Frantsiya politsiyasi TeliaSonera ishi yuzasidan bir necha reyd uyushtirdi

Image caption TeliaSonera shirkati O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun pora berganlikda ayblanmoqda

Frantsiya politsiyasi TeliaSonera shirkatining O‘zbekistonga sarmoya kiritishi yuzasidan ochilgan jinoiy ishga bog‘liq bir necha reydni uyushtirgan.

Korruptsiyaga bog‘liq jinoiy ish markazida TeliaSonera sherigi Takilant shirkati turipti.

Ushbu reydlar Shvetsiyaning TT Axborot Agentligi, SVT telekanali va Shveytsariya matbuoti hamkorligida oshkor etilgan.

TT Shvetsiya Axborot Agentligining muxbiri Ola Vesterbergning o‘z nomini oshkor etishni istamagan manbaga iqtibosan BBCga aytishicha, 18 iyun kuni Frantsiya moliya politsiyasi Shveytsariya politsiyasi bilan hamkorlikda "bir vaqtning o‘zida" bir necha manzilga reyd uyushtirgan.

Mazkur amaliyotdan maqsad "hujjatlarni qo‘lga kiritish va balki manzillarni muhrlash bo‘lgan".

Uning ilova qilishicha, endilikda TeliaSonera va Takilant shirkatlari o‘rtasidagi hamkorlikka oid tekshiruv Frantsiya hududiga ham "tarqalgan va yanada chuqurlashish ehtimoli bor".

Reyd haqidagi xabarni Shveytsariya federal prokuraturasi ham tasdiqlagan.

"Men bizning nomimizdan Frantsiyadagi bir necha joyga politsiya reydi o‘tkazilganligini tasdiqlayman", - deb aytgan Shveytsariya Federal Prokuraturasi so‘zchisi Janett Balmer.

U shuningdekmazkur tergov ishining O‘zbekistonga aloqasi bo‘lgan "noqonuniy pullarni o‘zlashtirish"ga bog‘liq ekanini ham tasdiqlagan.

Biroq Frantsiya moliya politsiyasining aynan qaysi manzillarni tekshirgani aniq emas.

Shveytsariya matbuotiga ko‘ra, Takilant shirkati ortida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova turipti.

Shveytsariya prokuraturasi hozirda Takilant shirkatiga tegishli 600 million dollar atrofidagi mablag‘ni muzlatgan.

TeliaSonera shirkatining Takilant shirkatiga to‘lagan millionlab dollar mablag‘i ham shu yerda ekani ishoniladi.

Shvetsiyada mamlakatdagi eng yirik telekom shirkati - TeliaSonera-ga qarshi ochilgan jinoiy ishda hozirda Gulnora Karimovaning o‘zi ham gumonlanuvchi shaxs sifatida ko‘rilmoqda.

Prokurorlar ular Karimova xonimning DNKsini ham olishga ishonchlari komil ekanini aytganlar.

Shved jurnalistlarining ishonishicha, Gulnora Karimova Parijda qimmatbaho kvartira va Riviyera oromgohida joylashgan besh yulduzli mehmonxonaga egalik qiladi.

TeliaSonera O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun Takilant shirkatiga pora bergani haqidagi xabarlarni rad etib keladi.