Jahon chempionati: O‘zbekiston termasi nimchorak finalida

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bu - futbol bo‘yicha O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi o‘z tarixida erishgan ilk va tarixiy yutuqdir.

Jamoa Urugvayga qarshi guruh bosqich so‘nggi uchrashuvidan avval muddatidan ilgari Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati play-off bosqichiga chiqdi.

Buning uchun kecha 28 iyun kuni "D" guruhida bo‘lib o‘tgan 3-tur uchrashuvlari natijasining o‘ziyoq kifoya qildi.

Chunki, birinchilik tartib-qoidalariga muvofiq, ja‘mi olti guruhdan to‘rtta uchinchi o‘rin egasi o‘z guruhida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan terma jamoalar qatorida nimchorak finaliga yo‘llanma oladi.

Uch o‘yin ortidan, hozircha faqat "V" guruhida 3-o‘rinni egallagan Janubiy Koreya hisobida 4 ta ochko bor.

"A", "D" "C" guruhining uchinchi o‘rin sohiblari Gana, Meksika va Al-Salvador esa, uchtadan ochko to‘plashgan.

O‘zbekiston ikkita uchrashuvining o‘zidanoq 4 ochko jamg‘arishga ulgurgan.

Shu bois ham, bu jamoaning har qanday sharoitda ham allaqachon nimchorak finaliga chiqqanini anglatadi.

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi shu paytgacha ikki bor jahon chempionatida ishtirok etgan bo‘lsa, har ikki gal ham guruh bosqich bellashuvlaridan ortga qaytgandi.

Jahon chempionligi uchun kurashayotgan 24 milliy terma jamoa orasidan nimchorak finaliga chiqish esa, hozircha sobiq chempion Ispaniya, Frantsiya, Portugaliya, Nigeriya, Kolumbiya, Turkiya, Yunoniston va Paragvayga nasib etgan.

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi o‘zining hal qiluvchi so‘nggi guruh bosqich 3-tur uchrashuvini bugun 29 iyun kuni Urugvayga qarshi o‘tkazadi.

Ikkovlon uchun ham hal qiluvchi o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da Antaliyaning Akdeniz Universteti stadionida boshlanadi.

Bu uchrashuv endi O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi o‘z guruhida 1-o‘rinni egallashi-egallamasligi uchun muhim bo‘ladi.

Chunki O‘zbekiston tushgan "F" guruhida ikki uchrashuv ortidan Xorvatiya ham 4 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Xorvatiya bugun so‘nggi uchrashuvini Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazadi.

Nimchorak finaliga chiqishda ham O‘zbekiston va ham Xorvatiyaning ashaddiy raqibi sifatida ko‘rilgan Urugvay esa, 3 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi.

"Faqat g‘alaba uchun"

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Ahmadjon aka Musayev Urugvayga qarshi uchrashuv arafasida Antaliyadan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida, "bugun maydonga faqat g‘alaba uchun tushishlari"ni bildirdi:

"Ha, bunga ko‘zimiz yetadi. Bizlar yutishga haqlimiz. Bizning hozirgi tayyorgarlik darajamiz bilan kamida durang o‘ynashimiz mumkin. Lekin biz g‘alabaga intilamiz", deydi Ahmadjon aka.

"Biz yutuqqa o‘ynaymiz. Yigitlarimizning falsafasi boshqacha. Hammani hurmat qilishadiyu, lekin hech kimdan cho‘chishmaydi. Buni balandparvoz so‘z, deb bilmanglar. Nega deganda ularda malaka bor, bundan oldin anchagina xalqaro uchrashuvlar o‘tkazdik. Biz bunaqa raqiblar oldida qo‘rqmaymiz".

"Xorvatiya va Urugvayni bir xil saviyadagi jamoa deb bilaman. Ammo xorvatlar Urugvayga qarshi birinchi o‘yinlarida maydonga yaxshi, shiddat bilan tushishgandi. Lekin Urugvay Xorvatiyadan kuchsiz emas. Men bu bilan bugun qiyin o‘yin bo‘ladi, deb aytmoqchi emasman. Qiyin o‘yin bo‘ladi, lekin bizlar ham tayyormiz", deydi O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston O‘smirlar milliy terma jamoasi Meksikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatida o‘z tarixida ilk bor chorak finalga chiqqan va Urugvayga yengilib, ortga qaytishga majbur bo‘lgandi.

Yoshlar o‘rtasidagi 2013 yilgi jahon chempionati guruh bosqich saralash bellashuvlari bugun - 29 iyun kuni o‘z nihoyasi yetadi.

Bugungi uchrashuvlar "E" va "F" guruhidan birinchi va ikkinchi o‘rinni egallab, nimchorak finaliga chiquvchi so‘nggi to‘rt milliy terma jamoani aniqlab beradi.