sodir bo‘lgan.

Voqea joyiga kelgan politsiya 35 mehnat muhojiri va 25 faolni so‘roq uchun olib ketgan.

Huquq-tartibot idoralarining bildirishicha, muhojirlar ko‘ngillilardan iborat "Moskva qalqoni" harakati vakillari bilan mushtlashishgan.

Xabarlarga qaraganda, yotoqxonada yashovchilar Markaziy Osiyodan borgan mehnat muhojirlari bo‘lishi mumkin.

Keyingi paytlarda Rossiyadagi muhojirlar guruh bo‘lib yashab kelgan joylarda reydlar o‘tkazish kuchaytirilgan kuzatiladi.

Bir kun oldin ham noqonuniy yashab kelgani aytilgan 1 ming 400 muhojir hibsga olingan edi.

Politsiya O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan 1314 kishiga nisbatan mamlakatga noqonuniy ravishda kirib kelish va yashash qoidalarini buzishda ma‘muriy ish qo‘zg‘atayotganligini bildirgan.

Oldinroq Moskva viloyati politsiyasi Rossiyada yashashga qonuniy hujjati bo‘lmaganlarni ushlab, ko‘chalardan mahbuslarga o‘xshatib olib o‘tgani turli fikrlarga sabab bo‘lgandi.

Rossiya hukumati shu yo‘l bilan noqonuniy muhojirlarni mamlakatga kirib kelishini cheklashga harakat qilayotganini aytadi.

Faollarga ko‘ra esa, Rossiyada bugungi kunda mehnat muhojirlariga nisbatan paydo bo‘lgan kayfiyat va munosabat ularning huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishidir.

Bundan avval Rossiya Prezidenti Vladimir Putin noqonuniy migratsiyaga nisbatan jazoni kuchaytirish zarurligini ta‘kidlagan.

Moskva Ichki ishlar bo‘limi ham fuqarolarga noqonuniy muhojirlar yashab, ishlab kelgan va to‘planadigan joylar haqida xabar berishni so‘rab murojaat qilgan.