Rus va Qozoq matbuoti Kameronning Qozog‘istonga safari haqida nima deydi?

Image copyright Reuters
Image caption Kameronning Qozog‘istonga safari qozoq va rus matbuotida batafsil yoritilgan

Britaniya Bosh Vaziri Devid Kameronning Qozog‘istonga ilk tashrifi yakunlanar ekan, mahalliy nashrlar va web sahifalarni ushbu safar munosabati bilan turli fikrlar qamrab olgan.

Dunyo siyosatida katta rol o‘ynovchi davlatning bosh vaziri nima uchun aynan Qozog‘istonga kelgani va bu tashrif mamlakatga nimalar olib kelishi mumkinigi muhokama qilingan.

Qozog‘istondagi inson huquqlari va so‘z erkinligi kabi bosh og‘riqli mavzularga jamoatchilik tomonidan munosabat bildirilgan.

"Kazaxstanskaya pravda" gazetasi Kemeronning safarini "tarixiy" deya baholagan va ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlik borasida shartnoma imzolanganiga e‘tibor qaratgan.

Rossiyada chop etiladigan "Nezavisimaya gazeta" esa "Britan sheri Kaspiyga sakradi", deya sarlavha qo‘ygan va "Devid Kameron G‘arb uchun Qozog‘istonni kashf qildi", deya fikr bildirgan.

Gazetaga intervyu bergan qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayev, G‘arb Qozog‘istonning Rossiya ta‘siri ostiga tushib qolishidan xavotir bildirayotgani va buning oldini olish uchun qozoq rahbariyati bilan yaqin aloqalarni o‘rnatishga harakat qilayotgani haqida gapirgan.

Forbes.kz web sahifasi Kemeron Afg‘oniston masalasi bo‘yicha mintaqadagi muhim davlat O‘zbekistonni emas Qozog‘istonni tanlash orqali uchta quyonni bir o‘q bilan urishga harakat qilganini yozadi.

"Birinchidan, afg‘on omilini hisoga olgan holda xavfsizlik masalasini gaplashish. Ikkinchidan, London va Vashingtonda Rossiya "troyan oti" deya ko‘riladigan Bojxona ittifoqiga Qozog‘istonning munosabatini chamalash. Uchunchidan, Britaniyaning biznes qiziqishlarini qo‘llab quvvatlash" uchun Kameron aynan Qozog‘istonni tanlagani aytiladi.

Kameronning tashrifiga muxolifatchilarning ijtimoiy tarmoqlarida ham munosabat bildirilgan.

Qozog‘istonlik siyosatchi Amirjon Qo‘sanov Kameron Oqo‘rdaga inson huquqlari himoya qilish va demokratiya borasida bosim o‘tkaza oladimi, shaklida savol qo‘yilishiga qarshiligini yozgan.

Unga ko‘ra, Qozog‘iston mustaqil davlat va hech qanday davlat unga nima qilish kerakligini ko‘rsatishga haqqi yo‘q.

"Biroq Qozog‘iston OXHTning a‘zosi va har doim ushbu tashkilotning inson huquqlari borasidagi hujjatlarini imzolab kelgan. Mana majburiyatlarni talabilish kerak. Qozog‘istonda demokratiya, qozog‘istonliklar tomonidan o‘rnatiladi", - deydi Amirjon Qo‘sanov.

Yana bir muxolifdagi siyosatchi Serikjan Mambetalin, ikki soat davomida BBC yangiliklarini o‘rganini, ammo Qozog‘iston va Kameron haqida hech narsa aytilmaganini yozadi.

"Britaniyaning jamoatchilik televideniyasi bosh vazir tashrifini hatto eslashni ham xohlamayapti", - deydi Mambetalin.