Test sinovlari: "X variant", "kalla" va "parovoz"lar

Image caption Bu yil mamlakat oliygohlariga 60 mingga yaqin talaba qabul qilinishi kutilmoqda

1994 yilda test sinovlari joriy etilgan vaqt, birinchi navbatda, ta‘lim tizimidagi tanish-bilishchilik va korruptsiyaga chek qo‘yishi aytilgandi.

Ammo oradan ikki yil o‘tar-o‘tmas, test markazidagi qallobliklarga doir yirik jinoyat ishi tergov qilinib, markaz direktorining o‘rinbosari uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etildi va ta‘lim sohasi uchun mas‘ul bosh vazir muovini lavozimidan chetlatildi.

Ammo kirish imtihonlaridagi qallobliklar haqidagi gap-so‘zlar tingani yo‘q.

Huquqshunoslik instituti singari nufuzli oliy o‘quv yurtlarining "qancha turishi" esa xalqning og‘zida.

Muhim tadbir

Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi umumiy, shuningdek, oliy ta‘limning ham saviyasi keskin tushib ketgani, soha korruptsiya botqog‘iga botgani aytiladi.

Bolalar mehnati, talabalarning turli-tuman yumushlarga jalb etilishi esa ahvolni yanada og‘irlashtirgan.

Ammo shunga qaramasdan, yildan-yilga oliy ta‘lim olishni istayotganlar soni kamayayotgani yo‘q. Aksincha, raqamlarga qaraladigan bo‘lsa, ko‘paymoqda.

Joriy yilda mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlari 60 mingga yaqin talabalarni qabul qiladi.

Oliy ta‘limga bo‘lgan talab kirish imtihonlari yoki test sinovlarini mamlakat hayotidagi eng muhim tadbirlardan biriga aylantirgan.

Barcha-militsiyadan tortib, maxsus xizmatlargacha test sinovlariga jalb etiladi.

Kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadigan 1 avgust kuni mobil aloqasidan foydalanuvchilar bir necha soatga tarmoqdan uzib qo‘yiladi.

Yangi va yangi choralarni ko‘rishga undayotgan narsa esa, aslida eski- hammaga tanish poraxo‘rlik va korruptsiyadir.

Image caption Militsiya va xavfsizlik xizmatlarining ishtiroki sinovlarda adolatni kafolatlamaydi

"Parovoz"lar parvozi

Har yili 1 avgust kuni u yoki bu oliy o‘quv yurtini SNB yoki niqobliklar bosgani, o‘qituvchilar va mas‘ul shaxslarning hibsga olingani haqida xabarlar tarqaladi.

Shu kabi bosqinlarning eng so‘nggisi o‘tgan yili Buxoroda kuzatilgan. Hodisaga guvoh bo‘lgan buxorolik talabalardan birining aytishicha, 1 avgust kuni erta soatlarda Buxorodagi mehmonxonalardan biriga bosqin uyushtirilgan.

Aytilishicha, u yerda maxsus aloqa vositalari bilan jihozlangan markaz mavjud bo‘lgan.

"U yerdagilar mobil telefonlari o‘chirilgan payti ham aloqa qilish imkoniga ega bo‘lishgan. Bu haqda keyinroq Milliy Xavfsizlik Xizmati oliy o‘quv yurtlari mas‘ullari va o‘qituvchilar uchun brifing o‘tkazgan", - deydi kirish imtihonlaridagi qallobliklarni o‘rgangan talaba va mustaqil blogger.

Test sinovlarida qo‘llanadigan usullarni, aftidan, "yomon saqlangan sir", deb aytish mumkin. Chunki oddiy talabalarning ko‘pchiligi bu usullardan yaxshi xabardor.

"Abituriyent bilan birga, test sinovlariga "parovozlar" ham kiritiladi. Ular soxta hujjatlar bilan kirishadi yoki o‘z shaxslarini tasdiqlovchi hujjat bo‘lgani taqdirda ham, gaplashib qo‘yilgan abituriyent uchun testlarni yechib chiqishadi. O‘sha testlarni olib chiqadigan alohida domlalar, Milliy Xavfsizlikdan alohida xodimlar bo‘lishadi. Bularning hammasi avvaldan gaplashib, kelishilgan holda amalga oshiriladi", - deydi buxorolik talaba.

Buxorolik talaba tasvirlab bergan usullar BBC suhbatlashgan Toshkentdagi davlat test sinovlariga yaqin manba‘ bergan ma‘lumotlarga to‘g‘ri keladi.

Nomi oshkor etilishini istamagan manba‘ning aytishicha, favqulodda choralar va Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlarining nazorati ostida o‘tadigan test sinovlarida to‘rtta muhim, kalit so‘zlar bor.

1. "Shpargalkalar" - imtihon kuni tushadigan savollarning qisqartirilgan varianti, ya‘ni savollarning va to‘g‘ri javoblarning bosh harfi qisqartirilgan holda imtihondan bir kun oldin yoki imtihon kuni ertalab "ayrim shaxslar" tomonidan chiqariladi. "Shpargalkalar" imtihon kuni abituriyent bilan birga olib kiriladi.

2. "X-variant" - imtihon kuni tushadigan savollarning aksariyat qismi imtihondan 10 kun yoki bir hafta oldin "kimlardir" tomonidan chiqariladi. "X-variant" - imtihon savollari va javoblarining kengaytirilgan, ya‘ni tushunarli bo‘lgan holati. Undagi savol va to‘g‘ri javoblarni imtihondan oldinroq yodlab olish imkoniyati bo‘ladi.

3. "Kalla" - imtihonga kirishi kerak bo‘lgan abituriyentning o‘rniga undan ko‘ra bilimli bo‘lgan "abituriyent"ni kiritib yuborish. Bunda imtihonga kirayotgan abituriyentga o‘xshash bo‘lgan soxta "abituriyent" topiladi va uni imtihonga tayyorlanadi. Ana o‘sha soxta "abituriyent"ga ham soxta xujjat tayyorlanadi. U ana o‘sha soxta xujjat bilan birga, aslida imtihonga kirishi kerak bo‘lgan abituriyentning o‘rniga imtihonga kiradi va test topshiradi.

4. "Parovoz" - "parovoz" ham hamma abituriyentlarga o‘xshab hujjat topshiradi. Biroq imtihon topshiriladigan kuni o‘zining testiniemas, balki auditoriyadagi belgilangan abituriyentlarning testlarini yechib beradi.

Ammo ta‘lim mulozimlari bu kabi usullarning mavjudligi yoki ularga biron-bir shaklda aloqalari borligini qat‘iyan rad etishadi.

Oliy Ta‘lim vazirligining mas‘ul mulozimi BBC bilan bu haqda suhbatlashishdan bosh totdi.

Andijon Davlat Universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Raimjon Aliyev esa, oddiy talabalarga ma‘lum bo‘lgan kirish imtihonidagi qallobliklardan bexabar ekanini aytadi.

"O‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyent hech kimga bog‘liq bo‘lmagan tarzda, o‘z bilimi bilan test ishlab chiqadi. Hech kim uning ballini ko‘tarib yoki tushirib qo‘ymaydi. Tizim komyuterlashtirilgan. Menimcha, har - xil usullar, bu-odamlarning gapi bo‘lsa kerak. Chunki bizda hozirgacha bunday holat uchramagan. Universitetimiz jamoasi unday narsalarga qiziqmaydli ham", - deydi Andijon Davlat Universiteti prorektori.

Kambag‘alning bolasi qachon o‘qishga kiradi?

O‘tgan yili o‘z kuchi bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy Universitetga kirgan va byudjet hisobidan ta‘lim olayotgan talabalardan biriga ko‘ra, test sinovlarida bilimi yetarli bo‘lmagan abituriyentning bahosini ko‘tarib qo‘yish yo‘llari bo‘lishi mumkin, ammo tizim kompyuterlashtirilgani uchun bilimli abituriyentni sinovlardan yiqitish qiyin.

"Agar abituriyent haqiqatan ham yaxshi tayyorlangan bo‘lsa, kirib ketadi. Eng muhimi-uning bilimi boshqa yo‘llar bilan kiradiganlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lishi kerak", - deydi Alisher ismli talaba.

Ammo bilimli abituriyent uchun adolatga erishish unchalik oson emas.

Anglashilgani- test sinovlarida qallobliklar bois, kirish ballari ko‘tarilib ketadi. Va orada halol yoki kambag‘alning bolasi qanchalik bilimli bo‘lmasin, sun‘iy ravishda ko‘tarilgan yoki pora evaziga ko‘tarib qo‘yilgan bahoga erisha olmaydi.

Biron aksilik yuz berib, "X variant" ish bermay qolgan payti, ko‘plab oddiy odamlarning farzandlari o‘qishga kirib ketgan hollar talaygina.

Jumladan, Buxoro shahrida o‘tgan yili xuddi shunday bo‘lgan.

"Parovozlar" kirolmagani uchun ballar juda past bo‘ldi. Natijada ko‘pgina oddiy odamlarning bolalari o‘qishga kirib ketdi", - deydi buxorolik blogger.

Kontrakt to‘lovlari

Davlat byudjeti hisobidan belgilangan o‘rinlarning yildan-yilga kamayib borishi ota-onalar uchun ta‘lim xarajatlarining ortishini anglatadi.

Hukumat har safar oylik va nafaqalar miqdorini oshirarkan, talabalarni ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam sifatida alohida urg‘ulaydi.

Ammo talabalarning ko‘pchiligi davlat emas, balki o‘zlari, aniqrog‘i, ota-onalari hisobidan himoyalanadilar.

Kontrakt to‘lovlari bilan ota-onalarning real daromadlari o‘rtasidagi tafovut qanchalik katta bo‘lmasin, ta‘lim mulozimlari kontrakt pullarining katta qismi talabalarning o‘zlariga stipendiya sifatida qaytarilishini urg‘ulashdan charchashmaydi.

Andijon Davlat Universiteti prorektori Raimjon Aliyevning aytishicha, bu to‘lovlarning katta qismi talabalarning o‘zlariga stipendiya shaklida qaytariladi.

"Yildan-yilga ijtimoiy muhofaza maqsadida oyliklar va stipendiyalar oshib borayapti. Ota-onalar kontrakt to‘lovlarining katta qismi talabalarga stipendiya shaklida qaytarilishini yaxshi bilishadi. Shuning uchun men ota-onalar tomonidan jiddiy e‘tirozlarni ko‘rmadim", - deydi prorektor.

Shu yil boshidagi chiqishlaridan birida Prezident Islom Karimov xorijlik diplomatlar qarshisida gapira turib, "agar O‘zbekistonning demokratiya yo‘lidan borishiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsangizlar, bizning yoshlarimiz, kollej va oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan gaplashing", - degan edi.

Ammo tahlilchilarga ko‘ra, repressiv tuzum va korruptsiyalashgan ta‘lim tizimi demokratiyaga yo‘l berishi qiyin.