Ismat Xushev: "Islom-akaga hurmatim haqqi aytaman, mamlakat xavf ostida turibdi"

Image copyright none
Image caption Ismat Xushev prezident Islom Karimovga yaqin bo‘lganini ham aytadi

Ismat Xushev - qariyb 10 yillik siyosiy muhojirlikdan so‘ng O‘zbekistonga bemalol kirib chiqqan taniqli jurnalist.

U so‘nggi yillari "Dunyo O‘zbeklari" websahifasini yuritmoqda va har vaqt o‘zining muxolifatdan mustaqil jurnalist ekanini qayd etib kelgan.

Ismat Xushev muhojirotda o‘zining prezident Islom Karimov haqidagi xotiralari jamlangan "Oqlanmagan ishonch qissasi" asarini internet sahifalarida chop etdi.

Prezident Karimov haqidagi ilk siyosiy memuar janridagi bu kitob o‘zbekzabon o‘quvchilar orasida ham O‘zbekiston va ham tashqarida katta qiziqish bilan kutib olingan.

Kanadadagi hijrat ortidan vataniga qaytgan Ismat Xushev ko‘pchilik kutganidek O‘zbekistonda qolmadi. Balki yana Kanadaga qaytib ketdi.

Jurnalist Ismat Xushev quyida BBC O‘zbek Xizmati radiotinglovchilari va bbcuzbek.com websahifasi o‘quvchilari savollariga javob berdi:

BBC: Xo‘janddan O‘ktam Rizayev yo‘llagan savollardan boshlasak. Tinglovchimiz mustaqil jurnalist qanday bo‘lishi kerak, ne bois ularning aksariyati bugun G‘arbda, qochqinlikda yashayotgani haqida bilishni istaydi.

Ismat Xushev: Savol uchun rahmat. Hodi Toxtoshning bir gapi bor:"Muhabbat o‘zi eski narsa, lekin har bir yurak uni yangilaydi". Mustaqil jurnalist ham xuddi shunday. Uning bir o‘zgarmas qonuni bor, bu ham bo‘lsa o‘z mustaqil fikrni mustaqil so‘z bilan ayta bilish fazilatidir. Ikkinchi savolga kelsak, uning javobini ham o‘zlari beribdilar. Mustaqil va hur fikr hukumatga yoqmasa, uning muallifi xorijga ketmay, hibsga ketsinmi? Mustaqil jurnalistlar g‘arbda debsiz. Sharq yonib yotibdiyu... Olovning ichida bo‘lishni hamma ham istamaydi, do‘stim.

BBC: Toshkentdan Hojiahmad o‘z maktubida 10 yildan keyin O‘zbekistonga kelib, u yerdagi jurnalistika va adabiy muhit qay darajada o‘zgarganiga guvoh bo‘lganingiz bilan qiziqqan.

Ismat Xushev: Endi jurnalistika va adabiy hayot O‘zbekistonda ham bir joyda to‘xtab qolgani yo‘q. Lekin ayrim jihatlardan orqaga ketgan joylari bor. Men keyingi paytlari vatan matbuotida aytib bo‘lmaydigan mavzularda "Dunyo o‘zbeklari" websahifamizda qator chiqishlar qildim. "O‘zbekiston prezidentiga maktublar" ruknida mamlakatda avj olgan poraxo‘rlik, oliy o‘quv yurtlaridagi adolatsizliklar, prezident atrofidagi ko‘ngli nopok mulozimlar haqida Islom Karimovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qildim. Haqiqatni ifodalagan so‘zlarim rasmiy Toshkent mulozimlariga yoqmagan bo‘lishi mumkin, lekin ular hali biron manbada mening chiqishlarimga nisbatan mantiqiy javob bera olishganicha yo‘q. Agar men bu maqolalarni vatanimda yozganimda edi, ularni ikki dunyoda ham e‘lon qilib bo‘lmasdi. Adabiy muhit haqida so‘rabsiz. Masalan, men Abdullo Oripov va Erkin Vohidov kabi o‘zbekning ko‘zga to‘tiyo qilsa bo‘ladigan betakror adiblarini senatorlikdan bevaqt chaqirib olingani, davlat va hukumat e‘tiboridan chetda qolayotgani haqida tanqidiy maqolalar yozdim. Yoki Odil Yoqubovdek noyob iste‘dod egasining izzat-nafsiga tegilayotganini qalamga olganman. Qahramonlik kimlarga berilmadi? Tom ma‘nodagi adabiyotga aloqasi bo‘lmagan kimlarning oyog‘i ostiga sochib tashlanmadi? Afsuski, o‘zbek adabiyoti prozasida Abdulla Qodiriy va Oybekdan keyingi uchinchi klassik, deb tan olingan Odil Yoqubovga unvonlar berilmadi-ku. Yoki Sobir Rahimovning haykali olib tashlanganichi? Akmal Ikromov, Usmon Yusupov va Yo‘ldosh Oxunboboyev kabi O‘zbekiston tarixidan o‘chirib bo‘lmas asil farzandlarning nomlarini o‘chirishga bo‘lgan urinishlar haqida yozganlarimga xayrixoh bo‘lgan insonlar tobora ko‘payib borayotganligi oliy rahbariyatni, tabiiyki, tashvishga soladi. Axir ularni o‘chiraman, desangiz tarixning o‘zi o‘chib qoladi-ku! Bugun ma‘naviyat va qadriyat masalasida O‘zbekiston shunchalik chuqur jarga kirib ketdiki, orqaga qaytishning hech iloji yo‘q. "Slishkom pozdno", degan bir gap bor ruslarda.

BBC: Muhammad Nazar bir nechta savollar bergan. Xususan, maqola yozguncha qo‘shib-chatganmisiz, o‘zingizni qanchalik xolis jurnalist sanaysiz, deb so‘ragan. Shuningdek, buyurtma bo‘yicha ham maqola yozgan-yozmaganingizni bilishni istaydi.

Ismat Xushev: Bu yerda rostini aytishim kerak, shekilli. Prezidentga yaqin yurgan yillardagi maqolalarda xolislik kamroq, hukumat va davlatni maqtash ko‘proq bo‘ladi, do‘stim. Ya‘ni bo‘rttiriladi. Bugun o‘zbek jurnalistikasida bunday misollarni istagancha topishingiz mumkin. Har bir siyosiy tuzumning o‘z "zakaznoy" jurnalistikasi va jurnalistlari bo‘ladi. Yashirmayman, men ham bir paytlar tepadagilarga yoqish uchun Rafiq Nishonovni tanqid qilib, unga ochiq xat yozganman. Men jurnalistikaning og‘ir va tikanli yo‘llarini, jumladan, "zakaznoy" jurnalistikani ham bosib o‘tganman. Bu narsalarga ko‘proq davr va siyosiy muhit aybdor bo‘lishi mumkin. Bugun ham o‘zbek jurnalistikasi yuz foiz hukumatning buyurtmasini bajarayapti, uning doirasiga o‘ynayapti.

BBC: AQShdan Kamol va Baltimordan Sharofiddin ismli tinglovchilarimiz bir mazmunda savol so‘rashgan. Ya‘ni chiqishlaringizda har doim O‘zbekistonni maqtaysiz, biroq nega u yerda qolmasdan, yana Kanadaga qaytib ketdingiz, degan mazmunda.

Ismat Xushev: Mustaqil jurnalist uchun O‘zbekistonda hali sharoit yo‘q. Ammo men burungi Ismat Xushev bo‘lib, hukumatning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib yashashni istamayman. Men qayerda bo‘lsam ham, O‘zbekistonga foydam tegishini istayman. Achchiq qismatlarga tan berib, Kanadaga qaytib keldik. Lekin birinchi imkoniyat bo‘lishi bilanoq biz vatanga qaytamiz. Mening jismim Kanadada, qalbim O‘zbekistonda.

BBC: Toshkentdan Vatanparvar taxallusli o‘quvchimiz bir nechta savol yo‘llagan. Avvalo, "prezident erkatoyi" bo‘lish uchun prezidentga xayrixoh bo‘lish kerakmi va yo ashaddiy tanqidchimi, deb so‘ragan.

Ismat Xushev: "Prezident erkatoyi" bo‘lgan davrlarim tarixda qolib ketdi. Bugun menga qilgan yaxshiliklari bois prezidentga nisbatan o‘z ehtiromimni saqlagan holda, mamlakatda avj olgan nohaqliklar haqida o‘z so‘zimni ham aytib kelayapman. Unga ishonch hosil qilish uchun "Dunyo o‘zbeklari"ga kirib, "Muharrir minbari" ruknini bir ko‘zdan kechirishingiz mumkin. Prezidentni sevmaslik mumkin. Ammo uni hurmat qilish va unga itoat etish har bir fuqaroning burchi, deb bilaman. Bizning xorijdagi alamzada do‘stlarimiz esa, prezident va uning oilasini so‘kib, haqorat qilishadi. Bu - butunlay noto‘g‘ri. Masalan, biz Muhammad Solihning "Yo‘lnoma" kitobini e‘lon qilayapmiz. U kitobida Islom Karimovning yaxshi va insoniy fazilatlarini ham birday qalamga olgan. Shu bilan birga, uning siyosiy tuzumini odob bilan, shaxsiga tegmay tanqid ham qilgan. Biz ana shu jihatlarni Muhammad Solihdan o‘rgansak bo‘ladi. Albatta, prezidentning erkatoyi bo‘lish uchun unga sadoqatli bo‘lish, fanatik bo‘lish kerak. Ba‘zan o‘ylab ketaman, nega men Islom Karimovga bunchalik mehr qo‘ydim, bunchalik bog‘lanib qoldim? Biz uzoq yillar Islom Karimovdek Politbyuroga qarshi tura oladigan, Moskva bilan yuzma-yuz jang qila oladigan yo‘lboshchini orziqib kutgan edik. Mana shular 1990-yillar boshida mening xayolimni chalg‘itgan, aqlimni o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin. Prezident kemasiga tushgan odam uning ashulasini ham barobar aytishi kerak, deb o‘ylagan bo‘lishim mumkin. Holbuki, bu kema mana 10 yildirki, bizni olis xorij sarhadlariga uloqtirib yubordi.

BBC: Vatanparvarning keyingi savoli Islom Karimov o‘z ixtiyori bilan hokimiyatni topshiradimi, degan masalada sizning fikringizni o‘rganishni nazarda tutgan.

Ismat Xushev: Eh, bu - juda murakkab va og‘ir savol, do‘stim. Bu savolga mukammal javobni tanho Islom-akaning o‘zlari berishi mumkin. Men faqat taxminimni aytaman. Men bilgan Islom-aka o‘z ixtiyori bilan hech qachon boshqaruv jilovini boshqa birovga berib qo‘yadigan odamlar toifasidan emas. Qolganini esa vaqt va hayot ko‘rsatadi.

BBC: Kanadada 10 yil yashab, O‘zbekistonga bordingiz. Bugun O‘zbekistonning farovon va erkin mamlakat bo‘lishi yo‘lida nimalar xalal bermoqda va ularni qanday bartaraf etish mumkin, deb o‘ylayapsiz?

Ismat Xushev: Juda ko‘p narsalar xalaqit qiladi. To‘g‘ri, mamlakatning erkin va farovon bo‘lishi kabi istak oliy rahbariyatda yo‘q, deb aytolmayman. Bunga asosimiz ham yo‘q. Lekin oliy rahbariyat o‘zi istamagan holda turli sharoitlarda avj olgan "zarpechak va chirmovuqlarning" qo‘lida qoldi. O‘zbekiston oliy rahbariyatini ana shulardan holi qilish kerak. Bu uchun ko‘pchilik aytayotganday siyosiy tuzumni o‘zgartirish shart emas, inqilob qilish shart emas. Siyosiy tuzumning nazariyasi O‘zbekistonda oliymaqomdir. Ammo uning amaldagi faoliyati nulga teng. O‘zbekiston demokratik yo‘ldan bormoqda, deyiladi. Lekin qani o‘sha demokratiya? Diniy erkinlik, erkin matbuot va erkin so‘z, deyishadi. Konstitutsiyada bu erkinliklar mo‘l-ko‘l darajada juda chiroyli qilib bayon qilingan. Lekin qani o‘sha erkin matbuot? Konstitutsiyamiz juda yaxshi va uni o‘qib O‘zbekiston fuqarolariga havas qilish mumkin. Masalan, unda namoyish qilish mumkin, deb zarhal harflar bilan yozib qo‘yilgan. Ammo amalda qani bir Toshkentning ko‘chalariga chiqib ko‘ringchi, nima bo‘larkansiz? Men Islom Karimovga hurmatim haqqi, shuni ochiq aytishim kerak: Mamlakat xavf ostida turibdi!

BBC: Samarqanddan Sharif Nusrat o‘zbek muxolifati haqidagi fikringizni bilishni istagan.

Ismat Xushev: Muhammad Solih, masalan, xorijda o‘zbek muxolifati rahbari sifatida tanilgan va G‘arbda, xususan, Ovro‘poda uni tan olishadi. O‘zbekiston hukumati ham uni xavfli raqibi, deb biladi. Buni tan olish kerak. Nufuzli muxolifat a‘zolari haqida gapirganda, men Gulchehra Nurullayeva, Dadaxon Hasan, Tolib Yoqubov va Toshpo‘lat Yo‘ldoshev kabi insonlarni ham aytib o‘tishni istardim. Ularning har biri juda donishmand, bilimli va o‘z obro‘-e‘tiboriga ega odamlardir. To‘g‘ri, ular O‘zbekiston rahbarligini olib bora oladi, deyish noto‘g‘ri bo‘lar. Chunki davlatni boshqarish - qiyin masala. Lekin saylovda muxolifat ishtirok etishi shart. Aks holda totalitar tuzumlarda bo‘lgani kabi hokimiyat qo‘ldan qo‘lga o‘tib ketaveradi. Hukmdorlik toji ham bir oilaning ichida boshdan boshga o‘taveradi. Mana, Ozarbayjonda Haydar Aliyevdan o‘g‘liga qoldi. Endi o‘g‘li o‘z rafiqasini to‘rt-besh yilga qoldirmoqchi, degan gaplar bor. Shimoliy Koreyani oling, Arab davlatlarini... Ularning hammasida oiladan-oilaga, avloddan-avlodga o‘tib kelayapti. Muxolifat, albatta, bo‘lishi kerak. Muxolifat yo‘qligi O‘zbekistonga juda katta zarar bizning jamiyatimiz rivojlanishi uchun.

BBC: O‘zbekistonga safaringiz borasida bir nechta savollar bor. Bo‘ston ismli tinglovchimiz siyosiy qochqin maqomini olib turib, qanday qilib O‘zbekistonga borib kelganingizni bilishni istaydi. Bundan esa boshqa savollar ham kelib chiqadi. Masalan, O‘zbekiston borish uchun kimlar bilan, qanday oldi-berdilar bo‘ldi va yo qanday shartlar qo‘yildi degandek.

Ismat Xushev: O‘n yillik ayriliqdan so‘ng Ismat Xushevning O‘zbekistonga borib kelishiga bir oddiy harakat, deb qarash kerak. U siyosiy muhojir bo‘lsa-da, vatan darvozalari unga nega ochildi? Nega u bemalol borib-keldi, deb o‘ylab, o‘zingizni ko‘p qiynab yurmang, savol bergan do‘stim. Siz uning so‘ziga va yozganlariga qarab baho bering. Endi yillar o‘tgan sayin O‘zbekistondagi siyosiy vaziyat ham bir qadar o‘zgardi. Buni tan olishimiz kerak. Bundan 10 yil muqaddam bizga xavf solishi mumkin bo‘lgan voqea va hodisalar hozir davr silsilasida o‘zgacha ahamiyat kasb etgan bo‘lishi mumkin. Yana bir ukamiz, oldi-berdilar va O‘zbekistonga borish uchun qanday shartlar qo‘yildi, degan yaxshi savollarni beribdilar. Ehtimol, prezident menga vatan darvozlarini ochganda, uning qo‘l ostidagilar Ismat Xushevdan xuddi oldingi Ismat Xushev kabi foydalanaman, uni "gah" deb qo‘lga qo‘ndiraman, deya o‘ylagan bo‘lishlari ham mumkin. Lekin ular shunday o‘ylashgan bo‘lsalar - adashadilar. O‘ylasam, bu hukumatimizga beminnat xizmatni keragidan ortiqroq qilib yuborgan ekanman. Ammo bugungi Ismat Xushev ajabki, kechagi Ismat Xushev emas. Men dunyo ko‘rdim. Hayotga bir qadar teranroq nazar tashlaydigan bo‘ldim. Men oldingi Ismat Xushev emasman.

BBC: O‘zbekistondagi sayohatlaringiz aks etgan rasmlaringizni e‘lon qilishingiz bilan sizni "o‘zbekning Jeyms Bondi" deb ham atashdi. Asilbek ismli o‘quvchimiz ham shu ma‘noda savol berib, aks holda qanday qilib O‘zbekistonga sog‘-omon borib kelardingiz, deb so‘raydi.

Ismat Xushev: Dunyoda ajib haqiqatlar bor. Kal odamni kal desangiz, janjal ko‘tarib, yoqangizdan oladi. Sog‘ odamga bu gapni aytsangiz, nari borsa, ko‘rmisan, deb kulib qo‘ya qoladi. Men savol bergan do‘stlarimizni ayblab o‘tirmayman. Ammo haqiqatga tiyranlik bilan qarashlarini istar edim.

BBC: Turli taloto‘plarda, ba‘zan bosim bo‘ladi, degan qo‘rquv ostida vatandan chiqib ketgan jurnalistlar bor. Ular muxolifat ham emas, lekin sizdek kazo-kazolar bilan tanish-bilishchiligi ham yo‘q. Ular O‘zbekistonga borib-kelishi mumkinmi? Yoki siz biron konkret shaxsning O‘zbekistonga borib-kelishiga yordam bera olasizmi, degan mazmunda ham savollar bor.

Ismat Xushev: Bu savol bilan haliyam meni xavfsizlik xizmati odami, degan fikringizdan qaytmagan ko‘rinasiz. Mayli, bu hazil. Agar savolga jiddiyroq javob bersak, ular muxolifatdami yoki muxolifatda emasmi, bundan qat‘iy nazar xorijda yurganlarning hech birini men davlatning va jamiyatning dushmani, deb bilmayman. Agar u yoki bu masalada birovning jinoiy harakati bo‘lgan taqdirda ham muddat jihatidan u avf etilishi kerak. Bizda "srok davnosti" degan gap bor. Men mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan prezidentimiz xorijdagi muxolifatni amnistiya qilib, vatanga qaytaradi, deb kutgandim. Hatto ayni masalada Prezident Devoni rahbari, Islom Karimovning 24 yillik safdoshi bo‘lmish Zelimxon Haydarovga bu haqida ochiq xat ham yo‘llagan edim. Lekin oliy rahbariyatni tobora o‘rab borayotganlar bunga yo‘l bermayapti. Bilaman, amnistiya aslida aybdorlarga beriladi. Aslida yelkasiga qop-qop ayblovlarni orttirgan va hozir chet ellarda yurganlar mana shu davlatimizni o‘rab-chirmab turgan mulozimlardan ko‘ra xavfsizroq, mening nazarimda. Chetda yurganlar xavfli emas. Ichkarida yurgan, do‘st niqobidagi muloyim-supurgilar aslida O‘zbekiston uchun xavflidir. O‘zbekistonda "gadoy yo‘q", deb muhojirlikda yurganlarni "dangasalar" deya butun dunyoga jar solish ana shunday odamlarning talqini ekanini meni yaxshi bilaman. Men Kanadada turib ham ich-ichimdan aniq his qilib turdim. O‘sha kuni prezidentning nutqini eshitib nihoyatda g‘azablandim. Bu so‘zlar hech qachon Islom-akaning so‘zi emas.Men u kishining xokisor va bechora odamlarga mehribonligini bilardim. Qashqadaryoda taqdiri qil ustida turgan oddiy odamlarga ne-ne saxovatlarni ko‘rsatgan rahbar qanday qilib, million-million odamlarni dangasaga chiqarib qo‘ydi, degan savol menga hano‘z tinchlik bermaydi. Yana bir bor takrorlayman. Men prezident o‘z qalb amri bilan bunday deganiga ishonmayman! Ba‘zi konkret shaxslarni vatanga qaytarish masalasiga kelsak, buni endi siz yuqorida aytgan Milliy Xavfsizlik Xizmatining agentlari yoki josuslari hal qilishi mumkin. Menga esa bunday huquq berilmagan.

BBC: AQShdan Fazliddin Yoqub o‘zbeklarning bugungi integratsiyasi haqida, o‘z xalqingizga nimalarni tavsiya etishingiz hamda Islom diniga munosabatingiz xususida savollar bergan.

Ismat Xushev: Fazliddin akaga rahmat aytmoqchiman, avvalo. Uch savolga uch javob. Birinchidan men hech qanday integratsiyani sezayotganim yo‘q. Ikkinchidan, men xalqimizning dunyodagi eng baxtiyor xalqlar qatorida ko‘rishni istayman. O‘zbeklar bunga munosib. O‘zbek tili ham ingliz tili kabi peshqadam tillardan biriga aylanishini orzu qilaman. Dinimizga kelsak, men dinimizni hurmat qilaman.

BBC: Asilbek yana bir savol so‘ragan va O‘zbekiston hukumati, sizningcha, yaxshimi yoki yomonmi, iltimos, aniq javob bering, deb yozgan.

Ismat Xushev: Endi bugun O‘zbekistonda hukumat yo‘q. Bu - prezident qo‘lidagi oddiy bir rыchag, xolos. Obrazli qilib aytsak, bugungi O‘zbekiston oliy rahbariyati bo‘g‘ma ilon og‘zidan boshini chiqarib turgan sho‘rlik qo‘zichoqqa o‘xshaydi. Tashqi dunyodan butkul ihotalab tashlangan. To‘g‘ri, O‘zbekiston hukumati qog‘ozda bor. Konstitutsiyada ham dabdabali va nufuzli o‘ringa ega. Lekin amaldagi hukumat O‘zbekiston xalqining o‘ziga yarasha.

BBC: O‘shdan Odiljon Maxdumiy sizning 3 yil avvalgi O‘sh fojeasi ortidan yozgan she‘ringiz uchnu tashakkur bildirgan, ammo u yerdagi "Qonga qondir, biling, qirg‘izlar" kabi misrali she‘rni bitganda nima maqsadni nazarda tutgansiz, deb so‘ragan. Ayni damda, Qirg‘izistonda yashovchi o‘zbeklar ko‘ksiga ham shamol tegarmikan, deb sizning fikringizni bilishni istaydi.

Ismat Xushev: Rahmat. Qirg‘izistondagi o‘zbeklarning sharoitlari - yuragimizdagi dard. Hano‘z bu borada ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmadi. Bu dard, bu fojea hali uzoq yillar odamlarning ko‘nglini bezovta qilib keladi. Ammo javob berish mushkul. Chunki davlat ham, Qirg‘iziston hukumati ham bu yerda ikki yuzlamachilik qilmoqda. Qirg‘izistonlik do‘stlarimga bardosh va sabot tilashdan boshqa choramiz yo‘q. Men she‘rimda oddiy so‘z bilan "yomonlik hech qachon jazosiz qolmaydi" deganman xolos. Endi shoir ehtirosga berilib, g‘azabini bo‘rttirib yozishi mumkin. Eng muhimi, bu ikki xalq ilgarigidek qadrdon bo‘lishini orzu qilamiz. Boshqa biron gij-gijlash niyatimiz yo‘q, bu bizning vazifamiz emas. Ollohdan yaxshi kunlar kelishini tilab qolamiz.

BBC: Nyu Yorkdan Shahlo ismli tinglovchimiz esa oilangiz haqida ma‘lumot istagan.

Ismat Xushev: Rahmat, Shahlo singlim. Oila a‘zolarim sog‘-salomat. Oldinroq katta qizim Hulkarni turmushga berganimizni aytgan edim. Hozir nevarali bo‘ldik. Bu juda quvonchli bo‘larkan. Farnzandlarim Charos va Islom kollejda o‘qishadi. Kenjatoyim Komronbek esa kuni-kecha Torontodagi 8 yillik maktabni bitirdi. U o‘quvchilar va muallimlar tarafidan maktab prezidenti etib saylangandi. Unga maktab direktori "Eng a‘lochi o‘quvchi" degan diplomni topshirdi. Shunda ko‘zlarimga yosh keldi. O‘g‘ilcham sof ingliz tilida ma‘ruza qildi hamda maktabda o‘tgan yillari va baxtli bolaligi uchun barcha bitiruvchilar nomidan minnatdorchilik bildirdi. O‘zbekistondan kelgan siyosiy muhojirning o‘g‘li Kanada maktabida prezident etib saylanishini aqlga sig‘dirish mumkinmidi? Men bilan birga muhojirlikning achchiq nonini baham ko‘rgan, taqdirning bu ajib sinovlariga bardosh berib, meni malomat qilmay yurgani uchun, farzandlarimga go‘zal tarbiya berayotgani uchun oilamga, Nargizga o‘z minnatdorchiligimni aytishni istardim. Men taqdir menga ato qilgan achchiq qismatimda farzandlarim kamolini ko‘rib, o‘zimni ovutaman, ko‘nglimga taskin beraman. Mening so‘zlarimni eshitib turgan, dunyoga sochilib ketgan, minglab, balki millionlab o‘zbeklarning yuragidagi dard bu, hasrat bu.

BBC: Suhbatingiz uchun katta rahmat.